So‘nggi yigirma yil ichida kitob o‘qishga qiziqishning keskin pasayishi xalqaro olimlarni jiddiy xavotirga solmoqda. AQSH aholisi orasida muntazam kitob, jurnal yoki elektron nashrlarni mutolaa qiladiganlar soni deyarli ikki baravarga qisqargan. Bu haqdagi xulosa “iScience” jurnalida chop etilgan so‘nggi tadqiqotda yoritildi.
Tadqiqotchilar AQSH Aholini ro‘yxatga olish byurosi tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli vaqt taqsimoti so‘rovlarini tahlil qilgan. 2003–2023 yillar oralig‘ida o‘tkazilgan ushbu so‘rovlarda 15 yoshdan katta 236 mingdan ziyod respondent ishtirok etgan. Natijalarga ko‘ra, agar 2000-yillar boshida so‘rovda qatnashganlarning 27 foizga yaqini har kuni kitob yoki nashr o‘qishga vaqt ajratgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich atigi 16 foizni tashkil etdi.
Florida universiteti olimi Jill Sonke bu holat haqida fikr bildirib, quyidagicha ta’kidladi:
“Bu vaqtinchalik o‘zgarish emas, balki yil sayin qariyb 3 foizga barqaror pasayish tendensiyasidir”.
Shu bilan birga, o‘qishdan voz kechmaganlar unga avvalgidan ko‘ra ko‘proq vaqt ajratayotgani qayd etildi. Agar o‘rtacha ko‘rsatkich 20 yil avval kuniga 1 soat 23 daqiqa bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda u 1 soat 37 daqiqani tashkil etmoqda. Olimlar bu jarayonni “qutblanish” deb atashmoqda: aholining bir qismi kitobga yanada ko‘proq berilib bormoqda, bir qismi esa umuman o‘qishdan voz kechgan.
Mutaxassislar kitobxonlikka qiziqishning pasayishini raqamli o‘yin-kulgilarning ortishi, kutubxonalarga kirish imkoniyatining cheklanishi, shuningdek, iqtisodiy qiyinchiliklar va ijtimoiy omillar sabab bo‘sh vaqtning kamayishi bilan izohlaydi.
Olimlar ta’kidlaganidek, kitob o‘qish – bu nafaqat ma’naviy va madaniy qadriyat, balki inson salomatligi uchun muhim omil hisoblanadi. Kitob mutolaasi kognitiv qobiliyatlarni rivojlantiradi, stress darajasini kamaytiradi va hatto uzoq umr ko‘rishga xizmat qiladi.
London universitet kolleji professori Deyzi Fankur ham masalaga munosabat bildirib, quyidagicha xulosa qildi:
“Bunday oddiy va barcha uchun qulay mashg‘ulotning yo‘qolishi – jamiyat uchun jiddiy qo‘ng‘iroqdir”.