
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, mashhur bokschi Dmitriy Bivolning sobiq turmush o‘rtog‘i Yekaterina Bivol rasman qidiruvga berildi. Bu haqda vazirlikning matbuot xizmati ma’lumotlariga tayanib Tengrinews xabar berdi.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, biroq aniq qaysi voqea uchun ekani hozircha oshkor etilmagan. Tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.
Yekaterina Bivol avvalroq ijtimoiy tarmoqda turli millat va elat vakillarini haqorat qiluvchi so‘zlar bilan chiqish qilgan video yoyilgan edi. Ushbu holat jamoatchilikda katta norozilik uyg‘otdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Qirg‘izistonda uni hibsga olish haqida order chiqarildi.
Bishkek shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, u Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 330-moddasi — “irqiy, milliy yoki mintaqalararo adovatni qo‘zg‘atish” bandi bo‘yicha ayblanmoqda. Ushbu modda bo‘yicha jazo chorasi 5-yildan 7-yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi.
Jamoatchilik va foydalanuvchilar uning xatti-harakatini keskin qoralab, bunday chiqishlar bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillariga zid ekanini ta’kidladi.
Bundan oldin Yekaterina Bivol sobiq erining oilasi haqida ham keskin fikrlar bildirgan, hatto bokschining onasini haqoratli so‘zlar bilan tilga olgan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda tug‘ilgan rossiyalik professional bokschi Dmitriy Bivol yengil vazn toifasidagi WBA chempioni hisoblanadi. U va Yekaterina 2007-yildan beri munosabatda bo‘lib, 2014-yilda rasman turmush qurgan. Er-xotin bir o‘g‘il farzandli bo‘lgan, ammo 2023-yil iyun oyida 16-yillik nikoh rasman bekor qilingan.
Shundan so‘ng, ular o‘rtasidagi mojaro ijtimoiy tarmoqlarda va sudlarda davom etib, o‘zaro ayblovlar bilan jamoatchilik e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Yekaterina Bivol erini xiyonat va moliyaviy aldovda ayblagan bo‘lsa, Dmitriy uning xatti-harakatlarini “axloq normalariga zid” deb atagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!