13:41 / 21.03.2023
307

Si Jinping Moskvada. Tashrifning birinchi kuni qanday o‘tdi?

Foto: Sergey Karpuxin / TASS / Kreml matbuot xizmati

XXR raisi Si Jinping dushanba kuni Moskvaga uchib keldi – bu 2019 yildan beri va 2022 yil fevralida Ukrainada boshlangan urush davridagi ilk tashrifdir. Xitoy yetakchisining safari uch kun davom etadi. Birinchi kuni ikki mamlakat rahbarlari Kremlda norasmiy uchrashuv o‘tkazishdi.

Xitoy yetakchisi samolyoti 20 mart kunining ikkinchi yarmida Moskvadagi «Vnukovo–2» aeroportiga qo‘ndi. Asosiy muzokaralar seshanba kuniga belgilangandi, dushanba kuni esa davlat raharlari norasmiy suhbat o‘tkazishdi va bu 4,5 soat davom etdi.

Suhbatning matbuot uchun ochiq qismida Vladimir Putin xitoylik hamkasbini XXR raisligiga qayta saylangani munosabati bilan tabrikladi.

Si Jinping esa o‘z navbatida Rossiya fuqarolari 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Putin nomzodini qo‘llashiga ishonch bildirdi. Keyinroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Si Jinping Putinning 2024 yilgi saylovlardagi ishtiroki haqida emas, faqat Putinning Rossiya aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risida gapirganini aytdi.

Bundan tashqari, suhbatning ochiq qismida Vladimir Putin Rossiya Xitoyning Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha tashabbusiga «hurmat bilan qarashi» va Xitoy rejasini «diqqat bilan o‘rganib chiqqani»ni aytgan.

G‘arb mamlakatlari bu rejaga skeptik yondashib, Pekin odatda Kremlning pozitsiyasi va qarorlarini qo‘llashga moyil ekanini ta’kidlashgan.

Tashrif rafasida Xitoydagi «Jenmin jibao» gazetasida Putinning maqolasi e’lon qilingandi. «Rossiyskaya gazeta»da esa Si Jinpingning maqolasi chiqdi. Ikki siyosatchi ham nafaqat Moskva va Pekin hamkorligi to‘g‘risida, balki Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi to‘g‘risida ham yozgan.

«Ukraina inqirozidan oqilona chiqish»

«O‘tgan yil boshidan buyon Ukraina inqirozi total keskinlashuvi kuzatilmoqda», - deya ta’kidlaydi XXR raisi va avvalroq tinchlik bo‘yicha takliflarini bayon qilganini eslatadi.

Boshqa narsalar qatori Si Jinping «barcha davlatlarning xavfsizlik sohasidagi mantiqiy xavotirlari hurmat qilish»ga chaqiradi, bu esa Moskva va Putinning Ukrainaga bosqinni oqlash uchun keltiradigan bayonotlariga to‘la mos keladi.

«Ishonchimiz komilki, agar barcha umumiy, yaxlit va barqaror xavfsizlik konsepsiyasiga amal qilsa, Ukraina inqirozidan oqilona chiqish va dunyoda mustahkam tinchlik va umumiy xavfsizlik tomon yo‘l topiladi», deya yozadi Xitoy rahbari.

Putin «Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar» bilan bog‘liq «muvozanatli liniya» tanlagani uchun va «bu voqealarning kelib chiqishi va haqiqiy sabablarini tushungani» uchun Pekinga minnatdorchilik bildirib, o‘z maqolasida Rossiya «Ukraina inqirozini siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun ochiq ekani»ni ta’kidlaydi.

Shu bilan birga Putin muzokaralar yo‘qligi va kutilmayotganida yana bir bor G‘arbni ayblagan: «Afsuski, Rossiyaga qo‘yilayotgan ultimatum talablari faqat bunday reallikdan ayrolik va mavjud vaziyatdan chiqish yo‘lini izlashga qiziqish yo‘qligini ko‘rsatadi».

Kremlda nima kutishmoqda?

Foto: Getty Images

Putin Si Jinpingni Moskvaga o‘tgan yil oxirida o‘tkazilgan onlayn-muzokaralar chog‘ida taklif etgandi. O‘shanda xitoyliklar yetakchisi javob nutqida bu taklifga javob qaytarmagandi.

XXR Moskvaga tashrif buyurishi haqida faqat juma kuni dastlab Kremlda e’lon qilindi, keyin bu ma’lumot Xitoy TIV tomonidan tasdiqlandi. Rossiyaning uchrashuv to‘g‘risidagi bayonotida muzokaralar chog‘ida «har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlik» masalalari muhokama qilinishi aytilgan.

«Si Jinping prezident Putin bilan ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, umumiy tashvishga sabab bo‘luvchi asosiy xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashadi... va ikki tomonlama munosabatlar rivojiga yangi turtki olib keladi», dedi o‘tgan hafta juma kuni Xitoy TIV rasmiy vakili Van Venbin Associated Press nashriga.

Bu XXR raisining Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan buyon ilk bor Moskvaga tashrif buyurishidir, ammo kutilayotgan uchrashuv to‘g‘risidagi dastlabki xabarlarda Moskva ham, Pekin ham urushni muhokama mavzusi sifatida to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olmadi. Juma kuni kunduzi Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Ukraina baribir muloqot mavzularidan biri bo‘lishini tan oldi.

«Albatta, Ukrainadagi ziddiyat muhokama etiladi. Biz Xitoy rahbarining mazkur masaladagi vazmin, o‘lchovli pozitsiyasini yuqori baholaymiz, biz Xitoyning tinchlik rejasidan xabardormiz», deya Ushakovning so‘zlarini keltirgan «Interfaks». Dushanba tongida Peskov ham Xitoyning tinchlik tashabbusi muhokama qilinadimi deya berilgan savolga shunday javob qaytardi: «Shubhasiz, Ukraina kun tartibida turadi, shuning uchun, albatta, ishonch bilan taxmin qilishimiz mumkinki, bu masala u yoki bu tarzda ko‘rib chiqiladi».

Undan avvalroq Xitoy TIV Pekin Ukrainadagi urush bo‘yicha «xolis va adolatli» pozitsiyaga intilishi, shuningdek Kiyev va Moskva o‘rtasida tinchlik muzokaralari yo‘lga qo‘yilishida konstruktiv rol o‘ynashga tayyorligini ma’lum qilgandi.

Jinping Moskvaga 2019 yildan buyon ilk bor keldi. Bu uning XXR raisligiga uchinchi bor saylanishidan keyingi ilk xorijiy tashrifi bo‘ldi.

«Ularga urush Rossiyadagi hozirgi rejimni qulatmasligi muhim»

«O‘ylaymanki, biz muzokaralar kun tartibining tarkibiy qismlari bo‘yicha ko‘p ma’lumotga ega bo‘la olmaymiz. Birinchi navbatda, «harbiy» jihat - imzolangan kelishuvlarni», deydi BBC bilan suhbatda Karnegi fondi katta ilmiy xodimi Aleksandr Gabuyev.

Ekspertning fikricha, ikki davlat yetakchilari boshqa narsalar qatorida Xitoyga Rossiya texnikalari va texnologik yechimlari yetkazib berilishi masalasini muhokama qilishadi. «Bular haqida biz keyinroq bilib olishimiz mumkin. Xitoy harbiy texnikalari - birinchi navbatda, sarflanadigan materiallar, snaryadlar yetkazib beriladimi, yo‘qmi, aytish qiyin. Hozircha front uchun bunga katta ehtiyoj yo‘q», deb hisoblaydi Gabuyev.

«Umuman olganda, Xitoyga front chizig‘i qayerdan o‘tishi - 100 km g‘arbdan yoki 100 km sharqdan o‘tishi, Baxmut ustida kimning bayrog‘i hilpirashining farqi yo‘q. Ularga urash Rossiyadagi hozirgi rejimni kollapsga tushirmasligi va Moskvada demokratik, g‘arbparast hukumat o‘rnatilmasligi muhim», deya taxmin qiladi ekspert. - Hozircha buning ehtimoli juda kam, shunday ekan, [Pekin uchun] to‘satdan keskin harakatlar qilish ma’noga ega emas».

Gabuyev Xitoy Ukraina va Rossiya uchun taklif qilgan «tinchlik rejasi»ni «Xitoy Moskvaga kelishi»ga va Rossiya bilan munosabatlarni chuqurlashtirishga imkon beradigan «anjir bargi» deb atagan va shu bilan birga bu «muzokara dastagi» o‘ta zaif bo‘lgan Rossiya tushib qolgan murakkab vaziyatdan «surbetlarcha foydalanish» emasligini ta’kidlagan.

«Xitoyning ko‘plab variantlar bor, - deya ishonch bilan aytadi ekspert. - Urushga qadar ham munosabatlarda asimmetriya mavjud edi, ammo urush boshlanganidan keyin Xitoyning bu juftlikdagi pozitsiyasi ancha kuchliroq va Xitoyning «muzokara dastagi» Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi geoiqtisodiy qarama-qarshilik hamda Ukrainadagi urush davom etayotgani sababli oydan oyga mustahkamlanib bormoqda».

Uning fikricha, Moskvadagi muzokaralarda, katta ehtimol bilan kelishuvlarning yirik iqtisodiy paketi qabul qilinadi. «Ulardan qaysilari ochiqlanishini bilmaymiz, - deya qo‘shimcha qiladi Gabuyev. - «Sila Sibiri-2», Skovorodino-Moxe neft quvuri kengaytirilishi, tinch atom, milliy valutalarda savdoni kengaytirish - va shunga o‘xshash hamma narsa».

Bloomberg agentligi yozishicha, Rosiya gazi yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar Si Jinping Putinni qanchalik kuchli qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatib beradi. Rossiya «Sila Sibiri-2» gaz quvuri bo‘yicha kelishuvga erishishni istamoqda. 2022 yilda Rossiya energiya tashuvchilarining Xitoyga importi keskin o‘sgan.

«O‘tgan yili Ukrainaga bostirib kirib, Yevropadagi asosiy bozorlaridan ayrilgunicha dunyodagi eng yirik gaz eksportchisi bo‘lgan Rossiya Xitoyga gaz yetkazib berish hajmini oshirishga intilmoqda. Ammo buning uchun yangi quvurlar kerak», deya yozadi Bloomberg.

Xitoyning «tinchlik rejasi». G‘arb bunga shubha bilan qaraydi

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining bir yilligi munosabati bilan Xitoy Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasini taqdim etdi. Reja 12 ta, jumladan: «harbiy harakatlarni to‘xtatish», «to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni tiklash», «barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qilish», «bir tomonlama sanksiyalarni tugatish» kabi bandlardan iborat.

G‘arb davlatlari bu rejaga shubha bilan qaramoqda va Pekin odatda Kreml qarorlari va pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashga moyil ekanini ta’kidlamoqda.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Xitoy Rossiyaga qurol yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Xitoy bu kabi ayblovlarni doimo rad etib keladi.

Si Jinping va Zelenskiy o‘rtasida ham muzokaralar bo‘lib o‘tadimi?

Amerikaning The Wall Street Journal nashri avvalroq Si Jinping Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan gaplashishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi – bu ham urush boshlanganidan beri birinchi marta. Gazetaning yozishicha, bu Moskva tashrifidan keyin videorejimda amalga oshishi mumkin.

Biroq Pekin Kiyevning Si Jinping va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni tashkil etishga urinishlariga hozircha ijobiy javob qaytargani yo‘q. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba avvalroq Zelenskiy Xitoy prezidenti bilan telefon orqali muloqot qilishga tayyorligini aytgandi.

Ukraina va Xitoy o‘rtasida 2011 yildan beri e’lon qilingan «strategik sheriklik»ka qaramay, Rossiya bosqinining butun davrida Si Jinping va Volodimir Zelenskiy o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar bo‘lmagan. Faqat Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba XKP Markaziy qo‘mitasi tashqi ishlar komissiyasi devonxonasi rahbari, Xitoyning sobiq tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi. Shu bilan birga, Van I AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan ham uchrashgan edi.

Van I fevral oyi oxirida Moskvaga tashrif buyurdi va u yerda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan muzokaralar o‘tkazdi, so‘ngra Vladimir Putin bilan uchrashdi.

Moskva va Pekinning «cheksiz hamkorligi»

16 mart kuni Ukraina va Xitoy tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Xitoy vakilining aytishicha, Pekin Ukrainadagi urush avj olganidan xavotirda va Moskva va Kiyev tinchlik muzokaralariga qaytishini istaydi. Xitoy TIV rahbari, shuningdek, mojaroga siyosiy yechim topish uchun tezkor harakatlarni kutayotganini aytdi.

«Davlat maslahatchisi va Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gang bilan suhbat chog‘ida biz hududiy yaxlitlik tamoyilining ahamiyatini muhokama qildik. Men Ukrainada agressiyani to‘xtatish va adolatli tinchlikni tiklash uchun Zelenskiyning «tinchlik formulasi» muhimligini ta’kidladim», dedi Dmitro Kuleba, muzokaralar haqida fikr bildirib.

Xitoy va Rossiya «cheksiz» hamkorlikni 2022 yil fevralida, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanishidan sal avval e’lon qilgan edi. Bu haqda Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Olimpiya o‘yinlari uchun Xitoyga tashrifi chog‘ida gapirgandi.

O‘shandan beri, aftidan, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlandi. Urush boshidan beri Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi savdo hajmi sezilarli darajada o‘sdi va G‘arb sanksiyalaridan keyin Xitoy Rossiya neftining eng yirik xaridoriga aylandi.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo