21:42 / 12.12.2023
352

Si Xanoyga uchdi - Vetnamdagi ta’sir doirasi uchun kurashda AQSh bilan raqobat davom etadi

Si Xanoyga uchdi - Vetnamdagi ta’sir doirasi uchun kurashda AQSh bilan raqobat davom etadi

Foto: Getty Images

XXR raisi Si Jinpingning Vetnam kompartiyasi bosh kotibi Nguyen Fu Chong taklifi bilan seshanba kuni boshlangan tashrifi hamon kommunistik partiyalar tomonidan boshqarilayotgan ikki davlatning buzilmas do‘stligi haqidagi xushomadlar va nutqlar guldastasi bilan birga kechishi shubhasiz. Shu bilan bir vaqtda Vetnamda Xitoyga qarshi uzoq yillik tarixga ega kuchli norozilik kayfiyati saqlanib qolmoqda.

Bir yil muqaddam, Chong Pekinga borganida, unga xitoyliklarning xorijliklar uchun eng oliy mukofoti taqdim etilgan, rais Si Chong bilan — o‘rtoq va birodarligi, ularning mamlakatlari «tog‘lar va daryolar bilan bog‘langan lablar va tishlar kabi yaqinligi»ni aytgandi.

Sining tashrifi vaqtida Vetnam Xitoyning «Mushtarak taqdir hamjamiyati»ga qo‘shilishi e’lon qilinishi kutilmoqda — bu Xitoy tashqi siyosatining ko‘proq ramziy konsepsiyasi bo‘lib, Amerika markazlashgan dunyo tartibiga qarshi shakllantirilgan.

Bu Xitoyga AQSh bilan Vetnam uchun kurashda yana bir qadam oldinga yurish imkonini beradi.

Sentyabr oyida, Jo Baydenning Xanoyga tashrifi vaqtida AQSh kutilmaganda Vetnam bilan munosabatlarni «har tomonlama strategik sheriklik» darajasiga ko‘tarayotganini e’lon qilgandi. Bu esa Vetnam xorijiy sheriklarining putxa tuzilgan iyerarxiyasida AQShni Xitoy  bilan bir darajaga qo‘yardi.

Sining tashrifi vaqtida Xitoy Vetnamga temiryo‘llarni modernizatsiya qilish, jumladan Xitoy janubidan Vetnamning Xayfon portigacha bo‘lgan liniyani qurishda yordam taklif qiladi. Bu liniya Vetnamning noyob metallar konlari joylashgan hududi bo‘ylab o‘tadi. Xitoy — boshqa narsalar qatori quyosh batareyalari va elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan bunday metallarning eng yirik xaridori sanaladi.

Xitoy va Vetnam rahbarlari Janubiy Xitoy dengizi suvlariga egalik qilish huquqi bo‘yicha bahs, shuningdek ikki mamlakatning 1970-1980 yillardagi murakkab munosabatlari (bu 1979 yil chegaradagi hudud uchun keng ko‘lamli urush boshlanishiga olib kelgan va minglab askarlar halok bo‘lgandi) haqida hech bo‘lmaganda omma qarshisida gaplashmasligi tayin.

Vetnam tomoni «shimolning ming yillik istilosi» deb ataladigan uzoq o‘tmishdagi davr haqida, shuningdek xitoyliklarning Mekong daryosidagi to‘g‘onlari va ularning qurilishining Vetnam qishloq xo‘jaligi uchun oqibatlarini ham eslatib o‘tirmaydi.

Sentyabrda Jo Bayden rahnamo Ho Shi Min byusti ostida Vetnam prezidenti Vo Van Txiongning qo‘lini siqib suratga tushgandi va Vetnam bilan munosabatlarni «har tomonlama strategik sheriklik» darajasiga ko‘targandi. Foto: EPA

Ammo bu mavzular Vetnamda norasmiy darajada — internetda muhokama qilinadi, bu makon Xitoydagi kabi qat’iy nazorat qilmaydi.

«Biz shunchaki tinchlik xohlaymiz, shunday ekan, rais Si kelmasligi kerak», — deb yozgan feysbukning vetnamlik foydalanuvchilaridan biri. «Agar Si Jinping „to‘qqiz shtrixli liniya“ni olib tashlasa, mamlakatlarimiz darhol birodarlashadi», — deydi boshqasi.

Xitoyning qo‘shnilari xitoyliklar Janubiy Xitoy dengizi suvlarida da’vo qilgan hududlarini belgilash uchun o‘tkazgan chiziqlarni «to‘qqiz shtrixli liniya» deb ataydi.

Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlari orasida aynan Vetnam jamoatchiligida Xitoyga qarshi kayfiyat kuchli. Avvaliga fransuz kolonizatorlar, keyin esa amerikaliklar haydab chiqarilgan ushbu mamlakatda millatchilik tuyg‘ulari kuchli, shu bilan birga shimoldagi yirik qo‘shniga nisbatan an’anaviy qo‘rquv ham bor.

Vetnamda muhit Xitoydagiga qaraganda erkinroq: odamlar internetda tashqi siyosatni muhokama qila olishadi va hatto Xitoyga qarshi aksiyalar o‘tkazish uchun ko‘chalarga chiqishadi. Foto: Getty Images

So‘nggi yillarda Vetnamda Xitoyga qarshi namoyishlar va hatto tartibsizliklar ham ro‘y bergan. 2014 yilda shunday tartibsizliklar vaqtida bir necha kishi halok bo‘lib, bir qancha fabrikalar vayron qilingan. Bunga Vetnam o‘ziniki deb hisoblaydigan suvlarda Xitoy neft platformasi o‘rnatilgani sabab bo‘lgandi. Bir necha yil oldin esa Xanoydagi ayrim do‘konlarda bu yerda faqat mahalliy mahsulotlar sotilishi, xitoyliklarning mahsulotlari bilan savdo qilinmasligi to‘g‘risida e’lonlar joylashtirila boshlagan.

So‘nggi vaqtlarda ikki mamlakat rasmiylari ham xalqni g‘azablantirmaslikka harakat qilmoqda, ammo Xitoyga qarshi kayfiyat uchquni tutashda davom etmoqda va istalgan daqiqada alanga olishi mumkin. Xitoyning Vetnamda istehzo bilan «sigir tili» (quyidagi suratda) deb ataladigan «to‘qqiz shtrixli liniya»siga nisbatan his-tuyg‘ular shu qadar kuchliki, bu yil hukumat unda Xitoy da’volari aks etgan xarita ko‘rsatilgani uchungina «Barbi» filmini mamlakat hududida namoyish etishni taqiqlab qo‘ydi.

Vetnam Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi investitsiya takliflariga qiziqish bildirmaydi — buning sabablaridan biri aholi Xitoyning mamlakatga iqtisodiy ta’siri kuchayib borayotganidan shusiz ham norozi.

Va bu ta’sir juda katta — aholi qanday fikrda bo‘lishidan qat’i nazar Vetnam rahbariyati aloqalarni xavf ostiga qo‘yishi uchun juda kattalik qiladi.

Xitoy — Vetnamning eng yirik savdo hamkori: savdo hajmi yiliga 200 mlrd dollarni tashkil etadi. Xitoy — Vetnamga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarning asosiy manbayi hisoblanadi.

Vetnam Xitoy qaramligini kamaytirishni istayotgan Amerika kompaniyalari uchun muqobil ishlab chiqarish habiga aylanishi mumkinligi to‘g‘risidagi barcha gap-so‘zlarga qaramay, Xitoyning Vetnamga investitsiyalari hajmi amerikaliklarnikidan solishtirib bo‘lmas darajada ko‘p.

Bundan tashqari, Xitoy investitsiyalarining bir qismining kirib kelishiga Pekin va Vashington munosabatlaridagi murakkablik sabab bo‘lgan: Xitoy kompaniyalari amerikaliklarning savdo to‘siqlarini aylanib o‘tish uchun ishlab chiqarishni Vetnamga ko‘chirib o‘tkaza boshlagan.

Savdo va investitsiyalardan tashqari Xitoy va Vetnamni mafkuraviy yaqinlik ham bog‘laydi. 70 yoshli rais Si ham, 79 yoshli bosh kotib Chong ham — g‘arb demokratik qadriyatlarini qabul qilmaydigan, partiya mamlakatdagi siyosiy hayotni temir yo‘l bilan nazorat qilishi kerak deb hisoblaydigan avtoritar hukmdor va keksa kommunistlardir.

Ammo ularning strategik holati tubdan farqlanadi.

Xitoy — AQSh boshchiligidagi bir qutbli dunyo tartibotiga qarshi chiqishga va o‘z mintaqasida hukmron kuchga aylanishga ahd qilgan o‘sib borayotgan qudratli davlatdir.

Vetnam esa — o‘rtacha kuchga ega bo‘lgan mamlakat. Vetnam aholisi — 100 million kishi, hududi — taxminan Germaniyanikiga teng, shu bilan birga u ancha kambag‘al davlat sanaladi: kishi boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha Xitoydan qariyb uch barobar kamroq ko‘rsatkichga ega.

Xanoy Xitoy va AQSh, shuningdek Vetnam bilan azaldan iliq munosabatlarga ega bo‘lgan Rossiya raqobatlashuvida muvozanatni saqlab, imkon qadar ko‘proq foyda chiqarib olishga harakat qiladi.

Nguyen Fu Chong buni «bambuk diplomatiyasi» deb ataydi, bu to‘rtta «yo‘q»qa asoslangan moslashuvchan tashqi siyosat: harbiy ittifoqlarga kirmaslik, qandaydir mamlakatning uchinchi tomon bilan nizosiga qo‘shilmaslik, xorijiy harbiy bazalarga ruxsat bermaslik, tashqi munosabatlarda kuch qo‘llamaslik.

Ya’ni, Vetnam siyosatining ma’nosi — hamma bilan do‘st bo‘lish va hech kim bilan dushmanlik qilmaslikdadir. Shu bilan birga, Xitoy Vetnamning AQSh bilan munosabatlari borasida hech qanday illyuziyaga berilmaydi: bu aniq — vetnamliklar Xitoy ta’siridan va Xitoyning mintaqadagi qat’iy siyosatidan sug‘urtalanishni istaydi.

Vetnam rahbariyati nuqtayi nazariga ko‘ra, Xitoy ko‘plab teng do‘stlar orasida birinchi bo‘lishi kerak. Ammo Xitoy-Vetnam munosabatlari hozirgi voqealar asiri bo‘lib qolmoqda: bu aloqalar Janubiy Xitoy dengizidagi navbatdagi keskinlashuv yoki Xitoyning Vetnam o‘ta noaniq deb topadigan harakatlari tufayli birdaniga yomonlashishi hech gap emas.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo