date

Starbucks do‘konlari yopilishi ortidagi sabablar ochiqlandi

Starbucks do‘konlari yopilishi ortidagi sabablar ochiqlandi

Starbucks dunyoda eng yirik qahvaxona tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Ammo oxirgi oylarda kompaniya moliyaviy qiyinchiliklar va bozordagi raqobat kuchayishi sabab jiddiy choralar ko‘rishga majbur bo‘ldi. Starbucks rahbariyatining ma’lum qilishicha, oy oxiriga qadar faqatgina Shimoliy Amerikada 400 ga yaqin do‘kon eshiklarini yopadi. Bu jarayonda taxminan 900 nafar xodim ishsiz qolishi kutilmoqda. Shu haqda Bloomberg xabar berdi.

Kompaniyaning aytishicha, ushbu yo‘nalish xarajatlarni qisqartirish va mavjud resurslarni samarali taqsimlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Starbucks rahbarlari bu orqali mijozlarning uzoq vaqt navbatda turib qolishi oldi olinishi, eng daromadli nuqtalarda esa savdo hajmining oshishiga umid qilishmoqda.

Fevral oyida ham Starbucks shunday keskin qaror qabul qilgandi. O‘sha vaqtda kompaniya sotuvlar pasayishi ortidan AQSHda 1100 ta ish o‘rnini qisqartirish va menyuni soddalashtirish haqida e’lon qilgandi. Demak, faqat bir yil ichida tarmoq o‘z mamlakatida jami 2 mingta ish o‘rnidan voz kechishga majbur bo‘ldi.

Kompaniya bosh direktori Brayan Nikkolning ta’kidlashicha, yangi qisqartirishlar nafaqat Amerikada, balki Yevropada ham amalga oshiriladi. Xususan, Britaniya, Shveysariya va Avstriyadagi ayrim qahvaxonalar faoliyati to‘xtatiladi. Biroq bu fonda kompaniya kelgusi moliya yilida yangi savdo nuqtalarini ochish rejalaridan voz kechmagan. Masalan, Britaniyaning o‘zida 80 ta, Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikada esa yana 150 ta qahvaxona ishga tushirilishi kutilmoqda.

Shunga qaramay, moliyaviy hisobotlardagi salbiy ko‘rsatkichlar kompaniya aksiyalariga ham ta’sir qildi. Yil boshidan beri Starbucks qimmatli qog‘ozlari 8 foizga arzonlashgan.

Mustaqil tahlilchilar bu holatga qator omillarni sabab sifatida keltirishmoqda. Masalan, TD Cowen mutaxassislari AQSHda tobora mashhur bo‘layotgan “drive-thru” – avtomobildan tushmagan holda qahva xarid qilish imkonini beruvchi do‘konlar Starbucks uchun jiddiy raqobatga aylanganini ta’kidlamoqda.

So‘rov natijalariga ko‘ra, mijozlarning 70 foizdan ko‘prog‘i narxlarning balandligi sabab Starbucks qahvaxonalariga borishni kamaytirganini bildirgan. Demak, tarmoq oldida faqat ichki rejalashtirish emas, balki narx siyosati va mijozlarning ishonchini saqlab qolish kabi katta vazifalar turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Starbucks do‘konlari yopilishi ortidagi sabablar ochiqlandi