14:20 / 01.06.2023
679

«Baxtiyor chol», o‘lim jazosi va safarbarlik – Prigojin Rossiya bo‘ylab turneda

«Baxtiyor chol», o‘lim jazosi va safarbarlik – Prigojin Rossiya bo‘ylab turneda
Foto: Meduza
Baxmutdan o‘z askarlarini olib chiqib ketishini aytgan «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin Rossiya media olamida favqulodda faollashib qoldi. U may oyi tugashi arafasida Yekaterinburg, Vladivostok va Novosibirskda matbuot anjumani o‘tkazdi. Bunday anjumanlardan yana bittasi Nijniy Novgorodda o‘tishi kutilmoqda.
 
Bu anjumanlar davomida Prigojin «Vagner. Ikkinchi front» nomli allaqanday loyihani targ‘ib qilgan. Bu yerdagi front so‘zi nimani anglatishi tushunarsiz. Bu loyiha bir qarashda go‘yoki yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tayyorlashga qaratilgan bo‘lsa, bir qarashda Ukrainadagi urushda Rossiya mudofaa vazirligi muvaffaqiyat deb keltirayotgan narsalardan boshqa haqiqatlarni aytishga qaratilgandek ko‘rinadi.
 
«Vagner» asoschisi jurnalistlarga avvalgi videolarida aytgan gaplarini takrorlab yuribdi: urush uzoq bo‘ladi, rejali iqtisodiyotga o‘tish kerak, o‘lim jazosini qaytarish kerak, tezda umummilliy safarbarlik e’lon qilish shart va hokazo. O‘z navbatida, Prigojin bu faolligini siyosiy faoliyatini boshlashi bilan bog‘lamaslik kerakligini so‘ragan. Uning aytishicha, siyosiy partiya ochish yoki Rossiya prezidentligiga o‘z nomzodini ilgari surishni maqsad qilmagan.
 
Moskvaga dronlar hujumi haqida
 
Belgorod va Kursk o‘qqa tutilishiga ko‘nikish kerak emas. Havo hujumidan mudofaa tizimlarining birinchi qavati Ukraina va Rossiya chegarasida bo‘lishi, dronlarga qarshi o‘sha yerdan turib kurashish kerak. Ikkinchi qavat Moskva viloyati chegarasida, uchinchi qavat esa Moskva atrofida bo‘lishi lozim. Keyingi bosqichda butun Moskva dronlarni aniqlovchi va ishdan chiqaruvchi tizimlar bilan jihozlanishi kerak.
 
Oddiy moskvaliklar sabrli bo‘lishi, sarosimaga tushmasligi kerak. Ular hukumatdan o‘zlarini belgilangan tartib asosida himoya qilishini so‘rashi darkor. Kimningdir uyiga dron tushsa, rasmini qo‘yib keskin fikrlar bildirishi kerakki, hukumat javob berishga majbur bo‘lsin. Ular o‘zlarini «uchta harfga yuboradigan» va yomon so‘zlar bilan atashadigan atmosferada yashay olishmaydi.
 
Baxmutning olinishi haqida
 
To‘g‘risini aytaman, mening yigitlarim Baxmutni olar ekan, ular o‘zlarini juda ko‘pchilik deb o‘ylashgan. Aslida esa ozchilik edi. Ularning hammasi orqadan zaxira kuchlari keladi deb o‘ylashgan.
 
«Vagner»ga mahbuslarni tanlab olish haqida
 
Mahbuslarni «rashk qilib» bizga bermay qo‘yishdi. Ular yaxshi jang qilishdi. 12 ming kishilik guruhlar 50 minggacha yetdi. Rossiya armiyasi esa bunday holatga tayyor emaskan. O‘shanda men «maxsus harbiy amaliyot»ning birlamchi vazifasi – Donbassni ozod qilib, frontda ishonchli vaziyat yaratish uchun 200 ming odam kerakligini aytgandim.
 
Ammo hammasi teskari ko‘rinish oldi. 200 ming nafar askarning har biri Ukraina armiyasining 10 askariga teng keladigan va Rossiya armiyasidan 25 baravar samarali bo‘lishini bilgach, ba’zi kabinetlarda qo‘rquv paydo bo‘ldi. Shu sabab bizga mahbuslarni bermay qo‘yishdi. Keyin g‘alati rashk paydo bo‘ldi: Mudofaa vazirligi turgan joyida depsinib qoldi, biz esa Baxmutda oldinlab o‘zimizni qahramonga aylantirdik. Shu sabab snaryad yetishmovchiligi paydo bo‘ldi.
 
«Baxtiyor chol» haqida
 
Kimni chol deb atagandim? Bizga o‘qdori bermagan Valeriy Geramisovni (bosh shtab boshlig‘i). Bu gaplardan xayp yasab olishdi. Bu xuddi otang sening ko‘tingga tepsa, onangga yugurib borib otam hozir senga ham musht tushiradi deb aytishga o‘xshaydi. Keyin ular urushib ketishadi.
 
O‘lim jazosini qaytarish haqida
 
Harbiy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish kerak. Bu haqda ko‘p hujjatlar yozdim. Hozir jamiyatda shovqin ko‘tarilmasligi uchun buni maksimal yengil qilishga harakat qilyapmiz. Menimcha, o‘lim jazosini qaytarish kerak. Aks holda urushni yutib bo‘lmaydi. O‘rtoq Stalin haq bo‘lgan. Balki u siyosiy sabab bilan kimlarnidir ottirib xato qilgandir, lekin urush vaqtida o‘lim jazosi bo‘lishi kerak. Shunday ekan, agar harbiy komissar qahramonlarga hurmatsizlik qilsa, harbiy sud bu holatni muhokama qilib, komissarga qarshi bitta haqqoniy patronni sarflashga hukm chiqarishi kerak.
 
Safarbarlik haqida
 
Bu yog‘iga og‘ir urush bo‘ladi. Qanchalik uzoq davom etishini bilmayman. Hammasini to‘g‘ri qilsak, mening fikrimcha, Donbassni ozod qilishga 2-3 yil, Kiyevni egallashga 3-4 yil ketadi. Agar butun jamiyat [urushga] safarbar qilinsa, butun e’tibor o‘qdori ishlab chiqarishga qaratilsa, umummilliy safarbarlik e’lon qilinsa, bunday natijaga erishish mumkin. Agar uzoq urushishni xohlasak, hoziroq safarbarlik e’lon qilish, odamlarni hech bo‘lmasa o‘qitish kerak. Momaqaldiroq bo‘lsa, cho‘qinishni emas, urushishni xohlasak, bu ish kerak.
 
«Maxsus harbiy amaliyot»dagi g‘alabaning retsepti shunday: umummilliy safarbarlik, 2 million urusha oladigan odam, yaxshi boshqariladigan armiya, intizom, dezertirlarni otib tashlash. Mudofaa sanoatidagi barcha rahbarlarni harbiy qilish kerak, toki ularga qarshi o‘lim jazosini qo‘llash mumkin bo‘lsin. Mamlakatni quroli Shimoliy Koreyadan ham ko‘p bo‘lgan harbiy monstrga aylantirish kerak.
 
Siyosiy karerasi haqida
 
Davlat dumasida «Vagner» partiyasi yoki prezidentlikka nomzod Prigojinni ko‘rmaysiz. Har holda hozirgi vazifalar boshqa narsalardan iborat. Agar Liviya cho‘llariga aylanib qolsak, «Tentak Maks» kinosidagi kabi to‘rt tomonga qum sachratib Jipda yuradigan bo‘lsak, ana o‘shanda partiya tuzishga to‘g‘ri keladi.
 
Harbiy holat haqida
 
Qodirovning fikriga qo‘shilaman: mamlakatda harbiy holat e’lon qilish kerak. Odamlar mana shu sharoitlarda yana uzoq vaqt yashashga to‘g‘ri kelishiga ko‘nikishi kerak. Chiroyli ko‘priklar, katta teatrlar, yangi sahnalar qurishni bas qilishimiz, hamma narsa faqat mudofaaga qaratilishi kerak. Chunki biz bu aralashib qolganimiz janjalda yutqazsak, Rossiya davlat korxonalari xorijiy investorlarga tegishli 90-yillar boshiga qaytadi. Shunda biz katta amakilar neft, gaz, asal va boshqa narsalar savdosidan pul olib o‘tiradigan Afrika davlatiga aylanamiz. Aholi esa ularning ehtiyojini qondirish uchungina mavjud bo‘lib qoladi. Bundan tashqari, bizdan doim yashab kelganimiz milliy madaniyatimizni tortib olishadi.
 
Urush oqibatlari haqida
 
Vaqtida tepagacha sakrab chiqqandik, ammo hozir mudofaa chizig‘ida turibmiz. Mudofaani ushlab tura olsak, urush uzoq davom etishi va Rossiya uchun birmuncha yaxshi yakunlanishi mumkin. Biz juda uzoq vaqt yakkalanamiz. Shunda o‘zimiz mikrosxemalar qilishni o‘rganishimiz, kompyuterchi olimlar tekinga chiqib ketishini to‘xtatishimiz kerak bo‘ladi.
 
Mamlakat ichida uzoq ishlashimiz kerak bo‘ladi. Bizda metall bor, oltin bor, odamlar bor, elektr bor. Shunday ekan snaryad, qurol – nima kerak bo‘lsa hammasini yasay olamiz. O‘zimizni boqa olamiz. Ammo bizni sanksiyaga ko‘mganlar faqat bitta shart bilan yaxshi munosabatda bo‘lishi mumkin. Ular keling, tizzada turing va boshingizni eging, deyishadi. Xalq bunga tayyor bo‘lsa, ular bizni kechirishadi. Agar bunga tayyor bo‘lmasak, uzoq urushga tayyor turishimiz kerak. Ular mudofaani yorib o‘tishadimi yoki yo‘q – bu uzoq muddatli rejalar. Hozirgi birlamchi vazifa esa o‘zimiz turgan mudofaa chizig‘ini ushlab qolib, hech kimni o‘tkazmaslik kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Baxtiyor chol», o‘lim jazosi va safarbarlik – Prigojin Rossiya bo‘ylab turneda
ePN