Foto: Vladlen Tatarskiy telegram-kanali
Rossiya matbuoti uni harbiy muxbir deb ataydi, ammo u jurnalist emasdi va qo‘lda qurol bilan harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Ukraina sharqida 2014 yilda urush boshlanishidan oldin u bankka qurolli talonchilik uyushtirgani uchun qamoqda o‘tirgandi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida propagandachi sifatida, shuningdek qo‘lda qurol bilan faol ishtirok etib kelgan Vladlen Tatarskiy Sankt-Peterburgdagi kafelardan birida ro‘y bergan portlashda halok bo‘ldi.
Portlash Universitet sohili ko‘chasidagi «Strit-fud bare №1» kafesida sodir bo‘ldi. Bu yerda Vladlen Tatarskiyning (uning haqiqiy ismi sharifi - Maksim Fomin) ijodiy kechasi o‘tkazilayotgandi. Portlashdan keyin uni jonlantirish bo‘limiga olib borishgan, o‘sha yerda uning joni uzilgan.
Peterburg markazidagi portlash haqida yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:50 atrofida mahalliy nashrlar tarqatgan xabarlardan ma’lum bo‘ldi. Keyinroq hodisani IIVning Sankt-Peterburg bo‘yicha boshqarmasi tasdiqladi.
«[soat] 18:13 da Vasileostrovskiy rayoni politsiyasiga Universitet sohil ko‘chasidagi 25-uyda joylashgan kafeda portlash bo‘lgani haqida xabar kelib tushgan. Hodisa oqibatida bir kishi vafot etgan, u harbiy korrespondent Vladlen Tatarskiy bo‘lib chiqdi», deyilgan politsiya xabarida.
Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, portlash oqibatida yana 32 kishi jabrlangan, shundan 24 kishi shifoxonaga joylashtirilgan, ularning olti nafari og‘ir ahvolda.
Kafeda shu kuni Tatarskiyning «ijodiy kechasi» tashkillashtirilgandi - telegram-kanallarda tarqalgan fotolarda ortida odamlar o‘tirgan ikki stol, uning qarshisida - Tatarskiyning portreti va «Yest takaya professiya voyenkor» (Shunday kasb bor - voyenkor) yozuvi aks etgan ekranni ko‘rish mumkin.
«Fontanka»ning yozishicha, guvohlar nashr muxbirlariga portlash bir qiz Vladlen Tatarskiyga gipsdan ishlangan haykalcha sovg‘a qilganidan biroz o‘tib ro‘y bergan. Bu haqda keyinroq TASS ham xabar qildi. ReN-TV e’lon qilgan kadrlarda Tatarskiy o‘zining harbiy kaskadagi byustini ko‘tarib turgani aks etgan.
«Fontanka» suhbatdoshi tasdiqlashicha, sovg‘a keltirgan mehmon o‘zini rassom Nastya deb tanishtirgan va stolda yolg‘iz o‘tirgan. Portlash guvohlariga ko‘ra, u garderobga chiqib, u yerdan katta quti olib kirgan - unda «qandaydir zarhallangan buyum» bo‘lgan. Tatarskiy sovg‘ani qabul qila turib hazil qilgan, qiz esa joyiga qaytib borib o‘tirgan, uch daqiqadan keyin - «portlash, baland ovozlar, alanga va barcha qochishga tushgan». Ko‘p o‘tmay politsiya sovg‘a bergan qizni qidirishga kirishgan.
Vladlen Tatarskiy bilan tanish bo‘lgan harbiy muxbir BBC muxbiriga aytishicha, uni portlash joyidan shifoxonaga olib borishgan, jonlantirish bo‘limida uning joni uzilgan.
Dushanbaga o‘tar kechasi Rossiya nashrlari Tatarskiyning «ijodiy kechasi»dagi portlash sodir etilishida Sankt-Peterburgda yashovchi Darya Trepova gumonlanayotgani haqida xabar tarqatdi, keyinroq bu ma’lumot rasman tasdiqlandi. Kechasi uning Sankt-Peterburgdagi uyida tintuv o‘tkazilgan, ota-onasi so‘roq qilish uchun olib ketilgan.
Avvaliga «Interfaks» manbalari Trepova qo‘lga olingani haqida xabar tarqatdi, ammo keyinroq uni qidirish ishlari davom etayotgani ma’lum bo‘ldi.
Tergov qo‘mitasi «ko‘pchilikka xavf soladigan tarzda» qotillik sodir etish bo‘yicha (RF JKning 105-moddasi, 2-qismi) jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu modda sakkiz yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish yoki umrbod qamoq jazosi (shuningdek, umrbod ozodlikdan mahrum etish bilan almashtiriladigan o‘lim jazosi) qo‘llashni nazarda tutadi.
3 aprel kuni Trepova Peterburgda ijaraga olgan kvartirasida qo‘lga olindi.
Vladlen Tatarskiy kim o‘zi?
«Shaxsan menda biroz bo‘lingan shaxsiyat bor edi. Bir qismim farovonlikda yashashni, sokin oilaviy oqshomlar o‘tkazishni va ofisda ishlashni istaydi, ammo, deraza ortida (front mening uyimdan 14 kilometr masofada) qurollar gumburlayotganida, men tushunamanki, voqealar markazida bo‘lish uchun barchasini tashlab, o‘shayoqqa chopishga tayyorman. Yo‘q, men kasal emasman. Mening muammom shundaki, men rus bo‘lib tug‘ilganman. Rus g‘oyasi — bu urush degani».
2017 yilda bloger Maksim Fomin Donbassdagi urushga shunday ta’rif bergandi. Bu vaqtga kelib Fomin Vladlen Tatarskiy taxallusini olgandi — Viktor Pelevinning «Generation „P“» romanining bosh qahramoni sharafiga. Olti yil o‘tib, Rossiyaning Ukraina bilan keng ko‘lamli urushi ketayotgan chog‘da uni Peterburgdagi kafeda — o‘zining «ijodiy kechasi»da portlatib yuborishdi. Marosimda u rossiyaparast «voyenkorlar» bu urushni qanday yoritishi darkorligi haqida so‘zlagandi.
Tatarskiy 1982 yilda Donetsk oblastining Makiyivka shahrida konchilar oilasida tug‘ilgan. U o‘z otasini «rus patrioti» deb atagan va u o‘zini «vatanparvarlik ruhi»da tarbiyalaganini ta’kidlagan: «Shuning uchun men bolaligimda ham ukrain tili darslarida mayda dissidentlik harakatlarini qilardim. Men doimo bu darslarni buzishga harakat qilar, o‘qituvchi bilan bahslashar, bu bizga kerak emasligini isbotlardim. Umuman olganda, men mafkuraviy tarafkash edim».
U o‘zining 2014 yilgacha bo‘lgan hayotini punktir (nuqta yoki uzuq chiziqlardan iborat chiziq) bilan tasvirlaydi: «Konda ishlaganman. Biznes bilan shug‘ullanganman. Kriminal. O‘tirganman». Donbassda qurolli nizo boshlanganida Tatarskiy bankka qurolli talonchlik uyushtirgani uchun Gorlovkadagi koloniyada jazo muddatini o‘tayotgandi (2011 yilda u bu jinoyat uchun 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi).
«Men 2014 yil 21 iyul kuni Gorlovkadagi zonada jazo muddatini o‘tayotganimda Ukraina armiyasi bizning lager orqali hujum uyushtirdi, - deya hikoya qiladi Tatarskiy «Lenta»ga intervyusida. - Devor ortida janglar ketardi. O‘sha jangni men o‘zimning ilk harbiy tajribam deb bilaman: o‘qlar, «Grad», snaryad va minalar uchib kelardi. Mahbuslar orasida yarador va o‘lganlar bor edi».
Keyin u «ayirmachilarga qo‘shilish» uchun bu yerdan qochib ketadi.
«Keyin meni yana qamashdi, chunki bizning ozodlikka chiqishimiz uchun yuridik asos bo‘lmagan. Meni zonaga qaytarishdi. Ammo keyin Aleksandr Zaxarchenko meni afv etdi, men shartnomani o‘tadim», — deya eslaydi Tatarskiy.
Frontda Tatarskiyning laqabi «Professor» bo‘lgan —go‘yoki o‘qimishli bo‘lgani uchun. 2016–2017 yillarda u «voyenkor» bo‘lishga qaror qiladi. «VKontakte»da rossiyaparast guruhlarda postlar yozadi va o‘z blogini yuritadi, unga ayirmachilardan intervyular hamda harbiy harakatlar haqida hisobotlar joylab boradi.
2017 yilda u o‘z maydonini o‘zgartirishga qaror qiladi va telegram kanalini rivojlantirishga kirishadi. Ammo Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanishidan avval Tatarskiy asosan donbassliklar uchungina taniqli edi: 2022 yil 23 fevralida uning kanalida 30 mingga yaqin obunachi bo‘lgan. Bir yil ichida bu miqdor qariyb 20 barobarga o‘sdi va 600 mingga yaqinlashdi.
2022 yil bahorida Tatarskiy Ukrainaga bosqin bo‘lishi haqida «2021 yil noyabrida» xabar topganini aytgandi (katta ehtimol bilan, bu haqiqatdan yiroq; chunki urush boshlanishi haqida hatto rossiyalik yuqori martabali mulozimlar ham voqif bo‘lmagan). «To‘g‘ri, yanvarda bo‘ladi deb o‘ylagandim. 2 fevral kuni esa Donbassga keldim, bu vaqtda endi nima bilan mashg‘ul bo‘lishimni aniqlab olgandim», — degandi u. Va frontda faqat «harbiy muxbirlik» bilan shug‘ullanmasdan, «front chizig‘ida jangovar vazifalarni ham bajargani»ni qo‘shimcha qiladi.
Auditoriyasi o‘sib borayotgan «voyenkor»ni teleefirlarga chaqira boshlashadi, RT unga matnlar buyurtma qiladi; u urushni Rossiya tarafida yorituvchi «Rybar» va «Solovev.Live» bilan hamkorlik qiladi.
O‘tgan yil sentabr oyi oxirida ushbu bloger Kremlda Ukrainaning to‘rt regionining bosib olingan hududlarini «qo‘shib olish» (annexia) to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan tadbirga taklif etiladi. U o‘sha yerdan Kremlni qo‘llab-quvvatlashini izhor etib videomurojaat qiladi: «Hammani yutamiz, hammani o‘ldiramiz va kimni kerak bo‘lsa, mol-mulkini o‘maramiz. Barchasi biz xohlagandek bo‘ladi».
Rossiya tarafidagi ko‘plab harbiy telegram-kanallar mualliflaridan farqli o‘laroq, Vladlen Tatarskiy so‘nggi oylarda ham frontdagi vaziyatga juda optimistik baho berishda davom etayotgandi. Masalan, 2022 yil kuzida u Ukraina Xerson oblastida muvaffaqiyatli qarshi hujum qilishiga ishonmagan, keyin vaziyatni hali tuzatish mumkinligini aytgandi. Taxminan o‘sha vaqtlardan boshlab u RF mudofaa vazirligini tanqid qila boshlaydi, shu tufayli uni Yevgeniy Prigojinga yaqin propagandachi deb qarashadi.
Yakshanba kuni erta tongda (soat 6:48) Tatarskiy telegram-kanaliga faollik bilan kontent joylashtira boshladi. Jang maydonida olingan videolarni qayta joylash bilan birga u «provaslavlar uchun muqaddas sanalgan joyda masjid qurilishi»ga munosabatini bildirdi: «Xristianlar musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan joylarga cherkov qurmasligi kerak, musulmonlar esa - xristianlar uchun muqaddas bo‘lgan joylarga. Menimcha, barchasi mantiqiy. Ukrainadagi iblisga qarshi umumiy muqaddas urushimiz vaqtida bu bahslar mutlaqo o‘rinsiz».
Bu mavzulardagi postlar orasida u vagnerchilar peshonasiga «gruzin» deb yozilgan harbiy asirni tahqirlayotgani aks etgan videoni ham e’lon qilgan. Soat 16 da Tatarskiy Moskvada «Vagner» XHK reklamasi aks etgan bilbord fotosini joylashtirgan va «bunday tashqi reklama»ni maqtab, boshqa shaharlar ham paydo bo‘lishiga umid bildirgan. Shu bilan bir vaqtda u boshqa bir blogerning Rossiya armiyasida ham ukrainlardagi kabi snaryad tashuvchi dronlar paydo bo‘lishini tilab yozgan postini forvard qilgan. Bu uning telegram-kanalidagi so‘nggi post bo‘lib qolgan.
«Strit-fud bare»dagi tadbirga bir necha soat qolganida Tatarskiy «Listva» kitob do‘konida «yopiq uchrashuv» o‘tkazgan. «Bunday format xavfsizlik nuqtayi nazaridan tanlangandi, va biz, afsuski yanglishmagan ekanmiz», deyilgan muassasa telegram-kanalida. U yerdagilar Tatarskiyni «ukrain terrorchilari nishoni» deb atagan.
«Voyenkor» emas
Olga Ivshina, BBC muxbiri
Aslida Tatarskiyni «harbiy muxbir» deb atash to‘g‘ri emas.
Bosh taniqli rossiyalik blogerlar va davlat nashrlari jurnalistlaridan farqli o‘laroq, Tatarskiy 2014 yildan buyon Ukraina sharqidagi harbiy harakatlarda ishtirok etib keladi. Tatarskiyning o‘zi hikoya qilishicha, to‘qnashuvlar boshlangan vaqtda u Ukraina fuqarosi bo‘lgan va bankka qurolli talonchilik uyushtirgani uchun Donetsk oblastidagi koloniyalardan birida jazoni o‘tayotgan bo‘lgan.
Koloniya tez orada «DXR» kuchlari nazoratiga o‘tgach, Tatarskiy qamoqxonani tark etadi va «DXR» dala komandiri Igor Bezler boshchiligidagi otryadlardan biri safida jang qila boshlaydi. 2017 yilda Tatarskiy «LXR» razvedka bo‘linmalaridan biri safiga o‘tadi va tanaffuslar bilan 2021 yilga qadar ayirmachilar safida harbiy harakatlarda ishtirok etadi. U yo‘l-yo‘lakay - «Vagner» XHK yollanma jangchilaridan biri bilan birgalikda - yutubda kanal yuritadi, u yerda harbiy harakatlarning turli jihatlarini muhokama qiladi, shuningdek rus millatchilarining bayonotlariga mos keladigan fikrlarni bayon etadi.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangach, Tatarskiy yana qo‘liga qurol olib, harbiy harakatlar hududiga yo‘l oladi. U o‘zi ishtirok etgan amaliyotlar to‘g‘risida o‘z telegram-kanalida yozib boradi, shuningdek Rossiya davlat telekanallari dasturlari uchun urushning borishini sharhlab boradi. Xususan, Tatarskiy, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, «DXR» otryadlaridan birining safida jangovar dronlar uchirishda va istehkomlar qurilishida ishtirok etgan. Va bu Rossiyaning Ukrainaga bosqinini yoritayotgan va/yoki qo‘llayotgan, shu bilan birga telefon va kamerani avtomat, belkurak hamda razvedka droniga almashmagan blogerlarnikidan butunlay boshqacha faoliyatdir.
Rossiyalik propagandachilar Tatarskiyning o‘limi haqidagi xabarlarga tezda munosabat bildirishdi. «Mamlakat qachon javob berishni boshlaydi? Terrorchilarda svet, suv bor, temiryo‘llar, restoranlar, internet ishlamoqda, qotillarning rahbarlari telekameralari bilan mamlakatni kezmoqda», deya yozdi teleboshlovchi Tina Kandelaki TASS nashrining portlash haqidagi xabariga ilova qilib. RT rahbari Margarita Simonyan qator savollar qo‘ydi: «Xo‘sh, nima? Unutamizmi? Kechiramizmi?»
«DXR» rahbari Denis Pushilin Tatarskiyni «Donbass va Rossiyaning katta vatanparvari» deb atadi va uning o‘limida «Kiyev rejimi»ni aybladi: «Pastkashlarcha o‘ldirilgan. Terrorchilar boshqacha yo‘l tuta olmaydi. Kiyev rejimi - terrorchilik rejimi. Yo‘q qilish kerak, boshqachasiga to‘xtatib bo‘lmaydi». Uning so‘zlariga ko‘ra, Tatarskiy uchun mukofot tayyorlanayotgandi - «Mariupol ozod etilgani uchun» medal (bu shahar o‘tgan yil bahorida Rossiya armiyasi tomonidan vayron qilingan va bosib olingan).
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ofisi Peterburgdagi kafeda sodir bo‘lgan portlashni «ichki terrorizm» deb atadi. «RFda boshlanmoqda... Bankadagi o‘rgimchaklar bir-birini yemoqda, - deya yozdi tvitterda Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak. - «ichki terrorizm qachon ichki kurash instrumentiga aylanishi» haqidagi savol vaqt masalasi edi. RFni ortga qaytmas jarayonlar va Smuta 2.0. kutmoqda».
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring