Ushbu davrni va ushbu mavzuni o‘rganish jarayonida ko‘nglimga kelgan bir fikr bilan xuddi shu o‘rinda o‘rtoqlashishni lozim topaman.
Men maktabda va keyinchalik Samarqand hamda Moskva universitetlarida tahsil olganimda bir hodisaga hayratlanardim, ammo chuqurroq mulohaza etmagandim. Gap shundaki, «inqilob dohiysi» Vladimir Lenin Rossiyada inqilob qilishdan oldin, Ovro‘poda uzoq faoliyat olib boradi. U turli pasportlar bilan qiyofasini va ismini o‘zgartirgan holda turli mamlakatlarda marksistik uyushmalar tuzib, gazeta va risolalar chop etadi, Rossiyadagi marksistik tashkilotlar bilan yaqin aloqada bo‘ladi, hattoki xorijdan turib, Rossiyadagi partiyasining tashviqiy va terroristik faoliyatiga rahbarlik ham qiladi.
Josuslik va razvedka tizimi mahorat bilan ishlaydigan Ovro‘poda buning imkonini Lenin qanday topdi ekan? Nahotki, Ovro‘po mamlakatlarining razvedkasi, xavfsizlik xizmatlari o‘z mamlakatlari hududida chet ellik inqilobchi tashkilotning bu qadar keng faoliyatidan bexabar bo‘lgan bo‘lsalar?!
Bugunga kelib, sotsializm qulagach ayon bo‘ldiki, Lenin Ovro‘po mamlakatlaridan, xususan, Olmoniya hukumatidan madad, katta miqdorda pul olib turgan, ushbu mamlakatlar uning faoliyatiga keng yo‘l ochib berganlar. Uning Ovro‘podagi «yashirin faoliyati» haqidagi madhiyalar sho‘rolar tashviqotchiligining mahsuli, xolos. Xo‘sh, nega Ovro‘po Lenindan inqilobchi yasadi?
Ma’lumki, Rossiya Birinchi Jahon Urushida Olmoniya bilan urushayotgan qudratli saltanat edi. Uning qudrati Ovro‘poni haqli xavotirga solardi. Rossiyani urushda yengolmagan mamlakatlar uni ichidan yemirishga qaror beradilar va 1848 yilda Olmoniyada inqilob qilaman deb muvafaqqiyatsizlikka uchragan marksizmni Sharqqa «eksport» qiladilar. Tomirida qalmoq va nemis qoni oqqan Vladimir Leninni Nikolay podsho davlatini qulatishga jalb etadilar.
Marks nazariyasiga ko‘ra sotsialistik inqilob kapitalizm rivojlanib, «so‘nggi va yuqori bosqichi» bo‘lgan imperializmga o‘tgan, sinflar antogonizmi kuchaygan mamlakatda yuz berishi kerak edi. Ovro‘po Marks nazariyasiga zid ravishda inqilobni rivojlanmagan, agrar Rossiyaga yo‘lladi va bu uchun iroda va mablag‘ni ayamadi. Haddan ziyod ko‘p qonlar evaziga bo‘lsa-da, Rossiyada «inqilob» atalgan to‘ntarish amalga oshdi. Sotsializm hokimiyat tepasiga keldi.
Gitler fashizmining hokimiyat tepasiga kelishi ham Ovro‘poning shunga o‘xshash yana bir harakatidir. Ma’lumki, Olmoniyaning bevosita ishtiroki bilan Nikolay podshoga qarshi hokimiyat tepasiga kelgan bolshevizmning o‘zi Lenin va, ayniqsa, Stalin zulmi ostida XX asrning 30-yillariga kelib kuchli, uyushgan totalitar davlatga aylanadi hamda yana Ovro‘poga xavf sola boshladi.
Qolaversa, sovetlarning mafkurasi Ovro‘poga yoyila boshladi. Xususan, Ernest Telman rahnamoligida nemis kommunistlari Olmoniyada katta siyosiy kuchga aylana boshladilar. Ularning soni ma’lumotlarga ko‘ra 9 milliondan osha boshladi. Rossiya uchun Ovro‘po tomonidan o‘ylab topilgan «kommunizm sharpasi» endi Ovro‘poning tepasida ham keza boshladi.
Ayni shu paytda Adolf Gitlerning pivoxonalarda kommunistlarni tutib olib, urayotgani bilan nom chiqargan jangarilardan iborat bo‘lgan partiyasi paydo bo‘ldi. Garchand kuchli mavqega ega bo‘lmasa-da, bu partiya hokimiyat egalari va katta puldorlar yordamida Olmoniyada davlat tepasiga keltirildi. Xalqaro siyosat va iqtisodning «gromeyster»lari shaxmat taxtasida Stalinga qarshi Gitlerni surdilar. Gitler hokimiyatga kelgan zahoti Reyxstag binosiga o‘t qo‘ydi va buni kommunistlarga to‘nkadi.
O‘sha kechasiyoq kommunistlar qamoqqa olinib, qirila boshladi. (Kommunist Stalinning keyinchalik aynan shu Gitler bilan shartnoma tuzgani hayratlidir! Rostini aytganda, Stalinni kommunist ham atab bo‘lmaydi – u millionlab kommunistlarni qatli om qilgan bandit edi). Taqdir o‘yinini qarangki, Ovro‘po sovetlarga qarshi qo‘yish uchun hokimiyatga keltirgan Gitler fashizmi kuchayib, yana Ovro‘poning o‘ziga xavf sola boshladi.
Shunday qilib, mening nazarimda, ikki bandit – Gitler va Stalin, sotsializm va fashizm XIX-XX asr Ovro‘po siyosatining mahsulidir. Bu jahon xalqlariga qimmatga tushgan, qanchalab xalqlarni xonavayron qilgan, jahonnning tadrijiy taraqqiyotiga zarar yetkazgan hodisa siyosatda nohalol o‘yinlarning oxir-oqibat inqirozga olib kelishini ko‘rsatadi hamda siyosatning demokratik yo‘ligina haqqoniy ekanini isbotlaydi.
Stalin yovuzlikning imperiyacha zavq-shavqida Gitlerdan qolishmasdi, faqat u asosan sinfiy fashizm amaliyotchisi sifatida ishladi, nazariyotchi Gitler esa o‘zidan so‘ng «Mayn Kampf» («Mening jangu jadalim») nomli irqiy fashizmning siyosiy dastur kitobini ham qoldirdi. Stalindan farqli o‘laroq Gitler o‘qimishli jallod edi. Uning saltanati ramzi bo‘lmish qayishqoq xoch – «svastika» bir necha ming yilliklar, asrlar qa’ridan - qadimiy hindu tariqatlaridan olingan.
Gitler maxfiy tariqatlardan, yashirin birodarxonalardan xabardor bo‘lgani, o‘zi ham sirli jodugarliklarga baxsh etilgani sir emas. Uni olmonlar payg‘ambari Votanga tenglashtirishardi, xalq maydonlarda xaloskor sifatida uni ko‘z yoshlari bilan, titrab-qaqshab tavof qilardi. U olomon ruhi bilan o‘ynasha oladigan, odamlarni sehrlashga qodir jodugar edi. Axir, dunyoga ne-ne buyuk zotlarni bera olgan, qadimiy tarixga, ulkan madaniy-tarixiy merosga ega bo‘lgan nemis xalqini bu shayton o‘z yo‘rig‘iga istagancha yurgiza oldi-ku.
Albatta, u o‘zini kamida avliyo deb bilardi. Gitler ham Stalin kabi ruhiy xasta ekani barobarida dahriy ham edi, ya’ni mavjud dinlardan hech birini tan olmasdi. Stalinning dini – markscha proletar diktaturasi, Gitlerning dini – natsional fashizm edi. Gitler hatto Vatikanni vayron qilmoqchi edi. Uning «g‘alaba»dan so‘ng Rim papasini dabdabali liboslarini kiydirib Vatikan darvozasiga osish niyati bo‘lgani ham ma’lum.
Maqsadi shuki uning «din»i – natsizmdan boshqa din, uning o‘zidan boshqa iloh bo‘lmasligi kerak. U hayvonlarni o‘ldirib, yeyishni gunoh hisoblardi, millionlab odamlarni o‘ldirgan, yoqqan, ottirgan qassob – Gitler go‘sht iste’mol qilmasdi, go‘shtli ovqat yeydiganlarni «murdaxo‘rlar», deb mazaxlardi, go‘sht qaynatib, pishirilgan sho‘rvani «o‘laksa choyi» deb atardi. U chekmasdi ham, ichmasdi ham. Stalinning mushtukda tamaki chekib turgan suratini chop qilishni Olmoniyada taqiqlab qo‘ygan edi.
Sotsializm oq poshsho zulmidan to‘ygan xalqlarning erku-ozodlik, yeru-mulk orzusidan, taloto‘pdan bezib qolgani-yu, tartib istaganidan foydalanib, inqilob natijasida hokimitga kelgani kabi Gitler fashizmi ham qashshoqlikdan, beqarorlikdan to‘ygan nemis xalqiga barqarorlik, tartib va’da qilib hokimiyatga keldi. Nemis xalqi Gitlerning partiyasini xaloskorday qabul qildi.
Eng hayratlanarlisi shuki, Gitler demokratik saylovlar natijasida hokimiyatga kelgan. Shuning uchun saylovlarning o‘zigina demokratiyaning kafolati bo‘ladi, deb o‘ylash kulgilidir. Saylanganlar harakatlari xalqqa ko‘rinib turishi, erkin matbuot, xalq vakillaridan iborat parlamentning real hokimiyati, imkon qadar uzoq muddatga tayinlangan mustaqil sud tizimining mavjudligi kabi institutlarsiz demokratik saylovlar ko‘zbo‘yamachilik, xolos.
Fashizm hamma mamlakatlar ham orzu qiladigan qayishqoq va samarali iqtisod yaratishga intiladi, ammo bu intilishni u boshqa yerlar, boshqa xalqlarni bosib olish, ularni qullarcha ezib ishlatish evaziga amalga oshirmoqchi bo‘ladi. Fashizm o‘z xalqini baxtli qilmoqchi, ammo buning evaziga boshqa xalqlar zabun bo‘lmog‘i kerak.
Buning uchun fashizm xalqidan zarur jipslik va yakdillikni talab qiladi, oqibatda ijodkorlikning asosi bo‘lgan hurfikrlikni, tashabbuskorlikni yo‘qotadi, o‘lik hayot tarziga olib keladi. Hur ijodkorliklarsiz, erkin mehnatsiz iqtisod og‘irlashaveradi, fashistik tuzum esa talvasa bilan badtar barqarorlik, jipslik talab qilib, zulmni avjiga oldiradi… Oqibat shulkim, fashizm inson vujudidagi rak hujayrasi kabi bora-bora ruhni ham, tanni ham yemiradi hamda o‘zi ham halok bo‘ladi.
Gitler irqiy fashizmi bilan Stalin sinfiy fashizmining mohiyati bir bo‘lsa-da, leksikasi, niqobi, libosi farq qilardi. Gitler o‘z maqsadlarini yashirib o‘tirmaydi. U hatto «Mayn Kampf» kabi kitob yozib, nemis xalqi «oliy irq»ligini, maqsadi – «sharqiy kengliklarni egallash» ekanini, buning uchun boshqa xalqlarni qul qilish zarurligini, boshqa xalqlar faqat «ishchi kuchi sifatidagina qadrli» ekanini, bu xalqlarni «madaniy qoloq holda saqlash» lozimligini, «ularning ko‘payishiga, tug‘ilishiga yo‘l qo‘ymaslik» kerakligini ochiq bayon qiladi.
Umuman, Gitler ko‘p gapirishni yaxshi ko‘rardi, hattoki u bunday kayf qilardi. Uni yaqin bilgan Albert Shpeyer, Otto Ditrix va boshqa maslakdoshlari «gapdonlik egoizmi» (Redeegoizmus) uning ajralmas va patologik belgisi bo‘lganini qayd etganlar. Gitlerning bu odati ba’zan avjiga chiqar, darg‘azab bo‘lgan paytlarida u jazavaga tushar, oyoqlari bilan yerni tepar, mushtlashdan va qo‘mondonlarga qarab qo‘liga tushgan narsani otishdan ham toymasdi.
«Iblisona fyurer» haqida general-polkovnik Geynts Guderian shunday yozadi: «Mening qarshimda g‘azabdan qovog‘i shishgan, siqilgan mushtlari tepaga ko‘tarilgan, qaltirab, o‘zini tutolmayotgan kishi turardi… Ayni paytda qichqiriqdan u zo‘riqib ketar, ko‘zlari qinidan chiqar va peshonasidagi tomirlari ko‘pchir edi». Siyosiy qimorboz sifatida Gitler qartalarini ochib o‘ynaydi.
Undan farqli o‘laroq, Stalin, garchand xuddi shunday fashistona siyosatni olib borsa-da, o‘z maqsadlarini niqoblaydi. Qallob siyosiy qimorning dog‘uli o‘yinchisi bo‘lgan Stalinning va sovet davlatining «oliy irqi» – proletariat, sovet fashizmi ham «begona kengliklarni» bosib oladi, ammo buni «ezilgan xalqlarni ozod qilish», deb ataydi. Sovet tuzumi ham hurfikrli kishilarni o‘ldirib keladi, ammo ularni «xalq dushmani» deb ataydi, ommaviy qatag‘on va qirg‘inlarni – «tozalash», birodarkushlikni «partiya va xalq tarkibini yot unsurlardan poklash», deb targ‘ib qiladi.
Sovet tuzumi ham xalqlarni «qoloq, past madaniy saviyada saqlash»ni maqsad qiladi, ammo buni «internatsionalizm», «mazmunan sotsialistik madaniyat yaratish» niqobiga o‘raydi. Sovet xalqi ham «xalqlarning ko‘paymasligi» tarafdoridir, faqat bu g‘ayriinsoniy jallodlik siyosatini «oilani rejalashtirish» shiori bilan bekitmoqchi bo‘ladi.
Gitler fashizmining tig‘i tashqariga yo‘naltirilgan: u nemis xalqini va boshqa xalqlarni qul qilish, mardikor etish, ularning boyliklari, yer-suvlaridan foydalanish hisobiga farovon qilmoqchi bo‘ladi. Lenindan Gorbachevgacha davom etgan sovet fashizmi esa tig‘ini ichkariga ham yo‘naltiradi: xalqini sinflarga bo‘lib, bir sinf – proletariat «manfaatlari uchun» boshqa sinflarni - hunarmandlar, kosiblar, «quloqlar», mulkdorlar, amlokdorlar, ziyolilar, olimlarni goh oshkora, goh zimdan qirib tashlaydi.
Sovet tuzumi ham yaratuvchi emas, boqimanda edi:
- 1917-1925 yillarda Lenin boshchiligida boylar, mulkdorlar talandi, mullalar otib tashlandi, Nikolay poshshodan, Buxoro amiridan qolgan boyliklar yeyildi;
- 1926-1954 yillar davomida Stalin boshchiligida millionlab odamlar qamoqxonalarga tiqildi, mahbuslar tekinga ishlatildi, etnik zahiralar yeyildi;
- 1955-1985 yillar davomida mamlakatning yerosti-yerusti boyliklari: oltin, paxta, neft, qorako‘l teri, nikel va boshqa ma’danlar, xalqning, kelgusi avlodlarning nasibasi bo‘lgan boyliklari ayovsiz qazib, zaminni toriqtirib sotildi, yasama farovonlik uyushtirildi;
- 1985-1990 yillarga kelib, tabiiy boyliklarning ham tagi ko‘rinib qoldi, ximikatlarga to‘la zaminning hosildorligi kamaydi, ekologik vaziyat buzildi, qimmatchilik boshlandi, Gorbachev va Rijkov hukumati mamlakatning hatto urush payti ham tegilmagan yetmish yillik tillo zahiralarini sotib yeyishdi, inqiroz ayonlashgach, «oshkoralik» «jadallashtirish», «qayta qurish» haqida gap boshlandi. Yaratuvchilikka noqobil harbiy-mirshablik sotsializmi quladi. Gitlerni 1945 yilda yenggan mamlakat 1990 yilga kelib quladi, yengildi.
Gitler ustidan g‘alaba – taktik g‘alaba edi, xolos. Strategik g‘alaba emasdi. Chunki xalqning qoni evaziga kelgan g‘alabadan ham sovet tuzumi o‘z siyosiy maqsadlarida - dunyoni «sotsialistiklashtirish»da, samarasiz tuzumni yoyishda foydalandi. Bugun urushda yengilgan Olmoniya mamlakati «g‘olib» mamlakatga yordam bermoqda. Garchand ular himoya qilgan mamlakat – SSSR endi kartalarda ham yo‘q bo‘lsa-da, orden-medallarini shaqirlatib taqib yurgan urush faxriylari kecha o‘zlari nafrat bilan qaragan nemislardan insonparvarlik madadi olishga ko‘z tikmoqdalar.
Shu ma’noda nemis fashizmi – ochiq bosqinchi bo‘lsa, sovet fashizmi o‘z maqsadlarini diltortar shiorlar niqobiga o‘ragan, nafaqat xalqlarning yeru suvlarini, balki qalbini ham kommunistik dogmalar bilan egallashga da’vogar bo‘lgan bosqinchilik fashizmidir. Birovi – 1945 yilda, boshqasi 1990 yilda muqarrar quladi.
Donishmand tarixning xulosasi shuki, adolatga zulm bilan erishib bo‘lmaydi. Agar haqiqat g‘alabasiga inson, xalq ustidan zug‘um o‘tkazish, kuch ishlatish hisobiga erishilsa, bu «g‘alaba» ham jinoyatdir. O‘zga hududlarni bosib olish, o‘zga xalqlarni ezish evaziga baxtli bo‘lsa, o‘ris xalqi xalqi baxtli bo‘lardi. Holbuki, o‘rislardan ko‘ra baxtsizroq xalq bo‘lmaydi. Boshqa xalqlarni o‘rislar ezgan bo‘lsa, o‘rislarni o‘rislarning o‘zi ezdi. Saltanat qurgan bu sho‘rlik xalqning o‘zi ham hamishga ezilib keldi. O‘risning tabiiy hududi Moskov Rusi edi. O‘ris podshohlarining bosqinchilik urushlari tufayli saltanat Boltiq dengizidan Tinch okeanigacha kengaydi va Amerikagacha – Alyaskagacha bordi. O‘rislar fojeasi Rus davlatining ishtahasi ochilib, o‘z hududiy-etnik chegarasidan chiqqan paytda boshlangan.
Bu xalq o‘z hududiga qaytib, tabiiy Moskov Rusi hududida davlat tuzsagina yana urush-janjalsiz, barqaror, baxtli bo‘lishi mumkin. Ovro‘osiyoga mirshablik da’vosidan qanchalik tez voz kechsa, shunchalik o‘ziga yaxshi bo‘ladi. Hatto monarxiyachi tarixchi Klyuchevskiy ham o‘tgan asrdayoq bu hodisani sezib ulgurgandi: «XIX asrning o‘rtalarigacha davlat tashqi hududlari kengayishi xalqning ichki hurriyati o‘sishiga teskari kelmoqdadir… Kengayib borayotgan bosqinchilik faoliyati oqibatida hokimiyat ko‘lami kengaydi, lekin xalq ruhining shavqi pasayib bormoqda.
Yangi O‘rusiyaning tashqi yutuqlari qanotlari bo‘ronda kuchsizlik qilayotgan, shunga qaramay yana to‘fonga tashlanayotgan sho‘rlik qushning ahvoliga o‘xshaydi… Davlat to‘lmoqda, xalq esa so‘lmoqda». Kuchli davlat xalqni kuchsizlashtirish evaziga bo‘lishi mumkin, xolos. Xalqni kuchsizlantirgan davlat ham oxiri qulashga mahkum. Podshohlari istagi bilan boshqa xalqlar qo‘liga zanjir solgan o‘ris xalqi o‘zini ham zanjirband qildi – o‘z erkini topshirib qo‘ydi. Davlatning qudrati xalqning moddiy va ma’naviy qulligi hisobiga oshdi.
Sovet davlati ham dunyoni qo‘rquvga soladigan harbiy-politsiyaviy davlat qurish uchun o‘z xalqini qashshoq mamlakatlar yashash darajasiga tushirdi, osmonga kosmik raketalar uchirdi, ammo qishloqlarda odamlar ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlanmadi, rivojlanish yo‘lidagi dunyoni «chiriyotgan kapitalizm» atadi va uning «chiriyotganini» ko‘rishni istasa, xalqni tashqariga chiqarmadi, yurt chegaralariga esa qulf osib qo‘ydi. Xalq bunaqa «sotsializm»ni orzu qilgan, shunday yashash uchun kurashgan emasdi, chunki qush – qafasni, odam qamoqxonani orzu qilmaydi.
Stalin «sovet xalqining baxt-saodati uchun» shu xalqning 55 million kishisining yostig‘ini quritdi. Odamlarni – «xalq dushmani», butun-butun xalqlarni «dushman xalq» deb surgunu qatag‘on qildi, o‘ldirdi. Gitler o‘z jinoyatkorona faoliyatini «oliy irq baxt-saodati, yozilib yashashi» uchun «kemtik millatlar»ni yo‘q qilishdan boshladi va oqibatda sekin-asta o‘z xalqini ham qul qilib oldi.
Ikki «daho» ham o‘z jinoyatkorliklarini odamlarning yaxshi yashash orzulari bilan bog‘ladilar va «farovon yashash»dan umidvor xalqlar qulga aylanganlarini sezmay qoldilar, chunki nemis xalqining aksariyati Gitler boshqa xalqlarni ularning «yorqin kelajagi uchun» bosib olayotganiga o‘zini ishontirdi va jinoyatga sherik bo‘ldi, sovet xalqining aksariyati ham Stalinning «xalq dushmanlari»ni otayotgani, yurtni «yot unsurlardan tozalayotgani» tufayli baxtli bo‘lamiz, degan umidda edilar, natijada davlat mashinasining bir parchasiga aylandilar. Kimki buning aldovligini seza boshlasa, darrov xalqning haqiqiy dushmani bo‘lgan Stalin tomonidan «xalq dushmani» deb e’lon qilinardi.
(davomi bor)
Karim Bahriyev
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?