date

Tramp: har bir amerikalik 2000 dollar “dividend” oladi

Tramp: har bir amerikalik 2000 dollar “dividend” oladi

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat bojxona to‘lovlaridan tushayotgan ulkan daromadlarni aholi bilan bo‘lishish niyatida ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir amerikalik fuqaroga kamida 2000 dollar miqdorida “dividend” to‘lanishi mumkin. Bu haqda Oq uy rahbari 9-noyabr kuni o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida yozgan.

“Bojlarga qarshi bo‘lgan odamlar — ahmoqlar. Hozir AQSH dunyodagi eng boy, eng nufuzli va barqaror davlatga aylandi. Bizda inflyatsiya deyarli yo‘q, fond bozori esa rekord darajada o‘sib bormoqda”, — deb ta’kidladi Tramp.

Uning ta’kidlashicha, AQSH hozirda bojlar orqali trillionlab dollar daromad olmoqda va bu mablag‘lar hisobidan mamlakatning 37 trillion dollarlik davlat qarzini qisqartirish rejalashtirilgan. “Bizda sanoat tiklanmoqda, zavod va fabrikalar qayta qurilyapti. Shunday ekan, har bir fuqaroga — yuqori daromadlilardan tashqari — kamida 2000 dollar miqdorida to‘lov beriladi”, — dedi Tramp.

Biroq, Germaniyaning Dpa agentligi yozishicha, prezident bu g‘oyani ilgari ham bir necha bor tilga olgan bo‘lsa-da, hozirgacha amaldagi mexanizm yoki qonunchilik tashabbusi ishlab chiqilmagan. Ekspertlar bu bayonotni elektoral ta’sirga qaratilgan siyosiy qadam sifatida baholamoqda.

Shu bilan birga, Trampning partiyasi ichida ham ayrim noroziliklar kuzatilmoqda. Yaqinda Zohran Mamdaniy Nyu-York meri etib saylanishi va demokratlarning mamlakat bo‘ylab qator g‘alabalaridan so‘ng, respublikachilarning ba’zi faollari “prezident o‘z saylovchilariga — inflyatsiya va ijara narxlaridan qiynalayotgan qatlamga — yetarli e’tibor qaratmayapti”, degan fikrni ilgari surgan.

Tramp o‘z postida “deyarli nol inflyatsiya” haqida gapirgan bo‘lsa-da, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich hozirda 3 foiz atrofida saqlanib turibdi. Shu bilan birga, Nyu-York, Los-Anjeles va boshqa yirik shaharlarda uy-joy ijara narxlari hali ham yuqori darajada qolmoqda.

Moliya bozorlarida ham turli xavotirlar bor. Ayniqsa, sun’iy intellekt sohasida faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalar aksiyalariga nisbatan “investitsiya pufagi” xavfi haqida ogohlantirishlar ko‘paygan. Dpa agentligi qayd etganidek, bu holat AQSHdagi pensiya jamg‘armalari uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin, chunki aholining katta qismi aynan shunday aksiyalar orqali o‘z kelajak ta’minotini ta’minlab keladi.

Tramp esa o‘z siyosiy kampaniyasida mamlakat iqtisodiy qudratini yanada mustahkamlash va “amerikalik ishchi tabaqa manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yish” shioriga sodiqligini ta’kidlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu to‘lovlar oddiy odamlar uchun haqiqiy mukofot bo‘ladi”.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp: har bir amerikalik 2000 dollar “dividend” oladi