08:10 / 01.08.2022
1 458

«Zulm texnologiyasi»: Fuqarolar urushi va millionlab qurbonlar

«Zulm texnologiyasi»:  Fuqarolar urushi va millionlab qurbonlar
Shimoliy Kavkaz Stalinning zimdan harakatlari tufayli Trotskiy siyosatining g‘ildiragiga tayoq tiqa boshlaydi. Stalin bilan bundan o‘n yil oldin zavodda partiya agitatori bo‘lgan, Boku qo‘mitasi a’zosi Voroshilov bog‘liq edi. Harbiy tajribasi bo‘lmasa-da, Stalin uni 10-armiyaning qo‘mondoni etib tayinlanishiga erishadi.

Ushbu armiyaning siyosiy komissari etib Stalinning Boku qo‘mitasidan bo‘lgan Sergo Orjonikidze tayinlanadi. Voroshilov, Orjonikidze bilan «unter-ofitser» Budyonniy Stalin tuzgan mafiyaning dastlabki a’zolari edi. Stalin o‘z shotirlari bo‘lgan bu uchlikni sekin-asta hokimiyat cho‘qqilariga ko‘tarishga kirishdi va eng baland cho‘qqini Lenindan olishga zamin tayyorlay boshladi. Voroshilov keyinchalik Trotskiyning o‘rniga harbiy komissar bo‘ldi, Orjonikidze stalinona industriallashtirish dasturini amalga oshirdi va Markazqo‘m a’zosi bo‘ldi. Budyonniy Sovet Ittifoqi Marshaliga aylandi.

1918 yilda bu guruh Markazning buyruqlarini bajarishdan bosh tortib, tartibsizliklarni keltirib chiqardi va Stalin Leninga shoshilinch telegramma yo‘llab, vaziyatni mo‘’tadillashtirish uchun o‘ziga «alohida harbiy va fuqaroviy vakolatlar» talab qildi. Avtoritarizmning bu sevimli uslubini Stalin keyin ham ko‘p qo‘llaydi: o‘zi biror bir terroristik akt, isyon, to‘polon uyushtirtiradi va vakolatini kengaytiradi, haddan oshayotgan zulmini «to‘polonning oldini olish» bilan oqlaydi.

Stalin talab qilgan hokimiyatini oladi: Shimoliy Kavkaz Harbiy Kengashining raisi etib tayinlanadi. Stalin Janubiy front qo‘mondoni Sitinning buyruqlariga ham, Moskovning ko‘rsatmalariga ham bo‘ysunmaydi. Oqibatda Trotskiy Lenindan Stalinni chaqirib olishni talab qiladi.

Maxsus poyezd bilan uning huzuriga borgan Sverdlov Stalinni poytaxtga qaytarib keladi. Stalin Inqilobiy Harbiy Kengash a’zosi etib tayinlanadi. Trotskiy partiyaning mafkurachisi va notig‘i edi, buning ustiga u Qizil Armiyaning tuzuvchisi va Fuqarolar urushidagi «g‘alabaning tashkilotchisi» sifatida nom qozondi. Stalin buni ko‘tara olmasdi va hasad o‘tida yonardi. Lenin Stalin va Trotskiyni yarashishga chaqiradi. Trotskiy uni kechirmaydi. Stalin ham aslida kechirmaydi, ammo yo‘qotish fursati kelguncha murosa qilish uchun Trotskiyga qayishadi.

Stalin 1919 yil yanvarida Sharqiy frontga yo‘l oladi, mayda Petrograd mudofaasi bilan shug‘ullanadi, keyinchalik Denikinga qarshi Janubiy frontga tashlanadi.

Stalin, bir tomondan, Lenin uchun ishonchli va qat’iyatli odam sifatida qadr topadi, ammo, ikkinchi tomondan, u bilan yelkama-yelka ishlash mushkulligi, uning o‘chkorligi, o‘zini hammadan baland qo‘yishi ayon bo‘la boradi.

1920 yilning mayida polyaklarning armiyasi Ukrainaga bostirib kiradi va Kiyevni bosib oladi. Qizil Armiya polyaklarni Ukrainadan haydab chiqaradi va Buga qirg‘og‘iga chiqadi. Leninning qo‘shinlari daryoni kechib, polyaklarning yerlariga hujum qilsalarmikin yoki shu yerda to‘xtasalarmikin?! Stalin ham, Trotskiy ham bu qaltis o‘yinga qarshi edilar. Faqat Ovro‘poni ham sotsialistiklashtirmoqchi bo‘lgan Lenin bu urush tarafdori edi. Siyosiy Byuroda bu masala ovozga qo‘yilganda, Trotskiy ham, asli polyak bo‘lgan Dzerjinskiy va Radek ham qarshi chiqadilar, Stalin esa… kutilmaganda Leninga qo‘shiladi va Varshavaga yurish boshlanadi.

Harbiy hujumlarga chor armiyasining sobiq poruchigi Tuxachevskiy rahbarlik qiladi. Janubiy-g‘arbiy harbiy guruhga Siyosiy Byuro vakili etib yuborilgan Stalin kuchlarni Tuxachevskiyga yordam berishga tashlash haqidagi buyruqni bajarishga kechikib kirishadi, so‘ng umuman inkor etadi. Qizil Armiya yengiladi. Tuxachevskiy va Stalinning aybi masalasi yillar bo‘yi munozaraga sabab bo‘lib keladi hamda Stalin, hokimiyatga kelgach, 1930-yillarda Tuxachevskiyni ezg‘ilaydi.

Stalin mag‘lubiyatdan so‘ng Moskovga chaqiriladi. Shunga qaramay, u partiyaning VIII-s’ezdida Siyosiy Byuro va Tashkiliy Byuro a’zosi bo‘ladi, uning tashabbusi bilan hukumat muassalarini nazorat qiluvchi ishchi-dehqon inspeksiyasi – Rabkrin tuziladi. Stalinning faolligi, o‘zini ayamasligi, qat’iyati bunga sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak. Leninga Stalinning shafqatsizligi o‘shanda kerak edi, keyinchalik u o‘limi oldidan qilgan vasiyatida Stalinning aynan shu «qo‘polligi»ni eslab, uni Bosh kotiblikdan chetlashtirishni vasiyat qilgan edi.

Fuqarolar urushi sovet tuzumining g‘alabasi bilan tugagan bo‘lsa-da, buning uchun qanchalar qurbonlar berilgani mamlakatning butun tarixiga ayanchli ta’sir ko‘rsatdi. Ingliz olimi Alan Bullokning hisob-kitoblariga ko‘ra: «Fuqarolar urushi va undan keyingi ochlik davrida 15 milllion erkak, ayol va bolalar halok bo‘ldi, bunga Birinchi jahon urushi yillarida halok bo‘lganlar qo‘shilsa, qurbonlarning umumiy soni 16-17 millionga boradi. Qayd etish ma’lumotlariga qaraganda, 1923 yilga kelib Rossiya aholisi asr boshidagi taxminlar bo‘yicha kutilganidan taxminan 30 million kishiga kam bo‘lgan» . Ya’ni Lenin uyushtirgan inqilob va Stalinning fuqarolar urushi tufayli 1905-1923 yillarda 30 million umr xazon bo‘lgan. Millionlab xalq o‘lgan bo‘lsa, inqilob kim uchun, qaysi «xalqning baxt-saodati uchun» bo‘lgan?!

Iqtisod ham izdan chiqdi. Inqilobning olti yili davomida sanoat ishlab-chiqarishi hajmi avvalgisining yettidan biri darajasiga tushdi, rubl konvertatsiya qimmatini yo‘qotdi, ishchilar maoshlarini pul bilan emas, oziq-ovqat bilan oladigan bo‘ldilar, savdoda ibtidoiy mol ayirboshlash boshlandi. Ochlik va qahatchilik avjiga chiqdi.

Leninning bolshavoylari boshlagan fuqarolar urushi ayniqsa shaharlarni, undagi sanoatni vayron qiladi. Moskovning - yarim aholisi, Petrogradning uchdan ikki aholisi qirilib ketadi. Urush va ko‘chish Lenin o‘z tuzumining asosi deb e’lon qilgan ishchilar sinfining yarmini yo‘q qilib yubordi – ularning ko‘pi Qizil Armiya frontlarida o‘ldi, qolganlari ham shahar sanoati vayron bo‘lgach, qishloqlariga qaytdi..

Azaldan agrar mamlakat bo‘lgan Rossiya badtar agrarlashdi, qishloq dehqonlari soni ko‘paydi. Stalin yerni natsionalizatsiya qilish va qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirishni orqaga surib turish zarurligini anglab, mulkdorlarning yerlarini tortib olib, dehqonlar o‘rtasida bo‘lish kerak, degan fikrga keldi. Qonli bo‘lish oqibatida mulkning o‘rtamiyonalashuvi yuz berdi va o‘rtahol dehqonlar sinfi paydo bo‘ldi. Albatta, yerli dehqonlar ko‘paydi, ammo avvallari o‘z hosilining ortgan qismini shaharliklarga sotgan va armiyani oziq-ovqat bilan ta’minlab turgan boyroq va qobiliyatliroq dehqonlar «boylar», «quloqlar» sifatida yo‘q qilindi, natijada qahatchilik va boshqa og‘ir ijtimoiy oqibatlar kelib chiqa boshladi.

Qolaversa, bolshavoylar rejalarida ishchilar sinfi «avangard» bo‘lishi kerak edi, ularning urushi ishchilar sinfini zaiflashtirdi, yer olgan dehqonlar boyisa, kuchga to‘la boshlasa, Leninning bu mulkni tortib olish - «kollektivlashtirish» rejasi xavf ostida qolardi. Oxir-oqibat bu jarayon ham xaddan ziyod ko‘p zulm va qatag‘onni talab qilardi.

Sirasini aytganda, fuqarolar urushi davrini «harbiy kommunizm» davri atagan kommunistlar partiyasi harbiylashib ulgurgandi, siyosiy masalani - hokimiyatni olish masalasini harbiy yo‘l bilan hal qilgan bolshavoylar uchun odamlarning uqubatlari, zulmu qiynoqlar, shahar va qishloqlarga o‘it qo‘yish, odamlarni qatorlashtirib otish oddiy holga aylanib ulgurgandi. Dahshatli buyruqlar berishga, zulmkor kuchni qo‘llash va qo‘rquv vahshatini el boshiga solishga odatlana boshlagan kommunistik rahbariyat siyosiy masala – qon to‘qib hokimiyatni olishlari ortidan yuzaga kelgan og‘ir iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni ham o‘zlari odatlangan harbiychasiga - xalqni xo‘rlash va zo‘rlash yo‘li bilan amalga oshirishga kirishdilar.

1918 yil 2 sentabrdagi dekret bilan favqulodda holat joriy qilinadi, Sovet respublikasi «qurolli lager» deb e’lon qilinadi. Bunday dahshatli atamalar odat tusiga kiradi.

Inqilob yuzaga keltirgan vayrongarchilik va beqarorlik oziq-ovqat masalasini keskinlashtiradi. Og‘ir vaziyatda o‘zining mash’um «kollektivlashtirish» g‘oyasini biroz orqaga surib turgan Lenin, baribir ham donni erkin olish-sotishga yo‘l bermaydi, bu uning nazarida bolshavoylar qarshi kurashgan kapitalizmni tiklash bo‘lar ekan. Qurollangan «oziq-ovqat otryadlari» tuziladi va ular dehqonlardan ularning mahsulotlarini tortib olishga kirishadilar. Dehqonlar qarshilik qiladilar, donni yashiradilar, uni ekishni kamaytiradilar.

Sanoat ishlab chiqarishi ham harbiylashtiriladi. Inqilob payti o‘rnatilgan «ishchi nazorati» sanoatni vayron qiladi. Avval o‘rmon kesish, oziq-ovqat va yonilg‘i yetkazib berishda askarlar mehnatidan foydalaniladi, keyin harbiy otryadlar «mehnat armiyasi»ga aylantiriladi. Sanoat ishchilari faoliyati harbiy tartibga o‘tkaziladi.

Ayrim haftafahmlarning o‘sha insoniy qadr-qimmatni yerga urgan kunlardagi «tartib-intizom»ni qo‘msab, xayolga berilgani ham ayanchli, ham kulgulidir.

Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Zulm texnologiyasi»: Fuqarolar urushi va millionlab qurbonlar