date

O‘zbekistonliklar eng ko‘p qayerga safar qilayapti?

O‘zbekistonliklar eng ko‘p qayerga safar qilayapti?

O‘zbekistonliklar chet el sayohatlarini tobora faollashtirmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–avgust oylarida qariyb 5,2 million nafar fuqaro turistik maqsadlarda xorijga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,1 million nafarga yoki 26,8 foizga ko‘p.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu o‘sish pandemiyadan keyingi faol sayohatchilik kayfiyati va havo qatnovlari soni oshgani bilan izohlanadi. Hozirgi kunda o‘zbekistonliklar ko‘proq qo‘shni davlatlarga — iqtisodiy, diniy va oilaviy sabablar bilan safar qilmoqda.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 8 oyida o‘zbekistonliklar eng ko‘p borgan davlatlar quyidagicha taqsimlangan:

1.Qirg‘iz Respublikasi — 2,3 mln nafar

2.Qozog‘iston — 956 ming nafar

3.Tojikiston — 887,9 ming nafar

4.Rossiya — 312,7 ming nafar

5.Turkiya — 181,7 ming nafar

6.Saudiya Arabistoni — 165,7 ming nafar

7.BAA — 94,2 ming nafar

8.Misr — 45,4 ming nafar

9.Vetnam — 28,5 ming nafar

10.Xitoy — 27,6 ming nafar

Boshqa davlatlar — 162,4 ming nafar

Ko‘rinib turibdiki, o‘zbekistonliklar asosan Markaziy Osiyo davlatlariga safar qilmoqda. Bu yo‘nalishlar nafaqat geografik yaqinligi, balki vizasiz rejim, arzon transport va madaniy yaqinlik sabab ham ommalashgan.

Shu bilan birga, Turkiya va Saudiya Arabistoniga bo‘lgan sayohatlar soni ham ortib boryapti. Saudiya yo‘nalishi, ayniqsa, Umra ziyorati bilan bog‘liq diniy safarlar hisobiga o‘sgani qayd etilgan.

Misr, BAA va Vetnam kabi yo‘nalishlar esa ko‘proq dam olish va sayohat turizmi bilan bog‘liq bo‘lib, ularga qiziqish so‘nggi ikki yilda sezilarli oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi O‘zbekistonga eng ko‘p talabalar qayerdan kelayotgani haqida ham ma’lumot bergandi. 2025-yilning birinchi yarim yilligida respublikada 2 780 nafar Hindistonlik talabalar ta’lim olgan — bu eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mutasaddilar fikricha, sayohat va ta’lim sohasidagi faol aloqalar O‘zbekistonning xalqaro integratsiya jarayoni kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonliklar eng ko‘p qayerga safar qilayapti?