Avval xabar qilinganidek, 18-19 may kunlari Xitoy rahbari Si Szinpin Xitoy shimoli-g‘arbidagi Sian shahrida Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari bilan uchrashdi. Mazkur kutilmagan sammit nafaqat mazkur davlatlar, balki jahonning turli mamlakatlaridagi ommaviy axborot vositalarida yoritildi va sharhlab borildi.
Bu tabiiy hol, albatta. Chunki oxirgi o‘n yilliklarda xitoyliklar iqtisodiy barqarorlikka erishib, jahoning manaman degan davlatlari bilan raqobatlashish darajasiga yetdi. Qolaversa, Pekinning faqatgina Osiyo mintaqasida emas, balki jahonning boshqa hududlaridagi rivojlanmagan yoki rivojlanish yo‘lidagi davlatlarga katta miqdorda qarz berish orqali ta’sir kuchini orttirayotgani xavotir bilan tilga olinadi. Masalan, Afrika qit’asida...
Sian shahridagi sammitning Rossiya Ukrainaga urush olib borayotgan bir vaqtda tashkil etilgani kuzatuvchilarda Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlariga “og‘alik qilish” niyatida ekani borasida taassurot uyg‘otmoqda.
Deutsche Welle xabariga ko‘ra, “X+5 guruhining birinchi sammiti” deb atalgan uchrashuvda Xitoy rahbari Markaziy Osiyoda “tinchlikni ta’minlash”ga va mintaqa davlatlarining “mudofaasini kuchaytirishga” tayyorligini ma’lum qilgan.
Si o‘z nutqida mintaqadagi “uch yovuzlik”: separatizm, terrorizm va ekstremizmga qarshi xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.
“Oltilik davlat ichki ishlarga xorijiy aralashuvga va “rangli inqiloblar”ni yuzaga keltirishga urinishlarga qat’iy qarshi turishi kerak”, dedi Xitoy prezidenti.
Uchrashuvda, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida fuqarolik sohasi, jumladan, savdo, infratuzilma loyihalari, energetika sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Si Szinpinning aytishicha, Pekin Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi transport yo‘nalishlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda va ularga “moliyaviy ko‘mak” va “bepul yordam” ko‘rinishida 26 milliard yuan (3,4 milliard yevro) ajratadi.
Xitoy tomoni keltirgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 70 milliard AQSh dollariga (64,7 milliard yevro) yetib, 2023 yilning birinchi choragida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga oshgan.
Financial Times ta’kidlaganidek, Rossiya an’anaviy ravishda Markaziy Osiyoda hukmronlik qilganiga qaramay, uning Ukrainada boshlagan urushi Moskva avvallari tinchlikparvar sifatida harakat qilgan mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirgan. Uning barqarorlikni saqlab qolish qobiliyatiga ishonch, xususan, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida o‘tgan yilgi mojarodan keyin darz ketgan.
O‘z navbatida, Xitoy uchun Markaziy Osiyo “Bir kamar – bir yo‘l” (yoki “Yangi Ipak yo‘li”) global infratuzilma loyihasining eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Ukrainada urush boshlanishi bilan ushbu yo‘lning Rossiya orqali o‘tadigan shimoliy qismi “ishonchsiz” deb ko‘rila boshladi. Bu Xitoyning Rossiya Federatsiyasini chetlab o‘tuvchi muqobil transport yo‘laklarini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlariga olib keldi, deb yozadi Financial Times.
AFB nashri bilan suhbatlashgan ekspertlar, shuningdek, Pekin o‘zi uchun strategik ahamiyatga ega mintaqada o‘zini muhim geosiyosiy sherik sifatida ko‘rsatish imkoniyatidan foydalanmoqchi ekanligini ko‘rsatadi.
Xitoy sanoat va texnologik salohiyatini rivojlantirish uchun qanday yo‘l tutyapti?
Kuni kecha telegram kanallardan birida ko‘zim tushib qoldi: 2021 yilda jahonda ilmiy sohalar bo‘yicha tasdiqlangan patentlar soni haqida ma’lumot berilgan ekan. Deyarli barcha sohalar bo‘yicha Xitoy jahon yetakchisi (38%). Undan keyin AQSh (18%), Yaponiya (16%) va Janubiy Koreya (10%). Barcha patentlarning 4% Germaniya, 2% Fransiya va 1% Buyuk Britaniya hissasiga to‘g‘ri keladi.
Xitoy ko‘plab siyosiy tahlilchilar ta’kidlagani kabi faqatgina moliyaviy qarzlar bilan emas, balki ilmiy-texnologik taraflama ham dunyoga ta’sir o‘tkazadigan yetakchi (balki ilg‘or desak to‘g‘ri bo‘lar) davlatiga aylanib ulguribdi (shu yerga yetganda Biologiya fanlari doktori Baxtiyor Abdug‘afurning ijtimoiy tarmoqlarda ilmiy tekshirish institutlarining g‘arib ahvoli haqidagi postlarini eslab, odamning yig‘lagisi keladi).
Ilmiy sohalardan tashqari Pekin xususiy shirkatlarni ham dunyo darajasiga ko‘tarilishi uchun yaxshigina dastak bermoqda. Xitoyning texnologiyaga kiritgan sarmoyalarining asosiy va strategik maqsadi texnologiya taqdim etayotgan imkoniyatlardan foydalanib, mamlakatni global kuchga aylantirishdir.
Xitoy Kommunistik partiyasi tarafidan texnologiya va sanoatni rejalashtirishga e’tibor qaratadigan bu siyosat, asosan, mahalliy kompaniyalarni avval mahalliy bozorda, keyin esa global maydonda raqobatlashishga undaydi. Xitoy modeli asosan tarmoqqa asoslangan mahalliylashtirish, bozor maydonlarini yaratish va samaradorlikni oshirish maqsadlarini o‘z ichiga oladi. Xususiy investitsiyalar va davlatning xususiy sektorga qo‘llab-quvvatlanishi tufayli Baidu, Tencent, Alibaba kabi kompaniyalar yuqori texnologiyali sohalarda dunyoning manaman degan brendlari bilan raqobatlashmoqda.
Xitoy davlati bu kabi kompaniyalarga 2014 yildan beri 250,7 milliard dollar moliyaviy yordam ko‘rsatdi. Ushbu holat kompaniyalar uchun o‘z imkoniyatlari va imkoniyatlarini rivojlantirish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega, shuningdek, Xitoyning global raqobatdagi mavqeiga bevosita ta’sir qiladi.
Sakarya universiteti doktoranti Ma’sud O‘zjanning Onado‘liga yozishicha, 1979 yildan beri moliyaviy islohotlarni amalga oshirayotgan Xitoy bir tomondan ichki bozorni himoya qilish, tanlab xorijiy sarmoyalarni rag‘batlantirish, boshqa tomondan G‘arb kompaniyalarini sotib olish yoki hamkorlik qilish orqali o‘zi yaratgan modelni rivojlantirishda davom etmoqda.
Ham raqamli bozorda, ham jahon iqtisodiyotida bozor ulushini oshirishni maqsad qilgan Xitoy 2030 yilga borib 15 trillion dollardan oshishi kutilayotgan raqamli iqtisodiyot bozorida o‘z so‘ziga ega bo‘lmoqchi. Ayni paytda Tencent, Baidu, Huawei va Xiaomi kabi kompaniyalar bu borada Xitoyga sezilarli ustunlikni beradi.
Xitoyning texnologik salohiyatini oshirishi dunyodagi global kuchlar raqobatiga ta’sir qiladi. Xitoyning ortib borayotgan iqtisodiy va texnologik salohiyati, ayniqsa, sun’iy intellekt, kvant texnologiyalari, kosmik faoliyat va 5G kabi strategik sohalardagi tashabbuslari Vashingtonni haqli ravishda bezovta qilmoqda. Xitoyning yuksalishini uning global gegemonligiga tahdid sifatida qabul qilgan Vashingtondagi kattakonlar AQSh-Xitoy raqobatini strategik darajada ko‘rib, Xitoyni cheklash urinishlariga harakat qilishmoqda.
Xitoyning qadamlari siyosiy, harbiy, iqtisodiy va texnologik sohalardagi ustunligini saqlab qolmoqchi bo‘lgan Vashington uchun jiddiy xavf sifatida qaralmoqda.
Markaziy Osiyoga bugungi “qiziqishlari”
Xitoyning sirli tabassumli rahbari Pekin siyosatini tamsil etishi haqida avval ham yozganmiz. Chinliklarning bizning mintaqaga bo‘lgan qiziqishi bugun paydo bo‘lmagani ham barchaga ayon. Uzoq o‘tmishni qo‘yib turaylik, XIX asrda Xudoyorxon davrida Xitoyning shimoliy qismidagi asosan uyg‘ur, o‘zbek, qozoq va boshqa turkiy millatlar yashaydigan hududi (hozirda Shinjon viloyati deb ataladi) Qo‘qon xonligiga qaragani haqida maktabdagi tarix darsliklarida yozilgan deb o‘ylayman.
Bundan 80 yillar oldin buyuk olim va qo‘mondor bobomiz Alixon To‘ra Sog‘uniy hazratlari “o‘ris va chinliklar o‘rtasinda tolosh” bo‘lgan ikki Turkistonni ozod qilish uchun kurash olib borganini, hatto Sharqiy Turkistonni xitoyliklar zulmidan ozod qilib, yangi mustaqil davlat tuzganini, keyinchalik G‘arbiy Turkistonni (hozirgi Markaziy Osiyo o‘rnidagi davlatlarni) ruslar istilosidan ozod qilish xavfi tug‘ilgani uchun Stalin tarafidan o‘g‘irlab kelinib, bir umr Toshkentda uy qamog‘ida tutib turilganini maktab o‘quvchilari bilmasa ham, ozgina kitob ko‘rgan kishilarimiz yaxshi biladi.
Maqola avvalida aytib o‘tilganidek, Rossiyaning Ukraina sharqida “botqoq”qa botib qolganidan foydalanib, o‘zining yashirin geosiyosiy strategik maqsadini ochib yubordi. Bu holat markaziy osiyoliklarda haqli xavotirlar uyg‘otayotgani, bir qator javobsiz savollar tug‘dirayotgani tabiiy hol.
Kun.uz saytiga intervyu bergan taniqli siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimovlarning mulozalaridan ham ayni shunday xulosa olish mumkin.
“Bunday xavotirlar ham o‘rinli. Ekspertlar ham Xitoyning moliyaviy quroliga urg‘u berishyapti. Xitoyning kreditlari oson qarzlar deyiladi, ya’ni shartlar bo‘lmaydi. Boshqa G‘arb davlatlari qanaqadir demokratik shartlar qo‘yadi. Shuning uchun ham Xitoyning bu ishi qarmoq tashlashdek ko‘rinadi. Qirg‘iziston va Tojikiston misolida ham «qarz qopqoni»ga tushib qolish ko‘rindi. Qarz evaziga yer berish masalasi ko‘tarilgach, Qirg‘izistonda xalq bosh ko‘tardi ham. Qarz oson va arzon bo‘lgandan keyin bog‘lanib qolish bo‘ladi, shundan xavotirga tushishadi”, deydi F. Tolipov.
Kamoliddin Rabbimovning fikriga ko‘ra, “Sian sammitini – Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi integratsiyaga tayyorlov bosqichi degan bo‘lardim. Xitoy rahbari nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy darajadagi platforma yaratish kerakligini ta’kidladi. Integratsiya da’vatiga o‘xshab ko‘rindi. «Geosiyosiy nuqtai nazardan mening jamoamda bo‘lsangiz, istalgancha iqtisodiy yordam beraman», degandek bo‘lyapti Xitoy”.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Xitoy hazillashmayapti. Biz ham jiddiyroq o‘ylab qadam tashlashimiz kerak. Umid qilamizki, buni Markaziy Osiyoning kattalari ham yaxshi bilashadi...
Abdulaziz Muborak
Manba: Azon.uz