12:06 / 14.08.2022
2 439

«Zulm texnologiyasi»: Stalin va Gitler o‘rtasidagi shartnoma

«Zulm texnologiyasi»: Stalin va Gitler o‘rtasidagi shartnoma
Barcha sovet filmlarida, kitoblarida, badiiy va ilmiy adabiyotlarda Sovet hukumatining urush boshlangan kungi sovet xalqiga xitobnomasining boshlanishi shunday keltiriladi: «Nemis fashist bosqinchilari shartnomalarni qo‘pol ravishda buzib mamlakatimizga bosib kirdilar…», Ammo gap qanday shartnomalar haqida borayotgani, sotsialistik mamlakat hukumati bilan hokimiyatga kelgandayoq Olmoniya kommunistlarini qirib tashlagan Gitler o‘rtasida qanday shartnoma bo‘lishi mumkinligi aytilmadi, bu shartnomalarning matni yoritilmadi, SSSR qulaguncha sir tutib kelindi.

KPSSning 1939 yilgi XVIII s’ezdida Stalin kelgusidagi muqarrar urushda maqsadlari mos kelishi mumkinligini Gitlerga ishora qilib o‘tgandi. U fyurerga anglo-amerikaliklar va faranglar Olmoniya va Sovet Ittifoqini urishtirib qo‘ymoqchi, deb izchil uqtirib keldi. Nima uchun? Stalinning aytishicha, Sovet Ittifoqi va Olmoniya o‘rtasida urush boshlansa, g‘arbdagi demokratik davlatlar uzoq urushda sovetlar va olmonlarning kuchsizlanganidan foydalanib, oqibatda ularga o‘z hukmlarini o‘tkazar emishlar.

Stalinning yozishiga ko‘ra, Angliya, Farangiston va AQSHning siyosati «Olmoniyaga Ovro‘podagi ishlariga o‘ralashib, SSSR bilan urushga kirishib qolishiga xalaqit bermaslik, urushning barcha qatnashchilari jangu jadal botqog‘iga chuqur botishiga zimdan sharoit yaratish, ularning bir-birlarini kuchsizlantirishiga, sillasini quritishga yo‘l ochish, keyin ular yetarlicha zaiflashganidan so‘ng, sahnaga yangi kuchlar bilan, albatta, «tinchlik manfaatlarini ko‘zlab» chiqish va urushning kuchsizlangan qatnashchilariga o‘z shartlarini o‘tkazishdan iborat…».

«Ittifoqchi»larning Olmoniya bilan ehtiyot bo‘lib munosabatda bo‘lish haqidagi ogohlantirishlarini Stalin «shubhali mash-mashalar» hisoblaydi, uning fikricha, bundan maqsad «Sovet Ittifoqining Olmoniyaga nisbatan qahr-g‘azabini uyg‘otish, havoni buzib, Olmoniya bilan asossiz to‘qnashuvni gij-gijlashdir».

Qilingan iqtiboslardan ham ko‘rinib turibdiki, Stalin g‘arbdagi demokratik davlatlar va g‘arbiy matbuotning Gitler SSSRga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi do‘stona ogohlantirishlariga atayin quloq solmaydi (holbuki, bu urushning muqarrarligi haqida allaqachon fashistlarning muqaddas kitobi – «Mayn kampf»»da ham yozilgan edi, eh, bu g‘ayurlik keyin xalqqa qanchalar qimmatga tushadi), to‘g‘rirog‘i, atayin eshitmaslikka oladi. Chunki, Stalin, birinchidan, SSSR va Olmoniya o‘rtasidagi kelgusi «ittifoq»qa tomonlarni tayyorlab o‘zi ham ruhan tayyorlanib, o‘zi g‘arb davlatlariga to‘nkagan ishni o‘zi qilishni niyat qiladi, ya’ni Gitlerni ularga qarshi urushga gij-gijlaydi; ikkinchidan, Olmoniya va g‘arb davlatlari bir-birini kuchsizlantirsa, Stalinning o‘zi butun Ovro‘poga Gitlerning «yangi tartibi» o‘rniga bolshavoylarning «kommunistik tartib»ini o‘rnatmoqchi edi.

Uzoqni ko‘zlab tuzilgan bu reja urushdan so‘ng qisman amalga oshdi, ya’ni kommunistik tuzum Sharqiy Ovro‘poda samarasiz sotsializmni asrimizning 90-yillarigacha ushlab turdi, ayni vaqtda, Stalinning urush oldidan Gitler bilan qilgan hamtovoqligi SSSR xalqlariga va dunyo hamjamiyatiga dahshatli darajada qimmatga tushdi.

Sovet Ittifoqi tashqi siyosatini Ovro‘po va Osiyo tomon bosqinchilik sari keskin yo‘naltirishga qaror qilgan Stalin o‘ziga munosib sherik qilib Gitlerni tanladi. Bu, albatta, bejiz emas. Ular bir toifadagi totalitar tuzumlarning «dohiy»lari edilar. Irqiy fashizm davlati Gitler Olmoniyasi va sinfiy fashizm davlati – Sovetlar Ittifoqining maqsadlari ham bir-biriga mos kelayotgan edi. «Ko‘r ko‘rni qorong‘uda topadi», - deganlariday,

Stalinning Ovro‘poni SSSR va Olmoniya o‘rtasida bo‘lib olish taklifi Gitlerga ma’qul bo‘lishi aniq edi va 1939 yilda shunday bo‘ldi ham. Ular til biriktirib urush oldidan Ovro‘poni qayta taqsimladilar, u yerdagi xalqlar va davlatlar irodasi bilan hisoblashib o‘tirmadilar. 1941 yilda ular o‘rtasida kelib chiqqan urush esa o‘zbeklarning: «Bir qinga ikki qilich sig‘mas», - degan maqoliga to‘g‘ri keladi. Ikki bosqinchining imperialistik ishtahasiga jug‘rofiy Ovro‘po torlik qilib qoladi.

Kremlning niyatlari jiddiy ekaniga Gitlerni ishontirmoq maqsadida Stalin o‘rtadagi psixologik to‘siqni – SSSR tashqi ishlar vaziri Litvinovni olib tashlaydi. Ma’lumki, Maksim Litvinov yahudiy edi, «oliy irq vakili» Gitler va uning tashqi ishlar vaziri Ribbentrop yahudiy bilan muzokara olib borishni istamas edilar. 1939 yil 4 mayda Stalin Litvinovning o‘rniga Xalq komissarlari Kengashi Raisi Molotovni tayinlaydi va unga Olmoniya bilan bitim tuzish uchun zamin hozirlashni topshiradi. Vazifa og‘ir edi.

Sho‘ro tarixchilari Ikkinchi Jahon urushi sabablari va oqibatlari haqida yozayotganda «Ribbentrop-Molotov pakti»ning tarixi va mazmunini soxtalashtirib keladilar yoki ushbu paktni butunlay chetlab o‘tadilar. Soxtalashtirishdan maqsad ayon: Ikkinchi Jahon urushi boshlangani uchun aybni SSSRdan olish va Stalinni oqlash.

Zero, aynan 1939 yil 23 avgustdagi «Ribbentrop-Molotov pakti» Ovro‘poni Gitler va Stalin o‘rtasida bo‘lib berdi va Gitlerning g‘arbiy Ovro‘poda erkin harakatlanishini kafolatladi, fashistlarni urush oldidan sovet strategik va harbiy-strategik xomashyolari bilan ta’minladi. Pakt imzolangan vaqtdan ozgina vaqt o‘tar-o‘tmas, ya’ni bir hafta ichida Gitler Ikkinchi Jahon urushini boshladi, demak, Stalin bilan kelishuvi unga urushni boshlash imkonini berdi. Bu bejiz emas, albatta. Ushbu kelishuv asosida sovet xomashyolarini olgan Gitler zimdan SSSRga hujum qilishga qattiq tayyorgarlik ko‘rish imkonini qo‘lga kiritdi.

SSSR esa fashistik Olmoniya bilan «do‘stlashgach» (bu «do‘stlik»ning bahosi Gitler SSSRga qo‘qqisidan hujum qilganda bilindi), tabiiy ravishda, g‘arbiy demokratik davlatlardan ajralib, yakkalanib qoldi. Hazrat Navoiy ta’biri bilan aytganda o‘zi birovga qazigan chohga o‘zi tushdi – Gitler bilan do‘stlashib, uni g‘arb bilan urishtirmoqchi bo‘lgan, keyin hammasining sillasini quritib, Ovro‘poni to‘la egallashni niyat qilgan ayyor Stalinni undan-da dog‘uli Gitler chuv tushirdi, kuch to‘plab, sovetlarning xomashyosi va harbiy yordami bilan quvvatlanib, qo‘qqisidan SSSRning o‘ziga hujum qildi. Stalin va sovet rahbariyatining urusholdi kaltabinligi sovet xalqiga va dunyoga qimmatga tushdi. Maqtalgan sovet diplomatiyasi yefreytor Adolf Gitlerning «nog‘orasiga o‘ynadi».

(davomi bor)
Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Zulm texnologiyasi»: Stalin va Gitler o‘rtasidagi shartnoma