21:20 / 29.02.2024
328

Yevropalik fermerlar noroziligi Ukrainaga yordamni kamaytiradimi?

Yevropalik fermerlar noroziligi Ukrainaga yordamni kamaytiradimi?
Ukrainadagi davom etayotgan urush Rossiya bilan bir qatorda Yevropa qishloq xo‘jaligiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi, Masalan Polshada ba’zilar Ukraina donlariga nisbatan toqatsizlik qilyapti. Ukrainadagi urush Yevropa iqtisodiyoti, xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida qanday muammolarni keltirib chiqaryapti?

So‘nggi vaqtlarda Yevropaning bir nechta mamlakatlarida fermerlar yirik norozilik namoyishlarini o‘tkazmoqda. Ular qishloq xo‘jaligi uchun subsidiyalarning bekor qilinishiga qarshi chiqyapti. Subsidiyani kamaytirish yoki bekor qilish masalasi kun tartibiga chiqishiga sabab – Ukrainadagi urush sabab mudofaa xarajatlarini oshirgan hukumatlar boshqa xarajatlarni qisqartirishga majbur bo‘lyapti.

Boshqa tomondan esa, Yevroittifoqda Ukrainani qo‘llash uchun bu mamlakatning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga keng yo‘l ochib berilgan. Bu esa, tabiiyki, yevropalik fermerlarga yoqmayapti.

Kun.uz bu mavzudagi savollar bilan iqtisodchi Zokir Usmonovga murojaat qildi.

— Ukrainadagi urush Yevropa fermerlariga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
— Mamlakatlar iqtisodiyotida bir nechta asosiy tarmoqlar bo‘ladi, sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi kabilar. Rivojlangan davlatlar, xususan, Yevropaning ko‘pgina davlatlarida qishloq xo‘jaligining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi u darajada katta emas, 5-10 foizni tashkil qiladi. Lekin bu oziq-ovqat xavfsizligi masalasi bo‘lgani uchun strategik ahamiyatga ega, nozik masala.

YEI 2021-2027 yillarda qishloq xo‘jaligiga subsidiya qilish uchun 380 mlrd dollar ajratishni rejalashtirgan, juda katta mablag‘ bu. Chunki aytganimizdek, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq masala bo‘lgani uchun ko‘p davlatlar subsidiyalar ajratadi, qishloq xo‘jaligi korxonalarining ma’lum xarajatlarini qoplab berib turadi.

YEI urush boshlangach, Ukrainaga yordam sifatida u yerdan import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlariga cheklov-talablarni olib tashladi, ya’ni imtiyoz berdi. Polshalik iqtisodchilarga ko‘ra, 2 yil ichida YEI Ukrainaga 6 mlrd dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilgan bo‘lsa, Ukraina YEIga 19 mlrd dollarlik eksport amalga oshirgan. Ukraina mahsulotlariga cheklov olingach, narx masalasida raqobatbardoshligi ortib, boshqalar mahsulotini sotolmay qolyapti. Aslida bu juda katta muammo emas, Rossiya tomoni bo‘rttirib ko‘rsatyapti vaziyatni.

Polshada tovuq go‘shtining 47 foizi Ukrainadan kirib kelyapti, chunki arzon. Buning ortidan mahalliy fermerlar yo‘qotishlarga duch kelyapti. Lekin aytganimdek, juda katta muammo emas bu.

— Yevropa davlatlarining qishloq xo‘jaligiga zarar yetyaptimi?
— YEI davlatlari zarar ko‘rayotgani yo‘q, chunki ularga arzon mahsulotlar kirib kelyapti, faqat o‘sha qishloq xo‘jaligi sohasidagilar zarar ko‘rishi mumkin. Lekin bu muammo ustida ham ishlar ketyapti.

Asosiy zarar ko‘ruvchi – Rossiya. Yevropaga Rossiya mahsulotlari eksporti yana oshgan, urush boshlanganda to‘xtatilgan edi keng ko‘lamda. Rubl kursi oshgach, Rossiya mahsulotlari raqobatbardoshligi oshdi. Asosiy xaridorlar – Italiya, Belgiya, Gretsiya kabi davlatlar, boshqa bir kanallar orqali bo‘lyapti. Sanksiyalar sabab to‘lov masalasida muammo bo‘lib, sotilgan mahsulotlar to‘lovi o‘zlarida qolib ketyapti, to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lash imkoni yo‘q, Rossiya demping qilib, arzon narxlarda sotyapti.

Qishloq xo‘jaligining Yevropa davlatlari YAIMda 5-10 foizni tashkil etishi sababli fermerlarning e’tirozi katta muammoga aylanmaydi, Ukraina mahsulotlari uchun imtiyozlar saqlanib qoladi.

— Polshaning e’tirozi aynan nimada? Chunki ko‘proq Polshada noroziliklar bo‘lyapti.
— Polsha iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligining ulushi ittifoqning boshqa davlatlariga qaraganda yuqoriroq. Bundan tashqari, Rossiya ta’siri ostidagi provokatsiyalar ham bor deyilyapti bu yerda. Polshada shunday provokatsiyachilarni jazolash masalasi ham ko‘rilyapti.

Polsha Ukrainani qo‘llash pozitsiyasida turibdi. Bundan zarar ko‘rayotganlarga kompensatsiya bo‘lishi ham ko‘zda tutilgan, shu narsa aholiga to‘g‘ri yetkazilmagan.

— Norozi qatlamni tinchlantirish yoki ularning haq-huquqi uchun qanday choralar bo‘lyapti?
— Bu bo‘yicha Yevropa Ittifoqida loyiha ko‘rib chiqilyapti. Noroziliklarning oldini olish, kompensatsiya berilishini tushuntirish, qaysi fondlardan qoplash masalalari ko‘rilyapti. YEIda qancha katta yerga ega fermer bo‘lsa, shuncha ko‘p subsidiya oladi, shu ma’noda Ukrainaga imtiyozlardan ko‘proq kichik xo‘jaliklar zarar ko‘ryapti. Yordam asosan ana shu kichik xo‘jaliklarga qaratiladi. Umuman, chora-tadbirlar ko‘rish tizimli ravishda ko‘rib chiqilyapti.

Ukrainadan importga ketgan 19 mlrd yevro YEI uchun katta mablag‘ emas, buni zarar ko‘rganlarga qoplab beroladi. Yevropa Ittifoqi uchun hozir Ukrainani qo‘llash – asosiy masala.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo