00:12 / 14.12.2023
432

Zelenskiyning AQSHga uchinchi tashrifi nega yangi yordam paketi ajratilishiga olib kelmadi?

Zelenskiyning AQSHga uchinchi tashrifi nega yangi yordam paketi ajratilishiga olib kelmadi?

Foto: EPA

BBC'ning Vashingtondagi muxbiri Entoni Zurker Zelenskiyning Amerikaga tashrifi yakunlarini tahlil qildi.

Zelenskiyning harakatlarida umidsizlik sezilib turibdi, chunki hozir uning mamlakati taqdiri hal bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Ukrainadagi urushni demokratik davlatlar va avtokratik rejimlar o‘rtasidagi global mojarodagi hal qiluvchi jang deb hisoblaydigan AQSH prezidenti Jo Bayden ham shunday holatda.

Ammo ukrainlar prezidentining bu safargi tashrifi yakunlariga ko‘ra Zelenskiy ham, Bayden ham muayyan yutuq bilan maqtana olmaydi.

Volodimir Zelenskiy Vashingtonga o‘tgan yil dekabrida kelganida uni AQSH Kongressi palatalarining qo‘shma majlisida qizg‘in kutib olishgan va Oq uyda ham tantanali qabul uyushtirilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 50 mlrd dollarlik yordam paketini ma’qulladi, bu Kiyevning Rossiya bosqini boshlangach boy berilgan hududlarini qaytarib olish harakatlariga yordam berdi.

Ammo bu safar barchasi mutlaqo boshqacha ko‘rinishda. Zelenskiy amerikalik senatorlar bilan yopiq eshiklar ortida uchrashdi. U Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson bilan uchrashuv o‘tkazdi, spiker esa kameralar qarshisiga Ukraina prezidenti bilan birga chiqmadi ham.

Zelenskiyning Oq uyga tashrifi ham avvalgilari kabi dabdaba bilan o‘tmadi — va bu tasodifiy emasdi. Bo‘lgan voqealarni, albatta, kimlargadir shunday tuyulsa-da, navbatchi tabassum bilan omad tilab, eshikni ortdan yopib xayrlashish sifatida baholash ham to‘g‘ri emas. Zelenskiy Amerikadan yordam olish imkoniyatini yaxshilash uchun dunyoning yarmini bosib o‘tib keldi, ammo amalda bu amalga oshmadi.

Migratsiya muammosi

Ukraina prezidenti tashrifi muhiti Vashingtondagi umumiy kayfiyatni aks ettiradi, bu yerda Ukrainaga qo‘shimcha mablag‘ ajratish masalasi Amerika migratsiya siyosatidagi ichki siyosiy kurash bilan bog‘liq.

Foto: Getty Images

Demokratlar AQSH chegaralari xavfsizligini mustahkamlash uchun mablag‘ ajratishni Ukraina, Isroil va Tayvanga ham yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga oluvchi 110 mlrd dollarlik umumiy paket doirasida taklif qilmoqda. Ammo respublikachilar AQSH hukumatining mamlakatdan boshpana so‘rovchi hujjatsiz migrantlarga munosabatini to‘liq qayta ko‘rib chiqishni talab etmoqda.

Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin seshanba kuni tongida respublikachi senatorlar Ukraina taqdiriga hamdard bo‘lishsa-da, Amerika chegarasidagi vaziyatni milliy xavfsizlikning muhimroq omili deb bilishlarini yashirishmadi.

«Men ulardan hayratlanaman, ammo bu mening biz nima qilishimiz kerakligi haqidagi qarashlarimni o‘zgartirmaydi», — degan BBC muxbiriga respublikachi senator, uzoq vaqt davomida Amerika tashqi siyosatidagi «qirg‘iy»lardan biri sifatida ko‘rilgan Lindsi Grem. «Men kelishuvga erishishimiz uchun nima bo‘lishi kerakligini bilaman. Men chegaramiz xavfsizligini ta’minlashni istayman», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Endi Baydenda faqat ikki variant qolmoqda: yoki bundan keyin ham respublikachilarni migratsiya bo‘yicha pozitsiyasini yumshatishga undashda davom etish yoki ularga yon berish, ikkinchi variant esa Demokratik partiyaning so‘l qanotini qanoatlantirmaydi.

Hozircha barchasi shunga o‘shamoqdaki, respublikachilar Kiyevga yordam tugashini kutishga tayyordek. Ular shu tariqa anchadan buyon Ukraina uchun yangi pullar ajratilishidan norozi bo‘lib kelayotgan saylovchilariga ma’qul ko‘rinishda demokratlar ustidan g‘alaba qozonishlari mumkin.

Bundan tashqari, hozirgi vaziyat demokratlar lageridagi bo‘linishni chuqurlashtirishga qodir, bu esa respublikachilarning keyingi yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlaridagi imkoniyatlarini yaxshilaydi.

Immigratsiya islohoti — Ukrainaga yangi yordam ajratish yo‘lidagi yagona to‘siq bo‘lmasligi ham mumkin. Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin Vakillar palatasi spikeri Jonson harbiy yordam «aniq strategiya» va Kongressning tegishli nazoratiga bog‘liqligini aytgan.

«Ular bizga [urushni] yakunlash bo‘yicha strategiya qandayligini tushuntirishmadi», — degan u.

Bunday formulirovka shuni anglatishi mumkinki, agar Senatda kelishuvga erishilgan taqdirda ham, bu paket amalda ikki partiya tomonidan bo‘lib olingan Vakillar palatasidan o‘tishini kafolatlamaydi.

Uchrashuvlarga serob bo‘lgan uzun kun oxirida o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumani vaqtida Zelenskiy va Bayden o‘z sa’y-harakatlari (aftidan, samarasiz) natijalarini optimistik nuqtayi nazardan taqdim etishga urinishdi.

Amerikaliklar prezidenti hech narsa va’da qila olmasa ham, baribir yechim topilishiga umid qilishini aytdi.

Zelenskiy o‘z rejalarini amerikaliklar bilan o‘rtoqlashgani va ijobiy javob olganini bildirdi.

Biroq, u bunday tuyg‘uga ega bo‘lgan yagona odam bo‘lishi mumkin.

Amerikadagi PBS jamoat telekanali jurnalisti Liza Dejardenning so‘zlariga ko‘ra, tashrif vaqtida Zelenskiy senatorlar bilan ingliz tilida so‘zlashgan va bir necha bor o‘zi tushunmagan so‘zlarni tarjima qilishni so‘rashga majbur bo‘lgan.

Jurnalistning aytishicha, bunday so‘zlardan biri «stalemate» [«boshi berk ko‘cha», «turg‘un vaziyat» — BBC] edi.

Zelenskiy bu so‘z ma’nosini og‘ir tajriba orqali o‘rganishga majbur bo‘ldi. Hokimiyat bo‘lingan Qo‘shma Shtatlarda esa «turg‘unlik» iborasi Amerika siyosatining odatiy holatini ifodalaydi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo