date
views 2 362

«Zulm texnologiyasi»: Hokimiyatning Stalinga o‘tishi

«Zulm texnologiyasi»: Hokimiyatning Stalinga o‘tishi
1924 yil 21 yanvar. Lenin o‘ldi. Stalin qutuldi. O‘sha paytda Kotibiyatda ishlagan Bajanovning yozishicha: «Stalin quvonchli hayajon ichida edi. Men uni hech qachon bunday – Lenin o‘lganidan keyingi kunlardagiday ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rmagandim. U qoniqish hissi bilan xonaning u yoq-bu yog‘iga borib kelardi».

Trotskiyga dafn kunini «noto‘g‘ri» xabar qilishadi va u marosimda qatnasha olmaydi. Stalin esa o‘zini «jiddiy va sipo» tutgan holda Leninning mayiti solingan tobutni yelkalab bordi. Stalin Vladimir Ulyanovni odamday tuproqqa topshirishni istagan oilasi qarshi bo‘lishiga qaramasdan, Qizil Maydonda mavzoley qurdirib, uning o‘ligini tomosho uchun qo‘ydiradi.

Ikkiyuzlamachi Stalin o‘lganiga ich-ichidan qo‘vonayotgan o‘z dohiysiga sadoqat haqida qasam ichardi. U motam marosimini ham spektaklga aylantiradi. Stalinning vidolashuv so‘zlari hayratlidir:

«Bizdan ketayotib, o‘rtoq Lenin partiya a’zosi degan buyuk unvonni yuksak tutish va toza saqlashni vasiyat qildi. O‘rtoq Lenin, sening bu hidoyatingni sharaf bilan bajaramiz deb qasamyod qilamiz.

Bizdan ketayotib, o‘rtoq Lenin partiyaning birligini ko‘z qorachig‘idek saqlashni vasiyat qildi. O‘rtoq Lenin, sening bu hidoyatingni ham sharaf bilan bajaramiz, deb qasamyod qilamiz
».

Bu yerda, mening nazarimda, mamlakatni bundan so‘ng Stalinning «dono rahbarligi ostida» kutayotgan fojealar aniq aytilganga o‘xshaydi. Stalin keyinchalik «partiya a’zosi degan buyuk nomni yuksak tutish va toza saqlash» maqsadida «tozalash»lar – minglab, millionlab odamlarni qirgan ommaviy qatliomlar uyushtirdi. Bu nomni «yuksak tutish» uchun partiya a’zolari tinimsiz itoat qilishga majbur etildi. «Partiyaning birligini ko‘z qorachig‘idek asrash» uchun qancha-qancha ko‘zlar bevaqt yumildi, hurfikrli insonlar «sharaf bilan» o‘ldirildi, qamaldi, quvg‘in qilindi.

Aynan Leninning o‘limi Stalinga hokimiyatni batamom qo‘l ostiga jamlash ishonchini tugal baxsh etdi.

1924 yildan 1929 yilgacha Stalin ham xuddi Gitler kabi tirishqoqlik bilan yakkahokimlik mavqeini egallashga intildi va buning vositasi partiyani bo‘ysundirish ekanini tushundi. Olmoniyada Gitler partiyasining yakkahokimligini boshqa partiyalar bilan raqobatda isbotlashi kerak edi, Rossiyada Stalinning kompartiyasi allaqachon yakkahokim partiya edi. Ikkinchi tomondan, Olmoniyada natsistlar partiyasida Gitler allaqachon partiyasini o‘ziga bo‘ysundirgan, natsistlar uning rahbarligini tan olgan bo‘lsa, Rossiyada Stalin mamlakatda yakkahokim bo‘lgan partiyada hali yakkahokim bo‘lishi uchun tinimsiz zimdan kurashishiga to‘g‘ri kelayotgan edi.

Stalin o‘zining hokimiyat uchun kurashini partiyaning siyosati borasidagi munozaralar zamiriga joylagan edi. Buyuk qallob, siyosiy qimorning ustasi Stalin xatosiz harakat qilar, maqsadi - hokimiyat ekanini bir daqiqa ham nazardan qochirmas edi.

Gitler ham, Stalin ham partiyaning ichki tuzilishiga katta ahamiyat bergan edilar. Garchand Gitler partiyaning ichki tartiblarini o‘zi belgilasa-da, buni partiyaning byurokratik apparati ortida turib amalga oshirar edi. U partiyaning siyosiy yo‘nalishi haqidagi bahslarga ham aralashmas, o‘zini go‘yo «yuqori» tutardi.

Stalin ham o‘zining «yuqori» ekanini ko‘rsatishni xohlasa-da, hali buning payti emasdi, chunki hali partiyada Leninning safdoshlari tirik edilar. Shuning uchun u hali o‘zini oddiy partiya xodimlariga yaqin tutar, ammo zimdan o‘sha oddiy xodimlarga «kim tomonda turish kerak»ligini anglatib borardi. Stalin Lenin vafotidan so‘ng olti yil davomida dohiylik maqomi uchun kurash olib bordi. Sovet tuzumining o‘ziga xosligi shundaki, bu kurash jamiyatdan alohida – partiyaning yuqori bo‘g‘inida olib borilar edi. Stalin ham, uning raqiblari ham maqsadlari hokimiyat ekanini hech ham xalqqa oshkor etolmas edilar. Axir, ular go‘yo shu sho‘rlik xalq «baxt-saodati uchun» inqilob qilgan edilar va endi «xalq farovonligi»ni o‘ylashlari lozim edi.Lenin vafotidan so‘ng hokimiyat uchun kurashda qatnashayotgan organlar partiya s’ezdlari va partiyaning favqulodda konferensiyalari edi, ya’ni hokimiyatning taqdiri xalq bilan, el-yurt irodasi bilan emas, ana shu organlarning ichki taloto‘mida hal bo‘lardi.

1924 yildan to 1929 yilgacha partiya s’ezdi va favqulodda anjumani uch martadan chaqirildi. 1925 yil dekabrida o‘tgan XIV s’ezdda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 600 delegat qatnashdi, bu s’ezd to Stalin o‘z tarafdorlari ko‘pchilik bo‘lishini ta’minlagunicha bir necha bor qoldirildi. Hokimiyat uchun yanada ochiq kurash borgan yana ikki organ bor edi – bu Siyosiy Byuro va Markazqo‘m Plenumi edi. Lenin Markazqo‘mni kengaytirishni, uni yoshlar bilan to‘ldirishni taklif qilganida hokimiyat taqdirini tor doirada emas, ko‘pchilik bilan hal etish kerakligini, shunda zimdan siyosiy o‘yinlar o‘tkazish imkoniyati kamayishini nazarda tutgan edi. Ammo Stalin bu «kengaytirish»dan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalandi va Markazqo‘mni o‘z odamlari hisobiga «kengaytirdi».

Albatta, ko‘p kishilik majlislar, istaysizmi-yo‘qmi, munozaralarga aylanib ketadi va har qanday bahs istalgan paytda ovoz berish bilan yakunlanishi mumkin – bu holatda o‘z fikringni zo‘rlab o‘tkazishing qiyin. Biroq Stalin o‘zida shunday sifatlarni kasb ediki, u asosli vajlarni ham sahnaorti harakatlari bilan yo‘qqa chiqarar, o‘z maqsadlarini Lenin asarlaridan keltirilgan iqtiboslar bilan berkitar, o‘z raqiblarini ularning avval aytgan so‘zlari bilan qaytarar va opportunizmda, leninizmdan chekinishda, ayirmachilikda ayblardi.

Gitlerning nutqlari juda ko‘tarinki, olomonning ehtirosiga mo‘ljallangan bo‘lsa, Stalinning nutqlari izchil, markscha andozalarga mos bo‘lib, ularni o‘qish zerikarli edi. U o‘zini nazariyotchi hisoblamasdi, u Leninni o‘zicha talqin qilib yurgan havaskor edi. Albatta, hokimiyatga qat’iy o‘rnashib olganidan so‘ng u ataylab tanlab yig‘ilgan, savol bermaydigan, gung auditoriyalarda «nazariy» nutqlar o‘qiy boshladi. Xalq jim bo‘lgani sari uning xudbinligi oshib bordi, ovozi qat’iylashdi.

Eng hayratlanarlisi, Stalinni Bosh kotib qilib tayinlagan Siyosiy Byuro a’zolari uning zimdan asrab yurgan hokimiyatparastlik mayllarini sezmagan edilar. Qolaversa, ular Stalin partiya tizimida zimdan o‘z foydasiga o‘tkazgan sifat o‘zgarishlarini ham sezmay qoldilar. Birinchidan, partiya son jihatidan o‘zgardi. Leninning talabi bilan partiyani Fuqarolar urushi payti qo‘shilib qolganlardan tozalash o‘tkazilganda 1923 yil oxiriga kelib a’zolar soni 567000 kishidan 350000 kishiga qisqardi. Ulkan mamlakat oldidagi vazifalarni bajarish uchun Stalinning nazdida bu kam edi, shuning uchun u 1924 yilda marhum dohiy xotirasi sharafiga yangi qabul e’lon qildi va ikki yilda partiya safi yarim milliondan bir milllionga ko‘tarildi. 1933 yil boshiga kelib partiya a’zolari soni 3,5 million kishiga yetdi. Partiyaga "tekislangan", ”yo‘nilgan” kimsalarnigina qabul qilishlarini, partiya a’zosi bo‘lish kishiga boshqalardan ko‘ra afzal maqom berishini hamda shu barobarida «yuqori» qoshida itoatkor bo‘lishni taqozo etishini nazarda tutsak, kommunistlar soni ko‘payishidan Stalinning manfaatdorligini tushunganday bo‘lamiz.

Partiyaga yangi qabul qilingan a’zolarning aksariyati partiya funksionerlari edi, bu yoshlar tajribasiz, g‘o‘r bo‘lib, ularning aksariyati ilmsiz ham edilar. 1927 yilda partiya a’zolarning oliy ma’lumotlisi 1 foizga ham yetmasdi, o‘rta ma’lumotlilar 8 foiz atrofida edi. Stalinning Kotibiyatiga keksa, o‘jar kommunistlarga qarshi qo‘yish uchun aynan ana shunday itoatkor a’zolar kerak edi. Partiyaning keksa a’zolari Lenin tirikligida qiyinchilik bilan qaror topgan ichki demokratiyaga o‘rgangan, munozaralar va nazariy tortishuvlarga mukkalaridan ketgan edilar, «yosh kommunistlar» esa bu bahslardan bezor, harakatga chanqoq, Rossiyani “industriallashtirish”da Stalinni qo‘llab-quvvatlashga tayyor askarlar edilar, ularning birdan bir umidi – xizmatlari evaziga xalqdan tepada turish uchun ma’lum imtiyozlar olish hamda sekin-asta amal pog‘onasida ko‘tarilish edi.

Imtiyoz va amal taqsimlash esa Stalin va uning Kotibiyati qo‘lida edi, buni itoatkor kommunistbachchalar yaxshi tushunardilar hamda qanchalar itoatkor bo‘lsang, shunchalar imtiyozdor va amaldor bo‘lasan, degan stalinona tartibni ham yaxshi anglardilar. «Nazariyotchi»lardan farqli o‘laroq, Stalin itoatkor yoshlar nazdida «amaliyotchi», hayotga yaqinroq edi. Uning qo‘polligi ham yoshlarga qat’iyatining dalolati bo‘lib ko‘rinar edi.

Partiya mamlakat qarshisida turgan buyuk maqsadlarni amalga oshirish uchun o‘z tizimini mustahkamlashi kerak edi va, ajabki, bu Stalinning hokimiyatni bir qo‘l ostiga jamlash istagiga ham mos kelayotgan edi. Stalin mansabdor shaxslarni yuqoridan pastga, pastdan yuqoriga ko‘tarish vakolatlaridan tashqari, o‘z raqiblarini chetlashtirish – biror bir mamlakatga diplomatik ishlarga yo‘llash yoki Uzoq Sharqning olis mintaqalariga yoxud Markaziy Osiyoning jazirama cho‘llariga jo‘natish vakolatiga ham ega edi. 1926 yildayoq birlashtirilgan hokimiyat tizimlarida partiyaning «nomenklatura» atalmish 5500dan ziyod yuqori mansablarini tayinlash markaziy idoralar, ya’ni Stalinning vakolatiga kirar edi.

Mintaqalarda partiya kotiblari eng mahobatli va vakolatli shaxslarga aylanib borardilar. Joylardagi lavozimlar aynan ana shu markaz tayinlagan kotiblarga bog‘liq bo‘lib, Stalin ular orqali o‘z ta’sirini o‘rta va quyi bo‘g‘inga ham o‘tkazar edi. Aynan ana shu rayonlar va viloyatlar darajasida partiya s’ezdlariga delegatlar tanlab olinishini hisobga olsak, asta-sekin delegatlar tarkibida partiyaning kotiblari ko‘payib borganini ko‘ramiz. 1921 yilda o‘tgan partiyaning X s’ezdida firqa kotiblari 25 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1923 yildagi XII s’ezdda – 55%, 1924 yilgi XIII s’ezdda – 65% va 1925 yilgi XIV s’ezdda partiya kotiblari delegatlarning 70 foizini tashkil etdilar.

Shunday qilib, Leninning Stalinning hokimiyatini cheklash uchun Markazqo‘m va Markaziy Nazorat Qo‘mitasini kengaytirish taklifi Stalin o‘tkazgan ichki partiyaviy evrilishlar natijasida aksincha Stalinning hokimiyatini yanada kuchaytirdi. Lenin umid bog‘lagan «partiyaning mahalliy kadrlari» Stalinning qo‘lida qurolga aylandilar. Partiya kotiblari Markazqo‘m a’zoligi va a’zolikka nomzod bo‘lish uchun Stalinning chizgan chizig‘idan chiqmas edilar. Partiyaning leninchi faxriylari uchun partiya s’ezdlarida so‘z olish, o‘z fikrini aytish imkoni kun sayin torayib borardi, stalinchi kotiblar ularning so‘zlarini bo‘lar va tilini tiyishga majburlar, masala ovozga qo‘yilganda ko‘pchiligi Stalin tarafdori bo‘lgan itoatkor delegatlar Bosh kotibga maqbul qarorlarga ovoz berardilar. Qarabsizki, butun mamlakat Stalinning qo‘liga o‘tdi.

(davomi bor)
Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Zulm texnologiyasi»: Hokimiyatning Stalinga o‘tishi