![Turkiyada saylovlar: Erdog‘anning raqiblari «otni qamchilamoqda»](/uploads/posts/2023-03/230330161039.jpg)
Turkiyaning “Rasmiy gazeta”sida Oliy saylov kengashi (OSK) Prezidentlik saylovi uchun arizalari qabul qilingan nomzodlar ro‘yxati e’lon qilindi. OSK qaroriga ko‘ra, 2023 yil 14 may kuni o‘tkaziladigan saylovlarda “Millat” ittifoqidan Kamol Qilichdoro‘g‘li, “Mamlakat” partiyasidan Muharram Inja, “Jumhuriyat” ittifoqidan Rajab Toyyib Erdog‘an, “Ata” ittifoqidan Sinan Og‘anning nomzodlik arizalari qabul qilingan. Yana sakkiz kishining arizasi rad etilgan. Hozir nomzodlarni o‘rganish jarayoni ketmoqda. Yakuniy ro‘yxat bugun ma’lum bo‘ladi.
Yangi qabul qilingan qonunlarga ko‘ra, saylovlarning birinchi turida 50 foizdan ko‘p ovoz olgan nomzod g‘olib chiqadi. Agar nomzodlarning birortasi buncha ovoz yig‘olmasa, eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod ikkinchi turda yana raqobatga kirishadi.
Nomzodlar ichida Erdog‘anni tanimagan o‘zbekistonlik deyarli yo‘q. Qilichdoro‘g‘li haqida esa avvalroq ma’lumot berganmiz Boshqa ikki nomzod: Muharram Inja va Sinan Og‘an haqida esa yurtdoshlarimizda ma’lumot kamligi turgan gap.
Muharram Inja kim?
Muharram Inja bundan oldingi saylovda (2018 yili) asosiy muxolifat Jumhuriyat Xalq partiyasi tomonidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan va u Erdog‘anning asosiy raqobatchisi sifatida tilga tushgandi.
2002 yildan beri Turkiya parlamenti deputati, shu bilan birga u maktabda fizika fanidan dars ham berib keladi.
O‘tgan davr mobaynida u Prezidentning o‘g‘li Bilol Erdo‘g‘anni AQSHda o‘qishi hamda imom xatib litseylarini tanqid qilishi, diniy ta’limga qarshi chiqishi bilan yodda qolgan.
U parlamentda deputat Turon Cho‘mazning “agar imom xatib litseyida o‘qimaganimda hozir ketmon chopib yurgan bo‘lardim”, degan gapiga "Agar siz oddiy maktabga borganingizda, Oksford universitetiga kirgan bo‘lardingiz”, deya javob qaytargani ham turkiyaliklarning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Ya’ni u aksar “JXPchilar” qatori dindorlarga qarshi kayfiyatini yashirmay kelgan. Demakki uni islomga qarshi odamlargina qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Muharram Inja 2018 yilgi saylovlarda yutqazganidan keyin JXPdan chiqib ketib, “Mamlakat” degan partiyasini tuzadi. Muharram Inja Turkiya qonunlariga ko‘ra yuz ming saylovchi ovozini to‘plagan holda Prezidentlik saylovida qatnashish imkonini qo‘lga kiritdi.
Ozarbayjon nomzod
Strategik tadqiqotchi va siyosatchi Sinan Og‘an 1967 yilda Turkiyaning Ig‘dir viloyatida ozarbayjon millatiga mansub oilada tug‘ilgan. 2011 yilgi saylovlarda Ig‘dir viloyatidan deputat etib saylangan.
Moskva davlat xalqaro munosabatlar universitetida doktoranturani tamomlagan. U rus va ingliz tilini biladi. Marmara universiteti Turkshunoslik institutida ilmiy xodim, Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universitetida o‘qituvchi va dekan muovini lavozimlarida ishlagan. TIKA ning Ozarbayjondagi vakili bo‘lgan. Ozarbayjon prezidenti tomonidan davlat ordeni bilan taqdirlangan.
U Yevroosiyo strategik tadqiqotlar markazi Rossiya va Ukraina bo‘yicha tadqiqotlar byurosining rahbari bo‘lgan. Uchta kitobi va 500 dan ortiq maqolalari chop etilgan. Sinan U ATA alyansi tomonidan 2023 yilgi Turkiya prezidentligi saylovida nomzod sifatida ko‘rsatilgan. U 2023 yil 26 mart kuni nomzodlik uchun talab etiladigan 100 000 ta imzoni to‘pladi.
Ata ittifoqi (yoki Ata alyansi) haqida
Shu yil 11 martda Zafar partiyasi, Adolat partiyasi, O‘lkam partiyasi, To‘g‘rilik partiyasi va Turkiya Ittifoqi partiyalari tarafidan tuzilgan saylov ittifoqi. Prezidentlik saylovida Sinon Og‘anning nomzodi ilgari surilgach, To‘g‘rilik partiya ittifoqdan chiqib ketdi.
Saylovchilarning 16 foiziga yaqini o‘ziga ovoz berishiga ishonayotgan Sinan Og‘an: "O‘ylaymanki, g‘alaba qozonamiz, ikkinchi turga chiqamiz. Muvaffaqiyatsiz bo‘lsak, ko‘ramiz" dedi.
Erdog‘an nomzodiga e’tirozlar
Avvaldan muxolifat vakillari Erdog‘anning oldindagi saylovlarda qatnashish huquqi yo‘qligini iddao qilib kelardi. Hatto bir necha marta “Agar u o‘z nomzodni ilgari sursa, sudga beramiz”, deya ta’kidlashgandi. Biroq asosiy muxolifat o‘zining nohaqligini bilgani uchunmi, bunday qilmadi. Shunday bo‘lsa-da, Yaxshilik (IYI), Demokratiya va Zafar hamda «Mamlakat» partiyalari Oliy saylov komissiyasiga 14 may kungi saylovlar ro‘yxatidan amaldagi prezidentning nomzodini chiqarib tashlash bo‘yicha ariza topshirdi. Chunki Turkiya qonunlariga ko‘ra bir kishi faqat ikki marta prezident sifatida saylanishi mumkin, xolos. Komissiya bu bo‘yicha yakuniy xulosani ertaga, 31 mart kuni beradi.
Adliya vaziri Bekir Bo‘zdag‘ mahalliy OAVga bergan intervyusida Erdog‘anning prezidentlikka nomzod bo‘lish huquqiga egaligini, bu borada hech qanday konstitutsiyaviy va qonuniy to‘siq yo‘qligini bildirdi. Chunki ikki saylovdan so‘ng mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilgani uchun amaldagi prezidentning oldingi saylanishlari nolga teng bo‘ladi.
Qilichdoro‘g‘li qarab turmayapti...
Muxolifatdagi partiyalarning “Oltilik” ittifoqidan prezidentlikka prezidentlikka nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li saylov kompaniyasiga zo‘r beryapti. Bu yo‘lda u har qanday qaltis yo‘ldan ham qaytmayapti. U yaqinda asosan kurdlarning manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq Demokratik partiyasi vakillari bilan uchrashdi. Kurdlar – asosan Turkiyaning janubi-sharqida yashovchi ozchilik millat. Taxminan 10 mln atrofida nufuzga ega bu millat vakillari azaldan Turkiya uchun “nozik masala” bo‘lib kelgan. Ular o‘zlariga nisbatan nohaqlik bo‘layotganini iddao qilib, hukumatdan bir qancha masalalarni, jumladan, maktablarda o‘z tilida o‘qitishni talab qilib keladi.
Hukumat tarafidan bir qancha qo‘poruvchiliklarda ayblangan va terror guruhi deb aytiladigan PKK harakati ham asosan kurdlardan iborat. Ularning peshvolari Abdulloh O‘jalon bir necha yildan beri qamoqda. Aytishlaricha, tog‘larga joylashib olgan terror guruhlari kurd bolalarini o‘g‘irlab ketib, jangovar mashqlarda qatnashtiradi va keyin ulardan Turkiyada qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishda foydalanadi. XDP yetakchilaridan biri Salohiddin Demirtosh terrorchilikda aybdor deb topilgan va 2016 yildan beri qamoqda o‘tiribdi.
PKKning maqsadi Turkiyaning sharqiy va janubi-sharqiy, Iroqning shimoliy, Suriyaning shimoli-sharqiy va Eronning shimoli-g‘arbiy hududlarida Kurdiston davlatini barpo etishdir.
Endi Kamol Qilichdoro‘g‘lining XDP rahbarlari bilan uchrashuviga qaytsak. Garchi Qilichdoro‘g‘li qurdlarning ovozini o‘z foydasiga og‘dirishni ko‘zlagan bo‘lsa-da, bu harakat qimmatga tushishi mumkin. Terrorchilikka aloqadorlikda ayblanib keladigan partiya bilan yaqinlashish JXPga va Qilichdoro‘g‘liga turk va boshqa millatlar tomonidan beriladigan ovozlarning kamayishiga olib kelishi mumkin.
Qilichdoro‘g‘li kurdlarga nimalar va’da berganini ochiq aytolmaymiz. Lekin u bilan uchrashgandan keyin XDP vakillari “Salohiddin Demirtoshni ozod qilish” va “Abdulloh O‘jalonga haykal o‘rnatish” haqida oshkora ayta boshlaganidan JXP nomzodining va’dalarini taxmin qilish mumkin.
Kamol Kilichdoro‘g‘li "Memlakat" partiyasidan prezidentlikka nomzod Muharram bilan ham uchrashgan. Muzokaralarning asosiy intrigasi Injaning Qilichdaro‘g‘li nomzodini qo‘llab-quvvatlashi bo‘lgani aytilmoqda. Ya’ni Inja o‘z nomzodini qaytarib olib, o‘z tarafdorlarini Qilichdoro‘g‘li foydasiga ovoz berishga da’vat qilish. Agar shunday bo‘lgan taqdirda, Qilichdoro‘g‘lining Erdog‘an qarshisida imkoniyatlari ortib ketishini taxmin qilish mumkin bo‘lardi. Biroq tomonlar kelishuvga erisha olishmagan va Muharram Inja nomzodlikdan voz kechmasligini ma’lum qildi.
Erdog‘an ham qo‘l qovushtirib turgani yo‘q. Raqibi Muharram Inja e’tirof etganidek, u – “avvalgi 13 ta saylovda g‘alaba qozongan odam”. Uning shaxmat yurishlari alohida mavzu.
Abdulaziz Muborak
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar