date

Turkiyada atir ishlab chiqaruvchi fabrikada kuchli portlash sodir bo‘ldi

Turkiyada atir ishlab chiqaruvchi fabrikada kuchli portlash sodir bo‘ldi

Turkiyaning g‘arbiy qismida joylashgan Manisa viloyatida atir va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik korxonada kuchli portlash ro‘y berdi. Hodisa oqibatida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida olti kishi halok bo‘lgan.

Sabah nashri ma’lumotlariga ko‘ra, portlashdan so‘ng korxona hududida kuchli yong‘in kelib chiqqan. Aynan ish vaqtida sodir bo‘lgan bu fojea natijasida binodagi qator sexlar butunlay vayron bo‘lgan. Hokimiyat va qutqaruv xizmati ma’lum qilishicha, yong‘inni o‘chirish jarayoni davomida halok bo‘lgan ishchilarning jasadlari topilgan.

Favqulodda vaziyatlar xizmati va politsiya xodimlari hozir ham voqea joyida ish olib bormoqda. Qidiruv-qutqaruv ishlari kuchaytirilgan holda davom ettirilayotgan bo‘lib, yirik hudud xavfsizlik maqsadida to‘liq yopilgan.

Portlash oqibatida atrofdagi uylar va ishlab chiqarish inshootlariga ham zarar yetgani aytilmoqda. Hozircha zarar miqdori va portlashning aniq sabablari aniqlanmagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fojea ishlab chiqarish jarayonida yuz bergan kimyoviy reaksiya yoki zavod uskunalaridagi texnik nosozlik sababli sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Hodisa Turkiya jamoatchiligida katta tashvish uyg‘otdi. Manisa hokimligi halok bo‘lganlar oilalariga chuqur hamdardlik bildirib, surishtiruv yakunigacha zavod faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiyada atir ishlab chiqaruvchi fabrikada kuchli portlash sodir bo‘ldi