00:30 / 13.01.2024
132

Haaga sudi Isroilning falastinliklarga qarshi genotsidi bo‘yicha da’voni ko‘rib chiqishni boshladi

Haaga sudi Isroilning falastinliklarga qarshi genotsidi bo‘yicha da’voni ko‘rib chiqishni boshladi
Ali Jadallah / Anadolu / Getty Images

Haagadagi Xalqaro jinoiy sud G‘azo sektorida falastinliklarga qarshi genotsidda ayblangan Isroilga qarshi da’voni ko‘rib chiqishni boshladi. Ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingunicha yillar ketishi mumkin, ammo shu bilan birgalikda sud vaqtincha chora sifatida G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qilish huquqiga ega. Agar shunday bo‘lsa, Isroil esa bunga rioya qilmasa, buning oqibatlari obro‘si to‘kilishi va siyosiy bosimdan tortib uchinchi davlatlarning sanksiyalari hamda BMT rezolyutsiyasigacha bo‘lishi mumkin. Huquqshunoslar buni misli ko‘rilmagan ish deb atashmoqda — yahudiylar davlati tarixda ilk bor xolokost davrida yahudiylar yoppasiga qirib tashlanganidan keyin qabul qilingan konvensiya doirasida sud qilinmoqda.

JARning Isroilga qarshi da’vosi 2023 yil dekabr oyi oxirida berilgandi. 84-sahifalik hujjatda aytilishicha, Isroilning G‘azo sektoridagi «harakatlari va harakatsizligi genotsid xarakteriga ega, chunki bu G‘azodagi falastinliklarning katta qismini milliy, irqiy va etnik guruh sifatida yo‘q qilish maqsadida amalga oshirilmoqda».

Isroil ayblovlarni rad etmoqda va HAMASga qarshi urushni xalqaro huquq doirasida olib borayotganini ta’kidlamoqda. Isroil hukumatining bayonotida mamlakat harbiylarining harakatlari faqat HAMAS terrorchi tashkiloti hamda u bilan hamkorlik qiluvchi  boshqa guruhlarga qarshi qaratilgan.

Mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu JAR hukumatining da’vosiga javoban Isroil HAMAS bilan urushda o‘zini «bemisl darajada odobli tutayotgani»ni bildirgan. «Yo‘q, JAR, genotsid qilayotgan biz emas, bu HAMASdir. Va ular qo‘lidan kelsa bizning barchamizni o‘ldirgan bo‘lardi. SAHAL esa, aksincha, imkon qadar odob-axloq doirasida harakat qilmoqda», — degan Isroil bosh vaziri vazirlar kabinetining 31 dekabr kungi yig‘ilishida.

Isroil prezidenti Itshak Hersog esa Janubiy Afrika respublikasining da’volaridan ko‘ra «shafqatsiz va  tuturuqsiz» narsa yo‘qligini ta’kidlagan. U HAMAS ochiqchasiga yahudiy xalqining yagona davlati bo‘lmish Isroilni yo‘q qilishga chaqirishini eslatib o‘tgan.

Qo‘shma Shtatlarda ham JARning Isroilga qarshi ayblovlariga qo‘shilishmayapti. AQSH Milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi 3 yanvar kuni ularni «asoslanmagan, samarasiz va mutlaqo asoslarga ega bo‘lmagan» deb atagandi. Keyinroq davlat kotibi Entoni Blinken ham taxminan shu so‘zlarni takrorladi.

Foto: 11 yanvar kungi sud majlisidan lavhalar.

Sud majlisining birinchi kunida JAR G‘azodagi amaliyotni to‘xtatishni talab qildi. Isroil HAMASning jinoyatlarini eslatdi

Ishni ko‘rib chiqish uchun Xalqaro jinoiy sudning 15 sudyadan iborat hay’ati 17 kishiga oshirildi. Ikki davlat ham qo‘shimcha sudyalarini tayinladi: Isroil — mamlakat Oliy sudining sobiq raisi, bolaligida natsistlar tomonidan bosib olingan Litvadan qochgan, ayni vaqtda 87 yoshda bo‘lgan Aaron Barakni, JAR esa Konstitutsion sudi raisining sobiq o‘rinbosari Dikganga Mosenekeni.

11 yanvar kuni Haagada eshituvlarning birinchi kuni bo‘lib o‘tdi, unda JAR vakillari o‘z argumentlarini taqdim etdi. Respublika vakili talab qilinayotgan vaqtinchalik choralar sifatida quyidagilarni sanab o‘tdi: Isroilning G‘azo sektoridagi amaliyotini to‘xtatish, falastinliklarni o‘z uylaridan ko‘chirib yuborishni bas qilish va ularning oziq-ovqat, ichimlik suv, sog‘liqni saqlash hamda asosiy infratuzilmalardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, shuningdek genotsidning oldini olish uchun «barcha oqilona choralarni ko‘rish».

«Janubiy Afrika Isroil davlatining genotsid harakatlari va harakatsizligi muqarrar ravishda 1948 yildan beri Falastin xalqiga qarshi sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlarning bir qismi ekanligini tan oladi», dedi Janubiy Afrika delegatsiyasi hamraisi Vusimuzi Madonsela.

Isroil tashqi ishlar vazirligi spikeri Lior Xayyat bunga javoban JAR vakillari HAMAS terrorchilari tinch aholi vakillarini shunchaki isroillik bo‘lgani uchungina o‘ldirgani faktini e’tiborsiz qoldirish orqali haqiqatni butunlay buzib ko‘rsatganini aytgan. «Bugun biz qator yolg‘on va asossiz da’volar bilan shishirilgan, tarixdagi eng katta ikkiyuzlamachiliklardan birining guvohiga aylandi», — deya yozgan Xayyat.

Ikkinchi eshituv 12 yanvarga belgilangan. Isroil sudda o‘zini himoya qilish maqsadida harakatlanayotgani, harbiy amaliyot nishoni falastinliklar emas, balki HAMAS jangarilari ekani va bu harakatlar xalqaro huquqqa mos kelishini isbotlamoqchi.

Ish, katta ehtimol bilan, yillarga cho‘ziladi. Ammo sud hozir ham urushni to‘xtatishni talab qilishi mumkin

CNN bilan suhbatlashgan ekspertlar genotsid — davlatga qarshi qo‘yilishi mumkin bo‘lgan eng jiddiy xalqaro huquqiy ayblov ekanini ta’kidlashgan. Ular JARning da’vosi bo‘yicha ishni pretsedenti yo‘q deb atab, bu yahudiylar davlati BMTning xolokost vaqtida yahudiylar ommaviy qirg‘in qilinishi kabi holatlar kelgusida takrorlanishining oldini olish maqsadida 1948 yilda qabul qilingan Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiya bo‘yicha ilk bor sudlanishini qayd etishgan.

Ekspertlar Isroil sudga kelishdan bosh tortishi imkonsiz  bo‘lgani, chunki bu davlat ham genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani imzolaganini eslatishgan. «Bundan tashqari, genotsid — jiddiy ayblov va davlatlar odatda o‘zining haqligini isbotlashni istaydi», — degan telekanalga bergan izohida Tel-Aviv universiteti xalqaro huquq professori Eliav Liblix.

U da’vo nega aynan JAR tomonidan ilgari surilgani haqida fikr yuritar ekan, bu ushbu mamlakatning AQSHning xalqaro arenadagi ustunligiga qarshi kurashish siyosatining bir qismi ekanini taxmin qilgan. Ekspert JARning Xalqaro jinoiy sud bilan munosabatlari yaxshi emasligini qo‘shimcha qilgan — avvalroq ushbu mamlakat Haaga sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish to‘g‘risida order berganini tanqid qilgan, 2015 yilda esa o‘z hududida bo‘lgan Sudan prezidenti Umar al-Bashirni hibsga olishni istamagandi.

Ekspertlar fikricha, ushbu ish natijasi yuridik jihatdan o‘rganilmagan hududda. Xalqaro jinoiy sud shu vaqtga qadar biror marta qaysidir davlatni genotsidda ayblamagan. CNN nashri yozishicha, genotsidni isbotlash uchun yillar talab etilishi mumkin (bu holda sud qarori yakuniy bo‘ladi va uning ustidan apellyatsiya berib bo‘lmaydi). Ammo sud JAR so‘rayotganidek vaqtincha choralarni qabul qilish huquqiga ega — xususan, G‘azoda harbiy harakatlarni taqiqlash haqidagi — va bu, ancha ertaroq ro‘y berishi mumkin.

Haagada Bosniya va Hersegovinaning Serbiya va Chernogoriyaga qarshi ishda genotsid to‘g‘risidagi konvensiya doirasida ikki da’voni yutib chiqqan amerikalik huquqshunos Frensis Boylning fikricha, JAR vaqtinchalik chora qabul qilinishiga erishish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Uning hisoblashicha, birinchi tinglovlardan keyingi hafta davomidayoq G‘azodagi harbiy harakatlarga taqiq qo‘yilishi mumkin.

Isroil sud talabiga bo‘ysunmasligi ham mumkin. Va bu uning uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi dargumon

G‘azodagi amaliyotni to‘xtatish talab qilinsa, Isroil qanday yo‘l tutishi — noma’lum. Tel-Aviv universiteti professori Eliav Liblix CNN bilan suhbatda mamlakat bunday holatda harbiy harakatlarni to‘xtatishiga shubha bildirgan va sudyalarning legitimligini tanqid qilishini taxmin qilgan — ayniqsa, ularning ayrimlari Isroilni tan olmaydigan mamlakatlardan bo‘lgani hisobga olinsa.

Shu bilan birga, agar sud G‘azoda harbiy amaliyotlarni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilsa, bu nazariy jihatdan nafaqat Isroil, balki uning ittifoqchilari uchun ma’lum oqibatlarga ega bo‘ladi. Frensis Boylning hisoblashicha, agar sud G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qilsa, nazariy jihatdan, Jo Baydenning ma’muriyati genotsid to‘g‘risidagi konvensiyaning hamkorlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalaridan biri bo‘yicha qoralanishi mumkin.

Isroil sud qarorini e’tiborsiz qoldirgan taqdirda ham, BMT konvensiyasini imzolagan boshqa davlatlar unga rioya etishga majburligicha qoladi — va shu tariqa, Isroilga har qanday yordam qoidabuzarlik sifatida qaraladi, deya qayd etadi britaniyalik huquqshunos hamda xalqaro sud bo‘yicha ekspert Deniyel Mahover.

Shu bilan birga, Xalqaro jinoiy sud o‘z talablari bajarilishini kafolatlay olmaydi, deya yozadi CNN. Nashr 2022 yil martida Xalqaro jinoiy sud vaqtinchalik chora sifatida Rossiyadan Ukrainadagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilganini eslatgan. Amalda esa Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush uchinchi yildirki davom etmoqda.

Shunday qilib, amaldagi oqibatlar davlat nufuziga zarar yetishi va siyosiy bosimdan tortib uchinchi davlatlarning sanksiyalari va boshqa choralari — yoki BMT rezolyutsiyasigacha bo‘lishi mumkin. The Guardian nashri Isroil sud shunday qaror chiqargan taqdirda uni ignor qilishi mumkinligi, ammo bu unga xalqaro bosimni oshirishini qayd etgan. Associated Press agentligi qo‘shimcha qilishicha, Isroil sud qarorini bajarishdan bosh tortgan taqdirda BMT sanksiyalariga duchor bo‘lishi mumkin — ammo AQSH ularga veto qo‘yishi ham mumkin.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo