10:45 / 01.08.2022
2 574

«Zulm texnologiyasi»: Leninga qattiqqo‘l Stalin kerak edi

«Zulm texnologiyasi»:  Leninga qattiqqo‘l Stalin kerak edi
1920 yilda Lev Trotskiy harbiy kommunizmni e’lon qilgan «Terrorizm va kommunizm» nomli kitobini chop etadi. U demokratiya va parlamentarizm (xalq irodasi mutloqligi), qonun oldida barchaning tengligi tamoyillarini, fuqaroviy huquqlarni inkor etadi, bu aziz g‘oyalarning barini «burjua soxtakorligi» deb ataydi, sinfiy kurashni ovoz berish orqali olib borib bo‘lmaydi, uni kuch bilan olib borish mumkin, degan fikrni ochiq oldinga suradi. Trotskiyning fikricha, terrorni inkor qilish – sotsializmni inkor qilishdir. Bolshavoylar mafkurasiga ko‘ra, maqsadga erishish uchun har qanday vositadan – xalqni o‘ldirish va etik ostiga olib, ezishdan ham foydalanish mumkin.

Lenin fransuzlarning «A la guerre comme a la guerre», ya’ni «urush bo‘lsa, urushday bo‘lsin» iborasini yoqtirardi.

1921 yil bahoriga kelib, Leninning talabi bilan mehnatni harbiylashtirish va oziq-ovqat zahiralarini musodara qilish siyosati bekor qilindi. Ammo bu «burilish» qamchin va qilich tutgan partiya a’zolarining ko‘pchiligiga ma’qul emasdi. Stalin shu kayfiyatlarning ortida turardi.

Frontdan qaytgan askarlar va qochoqlar ham qishloq dehqonlari safiga qo‘shildilar, og‘ir ahvol bolshavoylarga qarshi namoyishlar va isyonlarni yuzaga keltira boshladi. Tambovda va boshqa joylarda kuchli harakatlar qo‘zg‘oldi.

Partiya ichida ham Leninning hokimiyatni «dohiy»ning qo‘l ostida markazlashtirish va harbiylashtirish siyosatiga muxolifat yuzaga keldi. Bu guruh yo‘lboshchisi T.Sapronov Markazqo‘mni «partiya korchalonlarining mayda to‘dasi» deb atagan edi. Ikkinchi tomondan, «ishchi nazorati» payti hokimiyat havosini olgan yangi zolimlar sinfi – A. Kolontay va A.Shlyapnikov boshchiligidagi «ishchi muxolifati» proletariat huquqlarini kengaytirishni, nazoratni kuchaytirishni talab qilgan ovozini baralla ko‘tara boshladi. Ishchilar nomidan inqilob qilgan Lenin endi hokimiyatni proletariat bilan ham bo‘lishishni istamasdi, proletariat esa Leninning partiyasidan yuz o‘gira boshlagandi.

1921 yil 8 martda ochilishi kerak bo‘lgan partiya s’ezdiga oli kun qolganda, Kronshtadtda qo‘zg‘olon boshlanadi, 1917 yilda bolshavoylar tayanchi bo‘lgan dengizchilar va askarlar garnizoni Oktabr nomi bilan «uchinchi inqilobga», ya’ni berahm kommunistik tuzumni – «komissarokratiya»ni ag‘darishga chaqiradi.

Lenin isyonni bostirishga kirishadi. Jo‘natilgan qizil askarlar isyonchi birodarlarini otishdan bosh tortadilar, ammo ularni Moskovdan yo‘llangan Tuxachevskiyning qo‘shini aldab, qo‘rqitib «ko‘ndiradi», qal’a olingach, uning himoyachilari sudsiz va so‘roqsiz otib tashlanadi.

Makkorlikni qarangki, Lenin darhol o‘z zolimona siyosatining muxoliflarini isyonchilar bilan aloqada ayblaydi. O‘z siyosatiga qarshi yuzaga kelgan isyondan ham o‘z siyosatida – mislsiz hokimiyatini yanada mustahkamlashda foydalanadi.

Hokimiyatni ushlab qolish uchun vaqtincha ba’zi bir chekinishlar qiladi – zo‘rlab oziq-ovqat zahiralarini tortib olish o‘rniga mahsulotlardan soliq olishni o‘rnatadi. Mayda va o‘rta ishlab chiqarishda va savdoda tadbirkorlik yuzaga keladi, xorijiy kapitalga yo‘l ochiladi, rublning mavqei barqarorlashadi. Natijada Rossiyada ma’lum darajada erkin savdo qaror topa boshlaydi. Lenin buni yangi iqtisodiy siyosat (NEP) ataydi. Aytish lozimki, bu yangi iqtisodiy siyosat emasdi, Lenin qarshi kurashib kelayotgan kapitalizmning jonbaxsh kurtaklari edi. Lenin ham uni sotsializmi tufayli ado bo‘layozgan mamlakatda taqchillikni tugatish va iqtisodni jonlantirish uchun «boshqa mamlakatlarda inqilob yuz bergunicha» vaqtinchaga kiritgan edi:

«Biz bilamizki, hali boshqa mamlakatlarda inqilob yuz bergunicha Rossiyada faqat dehqonlar bilan murosagina sotsialistik inqilobni qutqarib qolishi mumkin».

Lenin baribir keyinchalik xususiy sektorni tugatish umidida edi. Chunki tuzum allaqachon sanoatni, tashqi savdo va transportni o‘ziga bo‘ysundirgan, iqtisodiy nazorat rishtalarini qo‘lida tutib olgan, xususiy sektor davlat bilan raqobatlasha olmaydi va oxir-oqibatda taslim bo‘ladi, degan harakatda edi.

Isyonlar va inqirozlar ta’sirida Leninning iqtisodni liberallashtirishga doir «kapitalistik» takliflari deyarli muhokamasiz qabul qilindi. Ammo inqiroz o‘tgach, muxoliflar Leninga tashlanib qolishlari mumkin edi. Shuning uchun u iqtisodiy sohada erkinliklar berish barobarida siyosiy sohada nazoratni yanada qat’iylashtirdi. Leninga yana qattiqqo‘l Stalin kerak bo‘ladigan payt keldi.

Lenin Buxarinning Fuqarolar urushi tugagandan so‘ng markazlashtirishning harbiy usullaridan voz kechish va partiyada ichki demokratiyani tiklash talabini quvvatladi, ammo qo‘shib qo‘ydi: «Muxolifatning kuni bitdi, yetadi, muxolifatlardan to‘ydik!».

S’ezdning yakunida Lenin kutilmaganda ikkita yangi rezolyutsiyani qabul qilishni taklif qildi va ular ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ularning biri – «Partiyamizdagi sindikatchilik va anarxistlik og‘ishlari haqida» – kasaba uyushmalarining iqtisodga aralashuvini cheklasa, ikkinchisi – «Partiyaning mushtarakligi haqida» – partiya ichidagi alohida dasturiga ega barcha guruhlarni tarqatish, ya’ni yakkahokimlik o‘rnatishga, demokratik munozaralarni cheklashga, partiyaning ichida muxolifatni yo‘qotishga qaratilgan edi.

Aynan partiyaning ana shu leninona «monolitlashuvi» – ichki tortishuvlarning, oshkora fikr almashuvlarning yo‘qotilishi Stalinning yuqoriga tomon harakatlanishiga, CHKning usuli bo‘lgan terrorni davlatni boshqarishga tatbiq etishiga imkon yaratdi.

Lenin o‘z istaganidan boshqacha fikrlashni yo‘qotishga va partiyani hurfikrlilikning «parchalovchi ta’siri»dan saqlashga qaror qilgan, ammo uning bu intilishi amalga oshishi uchun s’ezdning rezolyutsiyasi yetarli emasdi: buning uchun har kungi, izchil va tinka quritar partiyaviy faoliyatni yuritish kerak edi. Lenin partiya dahosi edi – surunkali ishlarga uning vaqti ham, xohishi ham yo‘q edi. Trotskiy, Kamenev, Zinovev, Buxarin – sobiq emigrantlar, ziyolilar, hozirda ulkan mafkurachilar, yo‘lboshchilar edilar, ularning bunday bardoshtalab ishlarga xohishlari ham, uquvlari ham yo‘q edi. Siyosiy Byuroning beshinchi a’zosi bo‘lgan Stalin aynan shu ish bilan – markaz va joylardagi mahalliy partiya idoralari bilan aloqalar o‘rnatish bilan Leninning ishonchini qozongan edi.

Stalin millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissari lavozimida ishlab, mahalliy narkomatlarni o‘z tizimiga ko‘ra shakllantirib ulgurgan, u Siyosiy Byuro va Markazqo‘mning joylar bilan ishlovchi a’zosi bo‘lgani uchun Ukraina, Kafkaz va O‘rta Osiyoning mahalliy rahbarlari aynan Stalin bilan aloqada edilar. Buning ustiga u 1919 yilda O‘rolga boradi va u yerdagi 4766 sho‘ro davlat xizmatchilarining deyarli barchasi chorizm byurokratiyasi vorislari ekanini, boshqaruv apparati korrupsiya va beboshdoqlik kasaliga chalinganini, markaziy hukumat ularni tekshirishi uchun samarali vosita ham yo‘qligini «aniqlaydi», ishchi-dehqon guruhlari orqali faoliyat yuritadigan «nazorat-taftish komissiyasi» tuzishni taklif qiladi, Leninni bunga ko‘ndirib, o‘zi uchun ikkinchi davlat lavozimini – o‘z vahimasi va taklifiga ko‘ra yangi tuzilgan Rabkrin komissari lavozimini ham oladi.

Umuman, sovet davlatining byurokratiya, korrupsiya, beboshdoqlik, suiiste’molchiliklar bilan kurashi bu totaolitar davlatning butun umri davomida dolzarb bo‘lib keldi – byurokratiya va korrupsiya bilan kurash ham tinmadi, byurokratiya va korrupsiya ham gullab-yashnayverdi. Chunki bu davlatning o‘zi byurokratik davlat edi, uni byuro – KPSSning Siyosiy Byurosi boshqarardi. «Ishchi-dehqon nazorati» (Rabkrin), «firqa nazorati» (partiyniy kontrol), «xalq nazorati» (narodniy kontrol) nomigagina mavjud edi, hamma masalalar partkomlar orqali jamoatchilik ko‘zidan panada, byurokratik tarzda hal qilinardi. Faqatgina demokratik huquqiy davlatdagina, ochiq fuqarolik jamiyatidagina korrupsiya va to‘rachilikka qarshi samarali kurashish mumkin, xolos.

Lenin byurokratiyaga qarshi «proletariat diktaturasi»ni qo‘ymoqchi edi. Uning nazdida bu diktatura «yangi sinfning butun qudrati eski odatlar, mayda ishlab chiqarishda bo‘lgan burjuylarga qarshi eng izchil va eng shafqatsiz urushi»dan iborat deb hisoblardi.

Yana u shunday yozadi: «Partiyamizdagi qat’iy, temir intizomsiz, uni ishchilar sinfining butun ommasi tomonidan, undagi fikrlovchi, halol, fidoyi, ta’sirchan, o‘z ortidan qoloq qatlamlarni ergashtira oladigan ishchilar ommasi tomonidan to‘la va astoydil qo‘llab quvvatlanishisiz bolshavoylar hokimiyatni ushlab qola olmasdilar».

Lenin o‘z tamoyilini aniq ifodalaydi, ammo uni qanday yo‘l bilan amalga oshirish kerakligini tasavvur etolmaydi.

Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Zulm texnologiyasi»: Leninga qattiqqo‘l Stalin kerak edi