Norvegiyada qamoqxonalar tizimi jiddiy inqirozga yuz tutdi — mamlakat bo‘ylab jazo muassasalarida bo‘sh joy qolmagan. TV2 telekanali xabar berishicha, hozirda 560 nafar mahbus uchun joy yetishmayapti.
Bu holatga bir nechta omillar sabab bo‘lgan. Jumladan, Oslo, Sarpsborg va Drammen shaharlaridagi uchta qamoqxona yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermagani uchun yopilgan. Shuningdek, axloq tuzatish muassasalarida kadrlar yetishmovchiligi ham kuchaygan — ayrim xodimlar boshqa davlat idoralariga o‘tgan, boshqalar esa past maosh va og‘ir mehnat sharoiti sabab ishni tark etgan.
Rasmiylar muammoni yengillashtirish uchun bir qator choralarni ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida kameralarga ikki mahbusni joylashtirish hamda ayrim huquqbuzarlarni muddatidan oldin ozod qilish imkoniyatini kengaytirish kabi variantlar bor.
Mahalliy ekspertlar bu qarorlar jazo tizimining samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, hukumat muammoni hal etish uchun yangi qamoqxonalar qurish yoki vaqtinchalik muassasalar tashkil etish rejalarini ham o‘rganmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!