date
views 249

HAMAS rahbari o‘rinbosari al-Aruriyning o‘limi tashkilot faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

HAMAS rahbari o‘rinbosari al-Aruriyning o‘limi tashkilot faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Foto: Getty Images
Payshanba kuni Bayrutda HAMAS rahbari o‘rinbosari Solih al-Aruriy dafn etildi, u seshanba kuni Livan poytaxti chekkasida ro‘y bergan kuchli portlash qurboniga aylangandi. Guruhning yana olti a’zosi u bilan birga halok bo‘lgan. Amalda Livanni nazorat qiluvchi «Hizbulloh» portlash uchun Isroilni aybladi va javob harakatlari bilan tahdid qildi.
 
Al-Aruriyning halokatidan keyin dunyo yana Yaqin Sharqda yirik mintaqaviy urush xavfi haqida gapira boshladi.
 
Isroil HAMAS tuzilmasidagi muhim shaxslardan birining yo‘q qilinishiga aloqadorligini tasdiqlamadi ham, inkor ham etmadi, ammo Livan hukumatidagilar buning ortida Isroil maxsus xizmatlari turganiga shubha qilmayapti.
 
Qator harbiy ekspertlarga ko‘ra, bunday ko‘lamdagi figurani faqat professionallar tuzoqqa tushirishi mumkin va al-Aruriyning o‘ldirilishi ortida kim turganidan qat’i nazar, HAMAS katta zarar ko‘rdi.
 
Jiddiy yo‘qotish
HAMAS Solih al-Aruriy qiyofasida asosiy harbiy strateglaridan birini yo‘qotdi. U G‘azo sektori va Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlaridagi HAMAS tuzilmalari o‘rtasida pul oqimlari va qurol-yarog‘larni taqsimlashda faol ishtirok etgan.
 
Uning rahbarligi ostida guruh Isroilga qarshi kurash olib borishni ko‘zlagan Eron va eronparast tuzilmalar tarmog‘iga yanada yaqinlashdi.
 
Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, al-Aruriy amalda HAMASning Eron va «Hizbulloh»dagi vakili hisoblangan.
 
«U eng yuqori darajada siyosiy aloqalarni o‘rnatishni bilardi va shu bilan birga dala qo‘mondoni sifatida ham katta obro‘ qozongandi», - deydi Londondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha eksperti Emili Hokaym.
 
Uning fikricha, al-Aruriyning o‘limi HAMASni G‘azo sektori ichkarisida ham, xorijda ham kuchsizlantirishi muqarrar.
 
Britaniya Qirollik xalqaro munosabatlar instituti Chatem Haus rahbari Bronven Meddoks 16 yil muqaddam al-Aruriy unga HAMAS strategiyasini qanday tushuntirganini esga olgan.
 
«Bizning vazifamiz — falastinliklarning radikal kayfiyatini qo‘llab-quvvatlash — degan al-Aruriy. — Ularning ko‘pchiligi tinch yashashga imkon beradigan tinchlik kelishuvi tuzilishiga rozi. Biz esa shunday qilishimiz kerakki, ular g‘azab otiga minsin».
 
HAMAS Isroilni yo‘q qilishdek maqsadidan chekinishi ehtimoli bo‘yicha savolga javoban al-Aruriy tashkilot alal-oqibat g‘alaba qozonishini aytgan. «Biz keyingi 1000 yillik uchun rejalar qilib qo‘yganmiz», — degan u.
 
HAMASdagilar G‘azodagi so‘nggi urush tufayli parokanda bo‘lgan guruhning harbiy salohiyatini qayta tiklashda al-Aruriy muhim rol o‘ynashi kerak bo‘lganini yashirmaydi.
 
Xususan, harakat a’zolari endilikda raketalarni o‘z kuchi bilan ishlab chiqarish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan va o‘z vakillari orqali xorijiy hamkorlardan yordam so‘rashga majbur bo‘lmoqda.
 
Ammo Bayrutdagi portlashdan so‘ng HAMAS Livan hududida oldingi kabi erkin harakatlana olmaydi. Va uning boshqa mamlakatlardagi yuqori martabali vakillari ham katta xavf ostida qolganini anglab turibdi.
 
Vaqtincha qiyinchilikmi?
Shu bilan birga, ko‘plab tahlilchilarning qayd etishicha, HAMAS bunday muammoga birinchi bor duch kelayotgani yo‘q. Avval ham bir necha bor uning yuqori martabali yetakchilari va muhim strateglari suiqasd qurboniga aylangan, lekin bu guruhga vaqt o‘tib o‘z kuchlarini oshirishga to‘sqinlik qilmagan.
 
2007 yildan buyon G‘azo sektorini boshqarayotgan HAMAS o‘z ta’sirini nisbatan mo‘tadil kayfiyatda bo‘lgan FATH nazoratidagi Iordan daryosining G‘arbiy sohiliga ham yoymoqda.
 
HAMASning harbiylashgan qanoti ko‘p yillardan buyon Isroil hududlarini raketalar bilan o‘qqa tutib keladi va buning uchun doim vosita va resurslarga ega bo‘lgan. Siyosiy qanot esa butun Yaqin Sharq bo‘ylab o‘z yacheykalari tarmog‘ini tashkil etishga erishgan.
 
Tashkilotning propaganda bo‘limi Yaqin Sharq mojarosi bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarini ko‘plab xalqaro siyosatchilar va jurnalistlarga singdirishga muvaffaq bo‘lgan, deya qayd etadi tahlilchilar.
 
Ulardan ayrimlarining fikricha, rahbariyat a’zolari orasidagi tez-tez ro‘y beradigan o‘lim holatlari guruhni yanada moslashuvchan qilib qo‘ygan.
 
Tunis Universiteti vakili bo‘lgan ekspert Imad Alsusning fikricha, HAMAS ichidagi yetakchilar ko‘pincha shaxsiy xarizmasi yoki e’tiqodi kabi fazilatlariga qarab emas (bu yetakchilarning o‘rnini bosish qiyin bo‘lgan bo‘lardi), balki tashkilotga a’zolik muddati va xizmatlariga qarab tanlanadi.
 
«HAMASda har doim ma’lum bir iyerarxiya mavjud va almashtirish muammosiz kechadi. U yerda hokimiyatga kelish shaxsiyat bilan belgilanmaydi», - deb hisoblaydi Alsus.
 
Ekspertlar Solih al-Aruriyning o‘limi HAMAS uchun bugungi kundagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirishi, ammo guruhning uzoq muddatdagi istiqboldagi hayotiyligiga ta’sir ko‘rsatmasligi borasida yakdil fikrda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » HAMAS rahbari o‘rinbosari al-Aruriyning o‘limi tashkilot faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?