19:19 / 10.03.2024
329

Ukrainadagi urush Koreya davlatlarini yirik qurol sotuvchilarga aylantirdi

Ukrainadagi urush Koreya davlatlarini yirik qurol sotuvchilarga aylantirdi
KXDR va Janubiy Koreya o‘rtasidagi keskinlik Koreya yarimoroli 1948 yilda ikki davlatga ajralganidan buyon yumshamayapti. Yer yuzining boshqa bir chekkasida boshlangan Rossiya va Ukraina urushi bu davlatlarning munosabatlarini yanada murakkablashtirdi. Pxenyan ochiqchasiga Moskvaga qurol sotmoqda, Seul esa qurollarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Kiyevga emas, uning ittifoqchilariga yetkazib bermoqda — bu davlatlar Ukraina qurolli kuchlariga yordam bergani evaziga o‘z zaxiralarini to‘ldirib olmoqda. Shveysariyaning Neue Zürcher Zeitung (NZZ) gazetasi yaqin kelajakda Koreya yarimorolidagi vaziyat qanday o‘zgarishi mumkinligi haqida yozdi.

Rossiya shimoliy koreyaliklarning qurollarini sotib olayotgani to‘g‘risidagi ilk xabarlar 2023 yil kuzida paydo bo‘lgandi. O‘shanda Oq uyning Milliy xavfsizlik kengashida strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi qurol yetkazib berilayotgani faktini tasdiqlovchi bir qancha sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini namoyish etgandi. Rossiya qo‘shini ilk bor 2024 yil yanvarida Xarkivni o‘qqa tutish vaqtida o‘rta masofaga harakatlanuvchi KN-23 va KN-24 ballistik raketalarini jangda qo‘lladi. NZZ nashri yozishicha, ayni vaqtga kelib KXDR Kremlga allaqachon millionlab raketa va snaryadlar yetkazib bergan bo‘lishi mumkin. Jurnalistlar taxmin qilishicha, Putin Kim Chen In bilan 2023 yil sentyabrida Sharqiy kosmodromidagi uchrashuv chog‘ida qurol yetkazib berish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishgan.

Korean Central News Agency / Korea News Service / AP / Scanpix / LETA
Janubiy Koreya mudofaa vaziri Sin Von Sik tasdiqlashicha, Rossiya Shimoliy Koreyadan harbiy maqsaddagi yuklar, jumladan raketalar, snaryadlar va patronlar ortilgan kamida 5,5 ming konteyner qabul qilib olgan. Londondagi Qirollik kollejining Koreya mintaqasidagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha eksperti Ramon Pardoning fikricha, katta ehtimol bilan bu hali hammasi emas. «Agar Rossiya bosqini yana cho‘zilsa, agar Putin so‘rasa, Shimoliy Koreya [Rossiyaga] katta masofaga harakatlanuvchi raketalarini ham berishi mumkin», — deya taxmin qiladi Pardo. Janubiy koreyalik iste’fodagi general-leytenant Chun Im Bun NZZ muxbiri bilan suhbatda kelgusida KXDR ayrim harbiy zavodlarini faqat Rossiyaga mahsulot yetkazib berishga yo‘naltirishi mumkinligini aytgan.

Rossiya Xarkivni o‘qqa tutishda foydalangan Shimoliy Koreya raketasi qoldiqlari. 2024 yil 6 yanvar
Vyacheslav Madiyevskyy / Reuters / Scanpix / LETA

Pxenyan uchun Rossiyaga qurol yetkazib berish nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki siyosiy tomondan ham foydalidir. Birinchidan, Moskva BMT Xavfsizlik kengashining Kim Chen In rejimiga nisbatan sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlamaydi, ikkinchidan, kelgusida hamon Pxenyan armiyasidagi eskirgan sovet mashinalari o‘rniga yangi texnikalar yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishi mumkni.

Ammo Yevropaga qurollarni nafaqat KXDR, balki Janubiy Koreya ham yetkazib bermoqda. 2022 yilda Seul 17 milliard yevrolik qurol sotgan; shundan 13 milliard dollarni Polsha to‘lagan. Varshava K-2 tankari, 155-millimetr kalibrli K-9 o‘ziyurar artilleriya qurilmalari, FA-50 rusumli yengil o‘quv-jangovar samolyotlar hamda K239 baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarini qabul qilib olgan. Bu texnikalarning bir qismi Polsha Ukrainaga bergan qurollar o‘rnini egallagan. 2023 yilda esa Seul Varshavaga 20 milliard yevrolik qurol-yarog‘ sotdi. Shu tariqa, prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyani 2027 yilga qadar dunyodagi eng yirik qurol eksportyorlari ro‘yxatida to‘rtinchi o‘ringa olib chiqishga harakat qilmoqda

Eksportyor sifatida Seul qator ustunliklarga ega, deb hisoblaydi Ramon Pardo. Eng asosiysi: Janubiy Koreya yuqori texnologiyali qurollar yetkazib berishni qisqa muddatlarda amalga oshirishi mumkin. Xususan, Polsha ilk K-9 gaubitsalarini shartnoma imzolanganidan besh oy o‘tiboq qo‘lga kiritgan. Qolaversa, janubiy koreyaliklarning ayrim qurollari g‘arbdagi muqobillaridan arzonroq, shu bilan birgalikda, samaradorlik borasida ulardan qolishmaydi. Xususan, AT-1K Raybolt rusumli tankka qarshi raketa kompleksi narxi amerikaliklarning Javelin kompleksidan uch barobar arzon, K-9 esa nemischa muqobilidan ancha arzonroqqa tushadi. Bundan tashqari, janubiy koreyaliklarning qurollari NATO standartlariga mos keladi va alyansning Sharqiy Yevropadagi a’zolari uchun ularni xarid qilish mantiqiy qarordir. Nihoyat, NATO mamlakatlari bilan hamkorlik o‘z-o‘zidan Janubiy Koreyaga AQSH bilan ittifoqchilikni mustahkamlashga imkon beradi — bu ittifoq KXDR bilan munosabatlar yomonlashuvi fonida o‘ta muhimdir.

Polsha mudofaa vaziri Mariush Blashchak va uning janubiy koreyalik hamkasbi Li Chen Sup Polshaning Torun shahridagi poligonda koreyaliklarning K9 Thunder gaubitsalaridan o‘q otish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotidan keyin. 2023 yil 23 fevral
Wojtek Radwanski / AFP / Scanpix / LETA

Asosiy muammo Janubiy Koreya qurollarini to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga yetkazib berish masalasi bo‘lib qolmoqda. Hozirda mamlakat qonunchiligi harbiy mojaro ishtirokchilariga qurol sotishni taqiqlaydi, ammo Seul yaqin vaqtlar ichida o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqishi mumkin, deb taxmin qiladi Fridrix Naumann fondining Seuldagi bo‘limi boshlig‘i Frederik Shpor. Shu vaqtga qadar Janubiy Koreya faqat Ukrainaga yordam beruvchi ittifoqchilarning harbiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlab keldi, shuningdek Kiyevga gazniqoblar (protivogaz) va zirhli nimchalar kabi jihozlarni yetkazib berdi. Ammo prezident Yun Janubiy Koreyaning jahon sahnasidagi rolini oshirmoqchi.

«Yun Ukrainaga qurol yetkazib berish Janubiy Koreyaning AQSH bilan ittifoqini yanada mustahkamlaydi deb hisoblaydi», — deydi Shpor. Ammo u yaqin vaqtlar ichida Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ekspert yo‘lga qo‘yilishi ehtimolini past deb baholaydi: uning ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat aholisi bunday g‘oyani qo‘llamaydi, chunki bu Rossiyani KXDRni yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlashga va Koreya yarimorolida eskalatsiya keltirib chiqarishga undashi mumkin.

Ko‘p narsa shu yil noyabrida AQSHda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlari natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Fevral oyi boshida respublikachilar Ukrainaga harbiy yordam uchun 60 milliard dollar ajratishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni blokladi. Agar saylovlarda ularning nomzodi, Ukrainadagi harbiy harakatlarni «24 soat ichida» to‘xtatishni va’da qilgan Donald Tramp g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, Seul o‘z rejalaridan voz kechishga majbur bo‘lishi — va hatto Kiyevni bilvosita qo‘llab-quvvatlashni ham to‘xtatishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo