![Qo‘shni shaharlarni vayron qilgan zilziladan Erzin shahri omon qoldi. Qanday qilib?](/uploads/posts/2023-02/0dquqdqyyjuq541ld9nosectmd5vyvxs.jpg)
Foto: Getty Images
Nurdagi va Erzin shaharlari Turkiyaning janubi-sharqida, bir-biridan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ularning ikkisi ham 6 fevral kuni Turkiya va Suriyada sodir bo‘lgan zilzila epimarkaziga yaqin edi (bu zilzila Turkiya uchun 1939 yildan beri eng yirik zilzila bo‘ldi). Ushbu tabiiy ofat oqibatida Nurdagi shahri butunlay vayron bo‘lgan va endi qayta quriladi, Erzin shahrida esa hech kim jabrlanmagan, birorta ham bino vayron bo‘lmagan. «Erzindagi mo‘jiza»ga nima sabab bo‘ldi?
Turkiya hukumati millionlab noqonuniy qurilishlar uchun amnistiya e’lon qildi. Mutaxassislar ushbu amnistiya katta falokatga olib kelishini uzoq vaqtdan beri aytib kelayotgandi
Erzin shahrini zilziladan nima qutqarganini tahlil qilishdan oldin, bir qadam ortga chekinish va Turkiyaning so‘nggi o‘n yilliklardagi qurilish siyosati qanday tuzilganini tushunish kerak. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 41 mingdan ortiq (Suriyani ham hisobga olsa 47 mingdan ziyod) odam halok bo‘lgan ushbu dahshatli zilzila bunday keng ko‘lamli oqibatlarga olib kelishining sabablaridan biri sifatida ko‘pchilik Rajab Toyyib Erdo‘g‘an partiyasi hukmronligi davrida mamlakatda qurilgan uylar va boshqa binolarning sifatsizligini ko‘rsatadi.
Turkiyada haqiqiy qurilish «portlashi» 2000-yillar boshlarida, Erdo‘g‘an boshchiligidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) hokimiyatga kelishi bilan sodir bo‘ldi. Turkiya Statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan o‘n viloyatdagi binolarning taxminan 51 foizi 2001 yildan keyin qurilgan. E’tiborlisi, Erdo‘g‘an davrida Turkiyada binolarning ruxsat etilgan maksimal balandligi 20 qavatdan 37 qavatga oshirilgan edi.
Turkiyada AKP hukmronligi davrida sakkiz marta ro‘yxatga olinmagan qurilish ishlari uchun amnistiya e’lon qilingan.
«Saylovchilar ovozi va pul uchun (noqonuniy qurilishlarni) kechirdingiz, ammo zilzila kechirmadi», degan Turkiya hukumatini tanqid qiluvchi «Sözcü» gazetasi sharhlovchisi Erdo‘g‘an Suzer.
Turkiya tarixidagi eng so‘nggi va yirik qurilish amnistiyasi 2018 yil may oyida parlament va prezidentlik saylovlari oldidan e’lon qilingandi. Hukumat qaroriga ko‘ra, 2017 yil 31 dekabrigacha qurilgan barcha noqonuniy binolar egalarining arizalari asosida va tegishli to‘lov evaziga amnistiya qilinishi mumkin edi. Amnistiya uchun jami 10 millionga yaqin arizalar kelib tushgan bo‘lib, ulardan 1,8 millionga yaqini ma’qullangan (xususan, yaqinda sodir bo‘lgan zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan viloyatlarda 294 mingdan sal ko‘proq noqonuniy bino amnistiya qilingan).
O‘shanda davlat g‘aznasiga 25,5 milliard turk lirasidan ko‘proq mablag‘ kelib tushgan (hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 1,3 milliard dollar), biroq o‘sha paytdayoq ko‘plab ekspertlar bu qaror oqibatlari haqida ogohlantirdi. Masalan, 2019 yilda Qurilish muhandislari milliy palatasi raisi Jemal Go‘kche amnistiya uchun mas’ul amaldorlar o‘zlarining qarorlari sabab «Turkiya shaharlarini (zilzila sodir bo‘lgan taqdirda) qabristonga aylantirishi mumkinligi» haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri ogohlantirgan.
«Erzindagi mo‘jiza» — qattiq shaharsozlik siyosati natijasi. Shaharda noqonuniy va ko‘p qavatli binolar qurilmagan
Jemal Go‘kchening dahshatli bashorati 6 fevral kuni amalga oshdi. Ba’zi turk shaharlari yer yuzidan deyarli yo‘q bo‘ldi, lekin hammasi emas. Zilziladan keyingi dastlabki kunlarda Turkiyadagi haqiqiy qahramon Erzin shahri meri Okkesh Elmaso‘g‘li bo‘ldi. U darhol feysbukdagi sahifasida tabiiy ofat paytida uning shahrida hech kim halok bo‘lmagani haqida e’lon qildi. Qolaversa, 41 mingga yaqin inson yashovchi Erzin sharida birorta ham bino vayron bo‘lmagan, faqatgina bir necha uy qisman zarar ko‘rgan.
Bu mo‘jizaning ahamiyati Erzindan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan, aholisi soni bir xil bo‘lgan Nurdagi shahri bilan solishtirganda yanada yaqqol ko‘rinadi. Zilzila Nurdagi shahridagi uy-joy fondini butunlay vayron qilgan.
«Biz qattiq qayg‘udamiz. Biz butun uy-joy fondini 100 foiz buzamiz. Uylardan birining vayronalari ostidan 150 kishi jasadini olib chiqdik. Biz hamma narsani qayta quramiz», degan Shirnak viloyati gubernatori Usmon Bilgin.
Erzin hokimi Elmaso‘g‘li tabiiy ofat oqibatlaridagi bunday farqni mo‘jiza deb hisoblamaydi. Elmaso‘g‘li Erzinda vayronagarchilik va qurbonlar yo‘qligini u hokim bo‘lgan vaqtda shaharda noqonuniy bino barpo etilishiga hech qachon yo‘l qo‘ymagani va quruvchilardan barcha zarur me’yorlarga rioya etishni qat’iy talab qilgani bilan ratsional tushuntiradi.
«Men hatto qarindoshlarimning uylari qurilishiga ham (taqiqlovchi) muhr bosdim. Chunki biz qonun-qoidaga amal qiluvchi jamiyatga aylanmagunimizcha, shunday falokatlarga duch kelaveramiz. Mas’uliyatni nafaqat mahalliy hukumatlar, balki fuqarolar ham o‘z zimmalariga olishi kerak», degan u zilziladan bir hafta o‘tib bergan intervyusida.
Hokim jurnalistlarga bergan izohlarida o‘zini qahramon deb hisoblamasligini ta’kidlagan. Uning shaxsiga haddan tashqari e’tibor jamiyatni zilzila oqibatlarini bartaraf etishdan chalg‘itishi mumkinligini hisobga olib, u oxirgi vaqtlarda intervyu berishdan butunlay voz kechishga qaror qilgan.
«Ishoning, hozir bu mavzu atrofida juda ko‘p tortishuvlar paydo bo‘ldi va u butunlay boshqa tomonga burilib ketdi», deya javob bergan Elmaso‘g‘li «Meduza» nashri so‘roviga.
Erzin shahri ma’muriyati veb-saytida hozirgi merning juda oddiy tarjimayi holi keltirilgan. Unda uning 1979 yilda tug‘ilgani, ma’lumoti huquqshunos ekani, uzoq yillar advokatlik sohasida ishlagani yozilgan. Elmaso‘g‘li turmush qurgan, ikki qizi bor.
2019 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan munitsipal saylovlarda Elmaso‘g‘li muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasidan nomzod sifatida ishtirok etgan va 60,4 foiz ovoz bilan shahar hokimi etib saylangan. Bungacha u o‘zidan oldingi mer Qosim Shimshek davrida (2009-2019 yillarda bu lavozimda bo‘lgan) ko‘p yillar Erzin shahar kengashini boshqargan.
Shimshek, hukmron AKP partiyasi a’zosi bo‘lishiga qaramay, o‘zining so‘zlariga, noqonuniy qurilishlar va qurilish me’yorlariga rioya qilmaslik holatlariga qattiq munosabatda bo‘lgan.
«Bugun yaralar davolanadigan kun, hammamiz og‘ir darddamiz. Ammo yuragimdagi dardni yengib aytishim mumkinki, biz munitsipalitet sifatida hech qanday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymadik. Shu ma’noda mening vijdonim toza. Men 50 yil avval qurilgan binolari bor shaharni o‘n yil davomida boshqardim», degan Erzin shahrining sobiq hokimi 12 fevral kuni bergan intervyusida.
Shahar aholisi aytishicha, Erzinning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shaharda ko‘p qavatli binolar yo‘qligi: eng katta binolar olti-sakkiz qavatdan oshmaydi, turar joy binolari balandligi esa maksimum to‘rt qavat.
Erzin Turkiyada zilziladan qurbonlarsiz o‘tgan birinchi shahar emas. 1999 yilda qat’iyatli hokim Tavshanjil shahri tabiiy ofatdan omon qolishiga yordam bergan
Yo‘qotishlar hali to‘liq hisoblanmagan tabiiy ofat oqibatlari bartaraf etilarkan, Turkiyada 1999 yil 17 avgustda Istanbuldan 100 kilometr uzoqlikdagi Izmit shahri yaqinida sodir bo‘lgan xuddi shunday 7,6 magnitudali zilzila eslanmoqda. Ushbu zilzila natijasida 20 mingga yaqin inson halok bo‘lgan.
Ushbu yer qimirlashi va bugungi kun bilan parallellar mavjud, jumladan, o‘sha paytda ham birorta binoga zilzila ta’sir qilmagan va birorta ham odam jabrlanmagan yagona shahar bor edi. Zilzila epimarkaziga qarama-qarshi, Izmit qo‘ltig‘i qirg‘og‘ida joylashgan 4,5 ming aholiga ega Tavshanjil shahri ham shahar hokimi Solih Gyun tomonidan uylar va boshqa binolarning noqonuniy qurilishi qattiq nazorat qilingani tufayli falokatdan omon qolgandi.
«Mintaqamizdagi seysmik xavfni inobatga olib, biz olimlar bilan maslahatlashdik. Ular bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hududdagi binolarning ruxsat etilgan maksimal balandligi uch qavat. Biz ushbu ko‘rsatmaga qat’iy rioya qildik», deya eslaydi Turkiyada katta shuhrat qozongan mer Gyun.
Gyun hokim bo‘lgan davrida ko‘plab nufuzli shaxslar unga ko‘p qavatli uylar qurish uchun litsenziya berishni so‘rab, katta miqdorda pora taklif qilganini aytgan.
«Agar rozi bo‘lsam, villada yashashim va bir nechta shaxsiy yaxtaga ega bo‘lishim mumkin edi. Ammo o‘shanda bu ishni qilganimda shahrimizda yuzlab insonlar halok bo‘lardi», deydi marhum hokim (Gyun 2022 yilda koronavirus oqibatida vafot etdi).
Gyun o‘z siyosatining asosi «inson hammasidan muhim» formulasi ekanini ta’kidlagan.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar