date
views 1 803

AQSHdagi saylovlar: Kongress va asosiy qarorlar ustidan nazorat kimda bo‘ladi?

AQSHdagi saylovlar: Kongress va asosiy qarorlar ustidan nazorat kimda bo‘ladi?
Foto: BBC
Bugun AQSHda oraliq saylovlar bo‘lib o‘tmoqda, Grinvich bo‘yicha soat 10:00 da ilk uchastkalar ochildi, soat 11:00 da esa qolganlari. Bu saylovlar keyingi ikki yillikda AQSH Kongressini kim nazorat qilishini belgilab beradi.

8 noyabr – bu shunchaki seshanba emas, Qo‘shma Shtatlarda saylovlar o‘tadigan kun. 1845 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra noyabr oyining ikkinchi seshanbasida saylovlar o‘tkazilishi belgilangan.

Amerikaliklar bugungi saylovlarda Vakillar Palatasini to‘liq yangilaydi, Senatning uchdan bir qismi qayta saylanadi, shuningdek ko‘plab shtatlarda mahalliy kengashlar va gubernatorlik uchun saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Ayni vaqtda Kongressning ikki palatasi ham demokratlar tomonidan nazorat qilinmoqda, prognozlarga ko‘ra, saylovdan keyin respublikachilar Vakillar palatasida ustunlikka ega bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images
Bu saylovlar natijasi Jo Baydenning keyingi ikki yillikdagi prezidentligi hamda u olib boradigan siyosatga, jumladan Ukrainada Rossiya tajovuziga qarshi kurashiga ta’sir ko‘rsatishi muqarrar.

Vakillar palatasidagi 435 nafar a’zoning barchasi har ikki yilda qayta saylanadi. So‘nggi ikki yilda palatada demokratlar ko‘pchilikni tashkil etishgan. Bu odatiy holat: yangi prezident saylanganida ko‘p hollarda uning partiyasi Kongressning ikki palatasini ham nazorat qiladi.

Ammo demokratlar kongressdagi o‘z ta’sirini saqlab qolishi imkoniyatlari yuqori emas - odatga ko‘ra amaldagi prezident partiyasi oraliq saylovlarda mag‘lub bo‘ladi. Istisno holat faqat 2002 yilda kuzatilgan, bu 11 sentyabr teraktlaridan keyingi yil edi, o‘shanda kichik Bushning mashhurligi yuqori darajada bo‘lgan.

Bundan tashqari, tuzilmaviy afzallik bor. Konstitutsiyaga ko‘ra, har bir saylov okrugida yashovchi saylovchilar soni taxminan teng bo‘lishi kerak, ammo shu bilan birga har bir shtatda kamida bitta okrug bo‘lishi talab etiladi (aholi kam yashovchi shtatlar esa bor - masalan, Alyaska shtatidan faqat bir nafar kongressmen saylanadi). Qolgan barchasi shtatlarga bog‘liq va shtatlardan ko‘pchiligida bu shuni anglatadiki, saylov okruglari shtat qonun chiqaruvchi organida ustunlikka ega bo‘lgan partiya tomonidan qisqartiriladi (ba’zida gubernatorning veto huquqi bilan).

Bunday amaliyot (uning alohida nomi ham bor - jerrimendering) shunga olib kelganki, okruglarning aksarida ikki partiyadan biri mutlaq imkoniyatga ega bo‘ladi. Cook Political Report hisobotiga ko‘ra, demokratlar 159 okrugda, respublikachilar esa - 188 tasida g‘alaba qozonishi kafolatlangan. Yana 29 okrugda demokratlar g‘alabasi ehtimoli yuqoriroq baholanmoqda.

Ko‘pchilik o‘rinni saqlab qolish uchun demokratlar yana 30 okrugda g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi, so‘rovlarga ko‘ra, natijasini oldindan aytib bo‘lmaydigan «beqaror» okruglar 35 ta va shundan 10 tasi respublikachilarga moyil.

35 senator qayta saylanadigan Senat uchun kurash natijasi haqida esa ishonch bilan aytish qiyin. So‘rovlar demokratlar palatadagi ustunlikni saqlab qolishi yoki uning nazorati respublikachilarga o‘tishi ehtimolini teng baholamoqda.

Palatalardan birining nazoratini yo‘qotish keyingi ikki yilni Bayden uchun juda qiyinlashtiradi, chunki respublikachilar uning tashabbuskorligidagi qonunlar qabul qilinishiga yo‘l bermasdan, o‘zlari ilgari surgan qonunlarni - masalan, abortlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishlari mumkin.

Shuningdek, agar respublikachilar Kongressda ko‘pchilik ovozni qo‘lga kiritadigan bo‘lsa, bu AQSHning Ukrainadagi urushga nisbatan siyosatini jiddiy o‘zgartirishi mumkin.

4 noyabr kuni jorjiyalik respublikachi hamda trampchi bo‘lgan kongressvumen Marjori Teylor Grin ukrainlar respublikachilar ta’sirida bo‘ladigan Kongressdan «sariq chaqa» ham ololmasligini aytdi.

Uning bu qarashlari Respublikachilar partiyasiga begona emas: oktabr oyida Vakillar palatasida hozircha ozchilikni tashkil etadigan respublikachilar fraksiyasi yetakchisi va uning ehtimoliy bo‘lajak spikeri Kevin Makkarti Kongress ma’muriyati bundan buyon Ukrainaga yordamni cheklashini aytdi.

«Menimcha, odamlar tanazzulga yuz tutmoqda va ular Ukrainaga kart-blansh bermoqchi emas. <…> [Bayden ma’muriyati] mamlakat ichida qilmaydigan ishlar bor. <...> Ukraina muhim, lekin shu bilan birga, bu biz qiladigan yagona ish bo‘lmasligi lozim va bunga kart-blansh berilmasligi kerak», dedi u bir necha kun oldin.

Donald Tramp, uning o‘g‘illari yoki Fox News teleboshlovchisi Taker Karlson kabi nufuzli respublikachilar ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlash istiqbollariga skeptik yondashadi.

AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp saylov arafasidagi so‘nggi mitingidan foydalanib, 2024 yilgi prezidentlik sayloviga nomzodini qo‘yish niyatini bildirdi.

Jo Bayden ham bir necha bor ikkinchi muddatga saylanish niyati haqida gapirgan. Unga barcha ham ishonmaydi; ko‘plar 2024 yilga borib, saylovlardan keyin u 82 yoshda bo‘lishiga e’tibor qaratishadi. Agar hozirgi saylovlar natijalari demokratlar uchun muvaffaqiyatsiz bo‘lsa va keyingi oylarda Baydenning reytingi o‘ziga kelmasa, u partiya ichida ham kuchli bosim ostida qoladi va nisbatan istiqbolli bo‘lgan nomzodlarga yo‘l bo‘shatib berishiga to‘g‘ri keladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHdagi saylovlar: Kongress va asosiy qarorlar ustidan nazorat kimda bo‘ladi?