Dunyoning mashhur sayohat nashrlaridan biri — Condé Nast Traveler bu yilgi sayyohlar orasida eng sevimli shaharlar reytingini e’lon qildi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovnomada 757 mingdan ortiq sayyoh ishtirok etgan.
Ushbu reyting har yili tuziladi va u ikki yo‘nalishni o‘z ichiga oladi — yirik shaharlar hamda kichik sayyohlik manzillari bo‘yicha. Har ikki toifa go‘zallik, infratuzilma va sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar asosida baholanadi.
Yirik shaharlar orasida Tokio yetakchi
Bu yilgi natijalarga ko‘ra, megapolislardan iborat toifada Tokio birinchi o‘rinni egalladi. Yaponiya poytaxti qadimiy me’moriy yodgorliklar, zamonaviy osmono‘par binolar, ibodatxonalar va dunyoga mashhur Mishlen yulduzli restoranlar uyg‘unligi bilan sayyohlarni maftun etgan. Shuningdek, Tokio hozirda dunyodagi eng mashhur gastronomik yo‘nalishlardan biri sifatida ham tan olingan.
Ikkinchi pog‘onada ham Yaponiyaning qadimiy shahri — Kioto joylashdi. Uchinchi o‘rinni esa Janubiy Afrika Respublikasining sohilbo‘yi shahri Keyptaun egalladi. Reytingning kuchli o‘ntaligidan Singapur, Seul, Parij, Vankuver, Edinburg, Monreal va Kambodjaning Pnompen shaharlar ham o‘rin oldi.
Kichik shaharlar g‘olibi — Kanadaning Viktoriya shahri
Kichik sayyohlik shaharlar ro‘yxatida esa Kanadaning g‘arbiy sohilida joylashgan Viktoriya birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Odatda Vankuverga tashrif buyurgan sayyohlar bir kunni Viktoriya shahriga bag‘ishlab, tabiat qo‘ynida sayr qilish, spa-mehmonxonalarda dam olish yoki Svars-Bay qo‘rfazida paromda sayohat qilishni afzal ko‘rishadi.
Ikkinchi o‘rinni Tinch okeani bo‘yida joylashgan Meksikaning Puerto-Valyarta shahri egalladi. Uchinchi pog‘onaga esa san’at va tarix vatani — Italiyadagi Florensiya joylashdi.
Bundan tashqari, Shveysariyaning Lyutserni, Meksikaning San-Migel-de-Alende shahri, Ispaniyaning San-Sebastyan va Palma-de-Malyorka, Irlandiyaning Goluey, Maltaning Valetta hamda Avstraliyaning Hobart shaharlar ham sayyohlarning sevimli manzillari sifatida ilk o‘nlikka kirgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu yilgi reyting sayyohlar dunyo bo‘ylab an’anaviy madaniyat, tinchlik va zamonaviylik uyg‘unligini izlayotganini ko‘rsatmoqda. Tokio va Viktoriya esa aynan ana shu uyg‘unlikning eng yorqin ramziga aylandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!