21:54 / 19.02.2023
525

Eron dronlarining muvaffaqiyati siri nimada?

Eron dronlarining muvaffaqiyati siri nimada?
Foto: Reuters
2022 yil kuzidan boshlab Rossiya-Ukraina urushida yangi muhim faktor — Eronning Shahed dronlari paydo bo‘ldi. Rossiya ushbu halokatli dronlardan birinchi navbatda Ukraina ichkarisidagi fuqarolik va harbiy infratuzilmalarga hujum qilishda foydalandi.

Tehron uzoq vaqt davomida Rossiyaga dronlar yetkazib berayotganini tan olmadi. Kreml esa o‘z navbatida, dronlar Rossiyaning o‘z ishlanmasi ekanligini da’vo qildi.

Biroq 2022 yil noyabrida Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon uning mamlakati Rossiyaga xudkush dronlar yetkazib berganini tan oldi. Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, bu eksport Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli urushi boshlanishidan bir necha oy oldin sodir bo‘lgan.

Lekin, Ukraina rasmiylari aytishicha, Rossiya hali ham Eron dronlarini sotib olishda davom etmoqda va allaqachon 1500 dan ortiq Shahed'larni qabul qilgan. 2023 yilning yanvar oyi o‘rtalaridagi hisobotda, Ukraina havo mudofaasi ushbu dronlarning 500 ga yaqini yo‘q qilingani haqida xabar berdi.

Agar 2022 yil kuzida, Rossiya Shahed'lardan birinchi bor foydalanishni boshlaganda ancha katta muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa, hozirda Ukraina bu dronlarning barchasini urib tushirayotganini ma’lum qilmoqda.

Ammo, Eron droni allaqachon juda samarali qurilma sifatida dunyo miqyosida shuhrat qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Tehrondagilar bu dron bilan faxrlanishlarini ochiqchasiga aytmoqda. Shahed'larning siri nimada va Ukraina ushbu dronning o‘ziga xos muqobillarini yarata oladimi?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urib tushirilgan Eron droni oldida

Murakkab «moped»

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga qarshi eng ko‘p Shahed-136 zarbdor dronlaridan foydalanadi va uni «Geran-2» deb nomlaydi. Kichikroq va kuchliroq Shahed-131 (yoki «Geran-1») dronidan ham bir necha marta foydalanilgan. Bundan tashqari, Ukraina harbiy-havo kuchlari Eronning Muhajer droni urib tushirilgani haqida ham xabar bergan.

Shahed'ning asosiy afzalligi avtonom tarzda katta masofani uchib o‘tishi va belgilangan nishonga aniq zarba berishidir. Dronning jangovar qismida nishonni yo‘q qilish uchun portlovchi modda mavjud (Shahed-136'da taxminan 40 kg, Shahed-131'da esa 10 kg).

Ushbu moslama o‘lchamlari jihatidan juda kichik: uzunligi 3,5 metr, og‘irligi esa 200 kilogrammgacha. Dron deyarli 2 ming kilometr masofaga ucha oladi.

Biroq dronning porshenli dvigateli baland ovozda ishlaydi, shuning uchun u ukrainaliklar orasida «moped» laqabini olgan.

Shahed Ukrainadagi frontda birinchi marta 2022 yilning sentyabr oyi o‘rtalarida qo‘llangan. O‘shandan beri ular turli shaharlar, jumladan, poytaxt Kiyevdagi obyektlarga muntazam ravishda hujum qilib kelmoqda.

Kiyev markazida Eron dronlari hujumidan keyingi vayrongarchilik
Rossiya Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari «ovi»ni qiyinlashtirish uchun dronlarni turli yo‘nalishlar bo‘ylab, masalan Dnipro daryosi uzra uchirmoqda.

Yanvar oyi oxirida AQSH savdo vazirligi ushbu dronlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Eronning yetti nafar yuridik subyektiga qarshi sanksiyalar joriy qildi.

Shahed dronlari ham o‘z-o‘zidan AQSH milliy xavfsizligi va tashqi siyosiy manfaatlariga zid bo‘lgan qurollar sifatida AQSHning eksport nazorati ro‘yxatiga kiritildi.

Sanksiyalar ro‘yxatidagi kompaniyalarning ba’zilari Eron rejimining harbiy tashkiloti — Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador.

Bu vaqtda, bir qator tahlilchilar va ommaviy axborot vositalari Shahed'ni yuz foiz Eron mahsuloti deb atash mumkin emasligini aniqladi. Dronning katta miqdordagi ehtiyot qismlari chetdan import qilinadi.

Xususan, AQSHning CNN telekanali jurnalistlari Shahed-136 dronining 52 ta ehtiyot qismidan 40 tasi AQSHning 13 ta turli kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilganini aniqladi. Yana 12 ta komponent esa Kanada, Shveysariya, Yaponiya, Tayvan va Xitoy firmalari tomonidan ishlab chiqarilgan.

Ukrainada urib tushirilgan Eron dronlarini tadqiq qilgan Britaniyaning Conflict Armament Research tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Shahed'ning barcha komponentlarining 82 foizi AQSHda joylashgan kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan.

Shu bilan birga, nashr mualliflari ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchi biror kompaniya AQSHning Eronga qarshi sanksiyalarini buzgani va Eron jangovar dronlari uchun ehtiyot qismlarni bila turib eksport qilgani haqida hech qanday dalil topa olmagan.

Sirli mexanizm

Ushbu dronning qanday o‘ziga xosliklari borligini bilish uchun BBC News Ukraine nashri Ukrainada urib tushirilgan Shahed'larning «ichki qismlari»ni to‘g‘ridan to‘g‘ri tekshirgan inson bilan suhbatlashgan.

Bu harbiy xizmatchi, armiya aloqalari, radioelektron razvedka (RER) va radioelektron urush (EW) bo‘yicha mutaxassis Sergey Beskrestnovdir (blogger Sergey Flesh nomi bilan ham tanilgan).

Sergey Beskrestnov Shahed'ni sodda dron deb atab bo‘lmasligini aytadi
Uning qayd etishicha, Shahed dronini ishlab chiqarish juda oddiy, ammo uning elektronikasi eskirib qolgandek ko‘rinsa-da, ancha yaxshi ishlangan.

Beskrestnov Shahed'ning parvozlarni boshqaruvchi kuchli protsessor tizimiga ega ekaniga e’tibor qaratgan. Bundan tashqari, uning ba’zi elementlari (rele va mahkamlagichlar) Rossiya harbiy zavodlarida ishlab chiqarilgan.

Biroq, Sergeyning qayd etishicha, hozirda Rossiya ushbu dronlarni ishlab chiqarishda qanchalik darajada ishtirok etganini aniqlash qiyin.

«Bu yerda nimadir deyish qiyin. Yoki elementlarning bir qismi to‘liq Rossiyada ishlab chiqarilgan, yoki Rossiya Eronga elementlarning ushbu qismini ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar va texnologiyalar yetkazib bergan», deydi mutaxassis.

Lekin nega nisbatan oddiy xudkush dronga bunday kuchli protsessor tizimi kerak? Beskrestnov bu kelajakka «tayyorgarlik» ekanini ta’kidlagan.

Beskrestnovning so‘zlariga ko‘ra, hozir Shahed'lar bitta-bitta hujum qiladi, kelajakda esa ular «to‘da» bo‘lib, ya’ni bir vaqtning o‘zida bir nechta dronlar bilan hujum qilinishi mumkin.

«Bu yerda gap hisoblash quvvati haqida emas, balki avionikadan keluvchi buyruqlar va signallarni qayta ishlashdagi yuqori tezlik haqida. Dronlar uchun bu juda muhim. Va bu, shubhasiz, ushbu turdagi dronlarning kelajakdagi rivojlanishi garovidir», deydi Sergey.

Eronliklar dronining protsessor tizimi. Sergey Beskrestnovning aytishicha, undagi detallar orasida Rossiyada tayyorlanganlari ham bor.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, hozirda Shahed parvoz paytida hech qanday ma’lumot uzatmaydi, lekin uning sxemasida tashqi antennalarga ulash mumkin bo‘lgan to‘rtta uzatuvchi mavjud. Uzatuvchilardan biri hatto antennaga ulangan, lekin u juda kam quvvatga ega. Nega?

Sergeyning tushuntirishicha, uzatuvchilarning kuchi juda kichik, taxminan 10 megavatt. Shuning uchun baza bilan aloqa haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Kiyev uzra uchayotgan Shahed. Foto: AFP
Katta ehtimol bilan bu kelajak uchun funksionallik bo‘lib, bu dronlarga havoda guruh bilan ishlashga va bir-biri bilan yoki yirik Muhajer dronlari bilan birgalikda harakat qilishga imkon beradi.

Mutaxassis fikricha, Eron o‘z dronlari uchun zarur elektronikani olishda katta kuch sarflashi shart emas edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu dunyodagi ko‘plab zavodlar tomonidan ishlab chiqarilgan «tijoriy iste’mol tovarlaridir».

«Bu elementlarning barchasi harbiy maqsadlarda ishlab chiqarilmaydi. Bunday yetkazib berishlarni to‘xtatib qo‘yishning iloji yo‘q. Qolaversa, bunday ta’minot kichik partiyalarda yuboriladi. Ularga hatto global miqyosda ham hech kim e’tibor qaratmaydi», deydi Beskrestnov.

Shahed qanday ishlaydi?

Dronga sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimiga asoslangan to‘liq parvoz marshruti yuklanadi.

«Ammo ukrainalik harbiylar ushbu GPS sun’iy yo‘ldosh signalini to‘sib qo‘ya olmaydi yoki uning koordinatalarini o‘zgartira olmaydi», deydi elektron urush bo‘yicha mutaxassis.

Beskrestnovning tushuntirishicha, gap CRPA texnologiyasidan (Controlled Reception Pattern Antennas — signal qabul qilish tizimi) foydalanishda: CRPA, obrazli ma’noda, matematik ishlovga ega 4 ta antennadan iborat antenna tizimidir. U bizning pastdan boruvchi barcha radioelektron urush tizimlarimizning signallarini o‘chiradi va hatto yuqoridan keluvchi ikkita shovqinga qarshi ham kurasha oladi. Agar ular uchta bo‘lsa Shahed o‘z yo‘nalishidan chiqib ketadi.

Bu muammoni hal qilish mumkinmi? Bu yerda fantaziyalar uchun maydon katta, ammo hozirgacha bular asosan taxminlar.
Masalan, sun’iy yo‘ldosh signaliga pastdan emas, balki yuqoridan xalaqit beradigan dirijabllarni, dronlarni yoki radioelektron urush tizimlari joylashtirilgan zondlarni uchirish mumkin.

Eronliklar dronining qabul qilish-uzatish moduli

Shahed foydalanadigan CRPA antenna tizimi
Sergey Beskrestnovning so‘zlariga ko‘ra, Shahed'ning dvigateli dronning eng qimmat qismi hisoblanadi. «U murakkab emas, lekin uzoq masofaga uchish uchun ishonchli bo‘lishi kerak», deydi u.

Shahed'ning dvigateli muvaffaqiyatli nemis modelining nusxasi bo‘lib, u Eron va Xitoydagi zavodlarda ishlab chiqariladi. Uning eng muhim xususiyati kuchga nisbatan past og‘irlikdir.

Uning asosiy kamchiligi mopedning ovoziga o‘xshash kuchli shovqinidir. Ukrainalik harbiylar hozirda aynan shu kamchilikdan foydalanadi. Shahed'larni aniqlash uchun akustik radarlar, shuningdek, radio radarlar va nishonni qo‘lda mo‘ljalga olish uskunalari ishlatiladi.

«Bizga ma’lum darajada omad kulib boqmoqda, chunki Rossiyada bu dasturni qanday ishlatishni bilmaydigan yoki shunchaki dangasa odamlar boshqarmoqda. Ular Shahed tipidagi hujumkor dronlarning barcha imkoniyatlaridan foydalanayotgani yo‘q», deydi Sergey.

Shahed'ning ikki silindrli dvigateli. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, bu dronning eng qimmatbaho detalidir, bu unga katta masofaga harakatlanish imkonini beradi. Foto: ANDRІY SAPLІЄNKO
Ukraina hozirda Shahed'ning muqobilini, ya’ni arzon, ammo juda samarali va oddiy zarbdor dronni yarata oladimi?

Beskrestnov bunga shubha qilmaydi. Ukraina uchun yagona muammo — elektron qismlarni topish.

«Ukrainada bunday dronlarni ishlab chiqarish uchun barcha zarur mutaxassislar va imkoniyatlar bor. Muammo faqat elektronikada. Dvigatel, kuzov, boshqaruvchilar — hammasini hal qilish mumkin, ammo shaxsiy CRPA tizimini yaratish oson emas. Ammo biz boshqa mamlakatlardan tayyor yechimlarni sotib olishimiz mumkin», deydi ekspert.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo