22:55 / 14.04.2023
891

Turkiya qurolli kuchlari safiga yangi kema qo‘shildi: u hozircha dunyoda yagona...

Turkiya qurolli kuchlari safiga yangi kema qo‘shildi: u hozircha dunyoda yagona...
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an boshliq Adolat va Yuksalish partiyasining saylov arafasiga saqlab qo‘ygan “syurprizlari» hali beri tugamaydi, shekilli. Bundan to‘rt oylarcha muqaddam Artvin viloyatida kattaligi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda bo‘lgan Yusufeli to‘g‘oni ishga tushirildi. U yiliga 1 800 000 000 kv.soat elektr energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yaqinda TOGG rusumli birinchi turk avtomobilini, aniqrog‘i, elektromobilining sotuviga start berildi. Undan sal avvalroq Baykar shirkati tomonidan uchuvchisiz birinchi turk samolyoti – “Qizil olma» (Kızılelma) qiruvchi uchog‘i ko‘z-ko‘z qilingandi.
 
Kecha Turkiya qurolli kuchlariga qarashli dunyodagi birinchi uchuvchisiz uchish apparatlari (dron yoki turkchasiga SİHA) va uchuvchisiz uchoqlar (SİHA) tashishga mo‘ljallangan aviatashuvchi kema foydalanishga topshirildi.
 
Asosiy mavzuga o‘tishdan avval saylovlar arafasida Turkiyada tarqatilayotgan ayrim xabarlarga e’tiboringizni qaratsak. Chunki bu judayam muhim. Ayniqsa, islomofobiya kuchayib, dindorlarni ilmsizlikda, johillikda, qoloqlikda ayblaydiganlar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday bolalab ketgan bir zamonda...
 
1976 yil Turkiyaning dindorlik jamiyatiga muxolifat kayfiyatidagi kishilar Hurrıyet gazetasi qoshida Chorshaf (ro‘mol, hijob, chimmat yoki paranji degan ma’nolarga to‘g‘ri keladi) degan yangi hajviy jurnal bosishadi. Unda asosan dindor kishilar mazax va masxara qilinardi. Jurnalning 1976 yil 1 aprel maxsus sonida o‘sha paytlarda siyosat olamida ancha tanilib, bir muncha o‘z tarafdorlariga ega bo‘lib borayotgan Najmiddin Erboqonning va’dalarini masxara qiladi. Siyosatchi qo‘lida tasbeh va diniy gilam bilan tasvirlangan bo‘lib, odamlarga mahalliy tank, mahalliy qiruvchi samolyot, elektr ishlab chiqaruvchi to‘g‘on va sanoatlashgan davlatni va’da qilmoqda. Oyog‘ida esa tahorat payti kiyishga mo‘ljallangan sandal shippak.
 
Shuncha qarshiliklarga qaramay Erbaqon davlat boshqaruviga keladi va o‘z maqsadi sari dalil odimlay boshlaydi.
 
Najmiddin Erbakan — asil kelib chiqishi cherkas bo‘lgan, turkiyalik muhandis, akademik va siyosatchi olim. 1996 yil 28 iyundan 1997 yil 30 iyungacha Turkiya Jumhuriyatining bosh vaziri bo‘lib ishlagan. U hozirgi prezident Rajab Toyyib Erdog‘anning ustozi bo‘lgan.
 
1997 yili harbiylar davlat to‘ntarishi uyushtirib, Bosh vazir Najmiddin Erbaqonning dindorlarni himoya qiladigan partiyasi taqiqlab qo‘yildi, u o‘z navbatida siyosiy faoliyatni boshqa man etish bilan lavozimidan chetlashtirildi. Istanbulning o‘sha paytdagi meri bo‘lgan Erdog‘an esa bitta she’r o‘qigani bahonasida qamoq jazosiga hukm qilindi.
 
Oradan 47 yil o‘tdi. 
Bugun turk jurnalistlari amaldagi hukumatga va dindorlarga qarshi kayfiyatdagi muxolifat vakillariga qarata savol berishmoqda: “Erbaqonni masxara qilingan karikaturaga qarang! Rahmatli Erbaqonning qaysi bir va’dasi amalga oshirilmadi?!» Albatta bu oddiy savol emas, ritorik so‘roq. Chunki javob kutilmaydi.
 
Muxolifat esa yangi malomatlar ila mashg‘ul. Yaqingacha “milliy avtomobil ishlab chiqaramiz, deyishyapti. Milliy tank ishlab chiqararmish. Bular quruq safsata!» deyotgan muxolifatchilar bugun TOGG elektromobili va mahalliy shirkatlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tanklarni ko‘rib, tilini tishlab qoldi. Shunday bo‘lsada, otdan tushsa ham egardan tushmaydigan toifalar baribir uyalmaydi.
 
Mavzu qaytadigan bo‘lsak, Turkiyaning eng katta harbiy kemasi – «Onado‘li» Turkiya Jumhuriyati aviatashuvchisini ishga tushirish marosimida mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an ham shaxsan ishtirok etdi. Mazkur aviatashuvchi kema tantanali ravishda Mudofaa Sanoati Raisligi tomonidan Turkiya Dengiz kuchlari qo‘mondonligiga topshirildi.
 
«Onado‘li» kemasi Istanbulning Tuzla shahridagi Sadaf kemasozlik zavodining bosh pudratchiligi ostida bunyod etildi. Loyihada 131 ta subpudratchilar, shuningdek, turli universitetlar va tadqiqot markazlari o‘z hissalarini qo‘shdilar. Kemaning asosiy qismi, aniqrog‘i, 70 foizi mahalliy xizmat va mahsulotlar tashkil etgani ham diqqatga sazovor.
 
Marosimda ta’kidlanishicha, dunyoda bunday miqyosdagi kemalar 12 ta davlatda mavjud. “Onado‘li" kemasi Turk dengiz flotining kuchini kuchaytiradi va uning oldini olish qobiliyatini oshiradi.
 
«Onado‘li» kemasi, havoga ko‘tariladigan va qo‘nadigan uchuvchisiz samolyotlar (SİHA) qo‘nib-uchadigan dunyodagi "birinchi SİHA kemasi" bo‘ladi. Baykar shirkatining Bayraktar TB3 va “Qizil olma» (Bayraktar Kızılelma) jangovar uchuvchisiz uchoqlari va Turk Aerokosmik Sanoati tomonidan ishlab chiqilgan Xurjet yengil hujum samolyotining qo‘nish va havoga ko‘tarilishi mumkin.
 
Topshirish marosimida Milliy mudofaa vaziri Xulusi Akar: “Onado‘li" kemasi o‘z salohiyati va malakali xususiyatlari bilan dengiz kuchlarimizning bayroqdori, dengiz flotimizning ko‘z qorachig‘i bo‘lib, shonli armiyamiz va flotimizga kuch qo‘shadi", dedi.
 
Erdog‘an esa: Biz «Onado‘li» kemasini Turkiya asrida dunyodagi o‘rnimizni mustahkamlaydigan ramz sifatida ko‘ramiz», deya o‘z hayajonini baham ko‘rdi.
 
Dengiz kuchlari qo‘mondoni, admiral Arjumant Tatlio‘g‘li qariyb ming yillik tarixga ega bo‘lgan Turk dengiz kuchlarining o‘zi joylashgan geografiyada har doim to‘xtatuvchi va kuchli bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
 
Kema bajaradigan vazifalarga to‘xtalgan Tatlio‘g‘li quyidagi ma’lumotlarni berdi:
 
“Onado‘li» kemasidan asosan milliy va xalqaro mashg‘ulotlarda, mudofaa, qidiruv va qutqaruv, gumanitar yordam amaliyotlari va tinchlik holatida ofat va favqulodda vaziyatlarda foydalaniladi. Kema quruqlik va havo transporti uchun 9200 kvadrat metrlik to‘xtash joyiga ega.
 
Kemadagi urushni boshqarish, infraqizil qidiruv va kuzatuv, elektro-optik qidiruv, lazerli ogohlantirish, torpedo mudofaa tizimi, radarlar, aloqa va boshqa tizimlar mahalliy va milliy resurslar asosida ishlab chiqilgan.
 
Kema zarur hollarda tabiiy ofatlarga yordam berish uchun ham foydalanish mumkin. To‘liq jihozlangan shifoxona va amaliyot xonasi tufayli u tabiiy ofatlarga yordam berish, gumanitar yordam va qochqinlarni evakuatsiya qilish amaliyotlarida kor keladi.  
 
“Onado‘li» kemasining uzunligi 231 metr va kengligi 32 metrni tashkil qiladi. Maksimal to‘liq yuk tashish hajmi 27 ming 436 tonna. U o‘zi bilan 94 ta mashinani olib yurishi mumkin.
 
Kema 13 ta tank, 27 ta zirhli amfibiya hujum mashinasi, 6 ta zirhli transport vositasi, 33 ta turli xil transport vositalari va 15 ta tirkamalarni o‘z ichiga olgan jami 94 ta transport vositasini tashishi mumkin.
 
10 vertolyot yoki 11 uchuvchisiz uchoq kemaning parvoz palubasiga joylashtirilishi va angarda 19 vertolyot yoki 30 SİHA tashilishi mumkin.
 
Kemada 1223 nafar xodim ishlaydi.
 
Shuningdek, bortda mukammal jihozlangan tibbiy muassasasi va 2 ta amaliyot zali mavjud.
 
«Onado‘li» kemasi nima uchun muhim?
 
«Onado‘li» kemasi bu mamlakatning hududiy suvlaridan tashqarida ham ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan maxsus platforma. U Turkiya Qurolli Kuchlarining geosiyosiy o‘zgarishini ifodalaydi, chunki dunyo ikkinchi sovuq urush sari qadam tashlamoqda. Tan olaylik, Turkiyaning harbiy qudrati sovuq urush davrida o‘nlab sovet bo‘linmalarini to‘xtatishni maqsad qilgan mudofaa jangovar tuzilmasidan ancha farqli va ilg‘or darajada. Turk dengiz kuchlarining maqsadi bosqichma-bosqich ochiq dengiz flotini qurish va dengiz flotini robotlashtirilgan jangovar qobiliyatlar bilan jihozlashdir.
 
«Onado‘li» kemasi boshqa hujum kemalariga qaraganda ko‘proq maxsus jangovar qiymat yaratadi. Chunki kema dengiz aviatsiyasi salohiyatining muhim qismi qurolli uchuvchisiz havo vositalaridan (SİHA) iborat bo‘ladi. Shu sababli ba’zi nashrlar o‘zlarining harbiy sharhlarida «Onado‘li»ni «dron kemasi» deb ham atayapti. Albatta, «Onado‘li» kemasi hujum vertolyotlari va umumiy maqsadli vertolyotlar kabi boshqariladigan platformalarga ham ega.
 
«Onado‘li» kemasi Turkiya va uning ittifoqchilariga nima olib keladi?
 
Avvalo, «Onado‘li» kemasi 30 ming tonnalik “mudofaa diplomatiyasi” vositasidir. Chunki nomdor harbiy kemalar unda bayrog‘i hilpiragan davlatning eng qimmatli diplomatik vositalaridan hisoblanadi. «Onado‘li» kemasining har bir port tashrifi, undan kelgan har bir xabar, u mezbonlik qiladigan har bir tadbir xalqaro matbuotda alohida o‘rin oladi. Harbiy nuqtai nazardan, «Onado‘li» Turk mudofaa tizimi va Turkiyaning ittifoqchilariga juda moslashuvchan qobiliyat va imkoniyatlar beradi.
 
Kema koalitsiya missiyalari uchun ideal platformadir. Gap yuqori darajadagi jangovar tarmoqlarni boshqarishga qodir 3 ta jangovar amaliyotlar markaziga ega kema haqida bormoqda. Bundan tashqari, parvoz rampasini o‘zgartirish va uchish-qo‘nish yo‘lagining xususiyatlari turli xil dengiz aviatsiyasi monyovrlarini amalga oshirishga imkon beradi. «Onado‘li» kemasi Turkiyaning NATO doirasidagi nufuzli platformasi bo‘ladi va ehtimol NATOning qo‘shma amaliyotlariga ham qo‘mondonlik qiladi.
 
 Biz esa qardoshlarimiz uchun xursandmiz va ularga ushbu kema “Muborak va xayrli bo‘lsin!” deymiz.
 
Abdulaziz Muborak
Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo