21:39 / 02.12.2024
14

Suriya: Halabda hukumat qo‘shinlari qolmadi, isyonchilar yurishi Rossiya aviazarbalari ostida davom etmoqda

Suriya: Halabda hukumat qo‘shinlari qolmadi, isyonchilar yurishi Rossiya aviazarbalari ostida davom etmoqda
Foto: Getty Images
Muxolifat kuchlari Suriyaning to‘rtinchi yirik shahri bo‘lmish Hama yaqinidagi qishloqlarga yetib kelgan, deb xabar bermoqda Suriyadagi inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish markazi (SOHR).

SOHR kuzatuvchilari xabar berishicha, so‘nggi soatlarda Bashar Asad hukumati kattagina qo‘shimcha kuch yuborib, Taybat al-Imom shahrida hamda Hama viloyati shimolidagi Hattob va Suran posyolkalarida, shuningdek, viloyat shimoli-g‘arbidagi asosan xristianlar istiqomat qiluvchi As-Sukaylabiya va Maxrada shaharlarida mudofaa chizig‘i tashkil etgan.

AFP agentligi manbasi hukumat qo‘shini Halabni butunlay tark etganini ma’lum qilgan. Suriyaning ikkinchi yirik shahri endi deyarli to‘liq «Hayyat Tahrir ash-Shom» va Turkiya ta’siridagi tuzilmalardan iborat bo‘lgan muxolifatchilar tomonidan nazorat qilinmoqda. Ayrim tumanlar kurd kuchlari nazorati ostida.

Idlib va Hama Halabdan janubda joylashgan. Muxolifat kuchlari viloyatning katta qismi, jumladan uning shimoli-g‘arbidagi shu nomli markazi Idlib shahri ustidan nazorat o‘rnatgan.

Idlib o‘qqa tutilishi oqibatlari. Foto: AFP
Suriya mudofaa vazirligi hukumat isyonchi kuchlar ustiga qarshi hujum boshlashga tayyorlanayotganini ma’lum qilgan. Vazirlikning feysbukdagi sahifasida joylashtirilgan xabarda aytilishicha, Rossiya va Suriy harbiy samolyotlari muxolifatning Idlib va Hamadagi pozitsiyalari bo‘ylab navbatdagi aviazarbalarni yo‘llagan.

SOHR ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya aviatsiyasi Idlibdagi qochqinlar lageri bo‘ylab besh bor zarba yo‘llagan, buning natijasida kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan.

Keyinroq SOHR rossiyaliklarning samolyotlari Halabdagi Universitet hospitali bo‘ylab to‘rt bor aviazarba yo‘llagani, natijada besh kishi halok bo‘lgani, qurbonlar orasida tinch aholi vakillari borligini ma’lum qildi.

Suriyadagi urushayotgan tomonlarni yarashtirish bo‘yicha Rossiya markazining kechqurungi hisobotida shifoxonaga hujum haqida hech narsa deyilmagan. Unda o‘tgan kun davomida Halab, Hama va Idlib viloyatlari bo‘ylab raketa-bombali zarbalar yo‘llangani aytilgan.

2019 yilda New York Times gazetasi Rossiya aviatsiyasi Suriyadagi to‘rtta shifoxonani mo‘ljallab yo‘llagan zarbalarni hujjatlashtirgandi, aniq koordinatalar ularga bunday hujumlardan saqlanish uchun oldindan berilgandi.

Halab 2016 yilga qadar suriyalik isyonchilarning asosiy tayanchi sanalgan, shahar hukumat qo‘shinlarining Rossiya aviatsiyasi ko‘magida uyushtirgan shiddatli hujumlaridan keyin esa qulagan. Suriyalik isyonchilar (masalan, Ukraina muntazam armiyasidan farqli o‘laroq) hech qachon havo hujumidan mudofaa tizimlariga ega bo‘lmagan, bu esa Rossiya Havo-kosmik kuchlari samolyotlari urib tushirilishidan qo‘rqmasdan harakatlanishiga imkon bergan.

Isyonchilar hozirda egallab turgan hududlarini Asad va uning ittifoqchilari havo kengliklarini nazorat qilayotgan sharoitda o‘z qo‘lida ushlab qolishi yoki yo‘qligini aytib bo‘lmaydi.

Shanba kuni kechqurun Bashar Asad ilk bor bo‘layotgan hodisalar yuzasidan munosabat bildirdi. U kameralar qarshisida ko‘rinish bergani yo‘q, ammo uning ofisi quyidagicha bayonot tarqatdi.

«Suriya barcha terrorchilar va ularni qo‘llab-quvvatlovchilar qarshisida o‘z barqarorligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishda davom etmoqda, — degan Asad Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati bilan telefon orqali so‘zlashuvda. — U o‘z do‘stlari va ittifoqchilari yordamida, terrorchilarning hujumlari qanchalik faol bo‘lishidan qat’i nazar, ularni mag‘lub etish va yakson qilishga qodir».

Suriyada harbiy harakatlar avj olishi mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka tahdid soladi, dedi yakshanba kuni BMT elchisi Geyr Pedersen.

«Men Suriya va manfaatdor bo‘lgan boshqa tomonlarni qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik va Xavfsizlik kengashining 2254-rezolyutsiyasiga muvofiq tarzda siyosiy yechimga e’tibor qaratish uchun shoshilinch va jiddiy siyosiy hamkorlik qilishga chaqiraman», — deya Pedersenning bayonotidan iqtibos keltirgan AFP.

«Men bir necha bor Suriyadagi eskalatsiya xavfidan ogohlantirdim… Suriya tomoni yoki mavjud o‘yinchilar Suriya mojarosini harbiy yo‘l bilan hal qila olmasligidan», — degan u.

BMTning 2015 yil qabul qilingan 2254-rezolyutsiyasi Suriyada siyosiy o‘tish davri uchun «yo‘l xaritasi», jumladan, umummilliy o‘t ochishni to‘xtatish, yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish va BMT kuzatuvi ostidagi saylovlarni o‘tkazishni o‘z ichiga olgan.

Bu vaqtda Eron tashqi ishlar vaziri Damashqqa yo‘l olgan, u yerdan — Suriyadagi ayrim isyonchi kuchlarni qo‘llab-quvvatlovchi Turkiyaga boradi.

Anqara Asad anchadan buyon inkor etib kelayotgan muzokaralarga undashi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Suriya: Halabda hukumat qo‘shinlari qolmadi, isyonchilar yurishi Rossiya aviazarbalari ostida davom etmoqda