date

Peterburgda muhojirlarga taqiq — taksi narxlari osmonga ko‘tarildi

Peterburgda muhojirlarga taqiq — taksi narxlari osmonga ko‘tarildi

Sankt-Peterburg shahar hududida muhojirlarning taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanishiga taqiq joriy etilgan kunning o‘zidayoq taksi narxlari sezilarli darajada — 30 foizgacha oshgan. Bu haqda mahalliy “Fontanka.ru” nashri o‘z tahlil natijalariga tayanib xabar berdi.

Jurnalistlar 6 va 7-noyabr kunlari “Yandeks Taksi” ilovasidagi “Komfort” tarifida shaharning turli yo‘nalishlaridagi safarlar narxini solishtirgan. Aniqlanishicha, taqiq amalga kirgan 7-noyabr kuni narxlar bir sutka oldingiga nisbatan ayrim yo‘nalishlarda 3,2 foizdan 32,5 foizgacha o‘sgan.

Ko‘plab foydalanuvchilar taksi chaqirmoqchi bo‘lganida, ilova ularga: “Haydovchilar yetishmayapti, taksini uzoqroq kutishingizga to‘g‘ri keladi. Safarni oldindan rejalashtiring yoki jamoat transportidan foydalaning”, degan xabarni chiqargan. Bu esa shahar aholisi uchun yangi noqulayliklarni keltirib chiqargan.

“Yandeks Taksi” ma’muriyatining ma’lumoticha, yangi cheklovlar sabab Peterburgda faol taksichilar soni 12 foizga qisqargan. Bu taxminan 4 ming nafar haydovchining ishsiz qolishiga teng. Muttaxassislar fikricha, bu o‘zgarish shundoq ham kadrlar tanqisligi kuzatilayotgan sohadagi vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.

Gubernator Aleksandr Beglovning avgust oyidagi qaroriga muvofiq, muhojirlar nafaqat taksichilik, balki kurerlik faoliyati bilan ham shug‘ullana olmaydi. Rasmiylar bu chorani “norasmiy ish bilan bandlikka qarshi kurash”, “xizmatlar sohasida xavfsizlikni oshirish” hamda “talabalar uchun yangi ish imkoniyatlari yaratish” bilan izohlagan.

Shu bilan birga, mahalliy iqtisodchilar fikricha, muhojirlarning bozordan chiqarilishi taksi xizmatlarida raqobatni kamaytiradi, bu esa narxlarni yana ham yuqorilashiga sabab bo‘lishi mumkin. Peterburgdagi ko‘plab aholi uchun esa oddiy safarning o‘zi qimmat “lyuks” xizmatiga aylanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Dunyo » Peterburgda muhojirlarga taqiq — taksi narxlari osmonga ko‘tarildi