3 dekabrda Dubayda o‘tayotgan xalqaro iqlim sammitining 4-kuni yakunlandi. Sammitning asosiy mavzusi sog‘liq va iqlim o‘zgarishi o‘rtasidagi bog‘liqlikka qaratildi. Bunda tropik kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘ladigan issiqdan noqulay iqlim keltirib chiqaradigan zararlargacha muhokama qilindi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring“Iqlim o‘zgarishi o‘limga sabab bo‘lishiga ishonchimiz komil bo‘lishi uchun iqlim o‘zgarishi o‘limga olib keladi degan guvohnoma bo‘lishi shart emas”, – dedi JSSTning iqlim va salomatlik bo‘limi boshlig‘i Diarmid Kempbell-Lendrum.
Yangi deklaratsiya qabul qilinadi
70ga yaqin davlat va 39ta tashkilot urush va global isish halokatga olib kelgan joylar uchun iqlimga moslashishga qaratilgan moliyaviy yordam paketi bo‘yicha deklaratsiyani qo‘llab-quvvatladi. "Iqlim, Ishonch, Sog‘liq va Tinchlik deklaratsiyasi" deb nomlangan hujjat iqlimga moslashish uchun moliyaviy ko‘mak va chidamlilikni oshirishni maqsad qiladi.
International Alert tashkilotining ijrochi direktori Nik Xeyli bu deklaratsiyani “to‘g‘ri yo‘nalishdagi katta qadam” deb aytib, COP29’da urush va iqlim o‘zgarishi ko‘proq muhokamalar qilish kerakligi va bu global iqlim bo‘yicha muzokaralarning ajralmas qismi bo‘lishi kerakligini aytdi.
Noqulay ob-havodan aholini erta ogohlantirish tizimi
BMT ma’lumotiga ko‘ra, favqulodda ob-havodan erta ogohlantirish tizimidan 2015 yildagiga qaraganda 2 barobar ko‘proq mamlakat foydalanyapti. 2023 yil mart oyi holatiga ko‘ra, dunyoda 101 hududda erta ogohlantirish tizimi bor va bu o‘tgan yilgidan 6 taga ko‘p. Sammit davomida bu tizim uchun Shvetsiya 5,3 million yevro, Daniya 5,4 million yevro va Fransiya 8 million yevro ajratishini e’lon qildi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili BMT Bosh kotibi Antonio Gutterish keyingi 5 yilda yer yuzidagi har bir kishi favqulodda holatlarda erta ogohlantirish tizimi bilan himoyalanishini aytgandi.
Iqlimga moslashish haqida
Sammitda amerikalik biznesmen Bill Geyts ham o‘z nutqi bilan ishtirok etdi. U iqlim uchrashuvida sog‘liq masalasi uchun bitta kun ajratilishi hayajonli ekanini aytib, iqlimning insonlar hayotiga qanday xavf solishini tushuntirib berdi.
"Yuqumli kasalliklar dunyoning ilgari uchramagan joylarida paydo bo‘lyapti, suv toshqinlari ko‘proq chivin paydo bo‘lishi va diareyaga olib kelyapti, dehqonlar esa issiq sabab oldingidan kam hosil olyaptilar", – dedi Geyts.
Shuningdek, Geyts insoniyat iqlim o‘zgarishiga moslashmasa, qanday yo‘qotishlar qarshisida turishi haqida ham ma’lumot berdi.
"Iqlim o‘zgarishiga moslashish mexanizmi yo‘qligi tufayli keyingi 20 yilda 5 million kishi vafot etishi mumkin. Agar yetarli pul bo‘lsa, 25 millon kishining hayoti vaksina sabab va 20 million kishi OIVdan qutqarib qolinadi", – dedi u.
COP28 prezidenti yana tanqid qilindi
Sammitda COP28 prezidentligiga tayinlangan Sulton Al-Jobir nutqi noroziliklarga sabab bo‘ldi. U qazib olinadigan yonilg‘ilardan voz kechish talabi ortida ilmiy asos yo‘qligini aytdi.
“Yonilg‘ilardan voz kechishga tiklanadigan energiya manbalari ruhsat bermaydi. Yoki siz dunyoni g‘or davriga qaytishini xohlaysizmi”, – dedi u.
Uning bu gapi juda ko‘p noroziliklarni keltirib chiqardi. Antonio Gutterish bu gap “aql bovar qilmaydigan darajada muhokamali” va “iqlimni inkor qilish” deb atadi.
Ma’lumot uchun, 30 noyabrda Dubayda boshlangan COP28 12 dekabrgacha davom etadi.