2024 yil 25 dekabr kuni Qozogʻistonning Oqtov shahri yaqinida Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasiga qarashli Boku – Grozniy yoʻnalishida parvoz qilayotgan Embraer E190 samolyoti qulab tushdi.
Oqibatda samolyot bortida boʻlgan 67 odamdan 38 nafari halok boʻldi. 29 kishi tirik qoldi, biroq ularning ayrimlari shifoxonada ogʻir ahvolda qolmoqda.
Avvaliga samolyot Grozniy va Maxachqal'a aeroportlariga qalin tuman tufayli qoʻna olmagani va Oqtovga uchishga majbur boʻlgani, keyinroq Embraer E190ʼning qulab tushishiga qushlar galasi sababchi boʻlgani aytildi.
Biroq samolyot fyuzelajida aniqlangan teshiklar, u havoda boʻlgan paytida oʻqqa tutilgan degan taxminni keltirib chiqardi. Jumladan, Euronews telekanali oʻz manbasiga tayanib samolyotga Grozniy tepasida Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari raketa zarbasi bergani haqida xabar berdi.
Unga koʻra, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Grozniyda dronlar “faollashgan” vaqtda (shu vaqtda Kavkazdagi regionlarga ukrain dronlari hujum qilayotgandi) AZAL samolyoti tomonga raketa uchirgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar etkazgan. Buni Euronews telekanalining Ozarboyjon hukumatidagi manbalari ham tasdiqlagan.
Oqtov shahri yaqinida qulab tushgan samolyotning dum qismi
Euronews telekanali manbalari uchuvchilar favqulodda qoʻnishni soʻraganiga qaramay, shikastlangan samolyotga Rossiya aeroportlariga qoʻnishga ruxsat berilmaganini aytgan. Ekipajga Kaspiy dengizi orqali Qozogʻiston gʻarbidagi Oqtov shahri tomon uchish kerakligi aytilgan.
Azerbaijan Airlines “samolyot fizik va texnik tashqi ta'sir oqibatida halokatga uchragani” haqida bayonot berdi. Rossiya tomoni esa hozircha hodisa haqida hech qanday izoh bermadi.
Agar fuqaro aviatsiyasi tarixiga nazar tashlansa, Oqtovdagi hodisa yagona emas. Shu paytgacha Rossiya bir qancha samolyotlarni urib tushirganlikda ayblangan.
Bu davlat hatto aniq dalillar boʻlsa ham shu paytgacha yoʻlovchi samolyotlarini urib tushirganini tan olmagan. Biroq 2024 yil 28 dekabr kuni Vladimir Putin Ilhom Aliyevdan uzr soʻradi.
Oqtov shahri yaqiniga qulab tushgan samolyot
Kreml matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, Putin Aliyevga qoʻngʻiroq qilib, Oqtovda sodir boʻlgan halokatni muhokama qilgan.
“Putin Ozarboyjon samolyoti bilan sodir boʻlgan voqea Rossiya havo hududida yuz bergani uchun Aliyevdan uzr soʻradi. Rossiya prezidenti aviahalokatda qurbon boʻlganlarning oila a'zolariga yana bir bor hamdardlik bildirdi”, deyiladi xabarda.
Xabarga koʻra, Rossiya tergov qoʻmitasi Jinoyat kodeksining 263-moddasi (havo transporti harakati xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish) boʻyicha jinoyat ishi ochgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, fuqarolik va harbiy mutaxassislar soʻroq qilinmoqda.
Quyida Rossiya urib tushirganlikda gumon qilingan samolyot halokatlari haqida gaplashamiz.
Polsha prezidenti oʻtirgan samolyot halokati
2010 yil 10 aprel kuni Polsha poytaxti Varshavadan Rossiyaga parvoz qilayotgan Tu-154 samolyoti Smolenskdagi aerodrom yaqinida halokatga uchraydi.
Oqibatda 8 nafar ekipaj a'zosi va 88 nafar yoʻlovchi halok boʻladi. Halok boʻlganlar orasida Polsha prezidenti Lex Kachinski, uning rafiqasi, yuqori lavozimdagi mutasaddilar va harbiylar bor edi.
Halokatni oʻrganish boʻyicha tashkil etilgan komissiya hodisa noqulay ob-havo tufayli sodir boʻlgan deb xulosa bergan. Ammo boshqa taxminlar ham bildirilgan.
Bu hodisa boʻyicha koʻplab tekshiruvlar va surishtiruvlar oʻtkazilgan. Polsha tomoni hodisada Rossiyani ayblagan, Moskva esa halokatga aloqasi yoʻqligini aytgan.
Polsha prezidenti parvoz vaqtida uchuvchilar xonasiga kirib, ularga bosim oʻtkazib, turli buyruqlar berib turgan. Ayrimlar Smolenskda ham qayerga qoʻnishni u hal qilgan va uchuvchilar buyruqni bajargan deyishadi.
Nima boʻlganda ham Smolenskdagi hodisada Rossiya tomoni ham ayblanadi va ular halokatni uyushtirganlikda gumonlanadi.
Doneskdagi hodisa
Donesk osmonida urib tushirilgan samolyot qoldiqlari
2014 yil 17 iyul kuni Amsterdam – Kuala-Lumpur yoʻnalishida parvoz qilayotgan Malaysia Airlines aviakompaniyasiga qarashli Boeing 777 Donesk shahri yaqinida urib tushiriladi. Oqibatda samolyot bortidagi 298 kishi halok boʻladi.
Oʻsha paytda Donesk atrofida Rossiya armiyasi qoʻllab turgan ayirmachilar va Ukraina armiyasi oʻrtasida jangovar harakatlar boʻlib turgandi.
Halokatdan soʻng tomonlar samolyotning urib tushirilishida bir-birini ayblaydi. Keyinroq samolyotga Rossiyaga tegishli “Buk” zenit-raketa tizimi bilan zarba berilgani oydinlashadi.
Ayirmachilar, aniqrogʻi Rossiya harbiylari Malayziya samolyotini Ukrainaning An-26 samolyoti deb oʻylab, unga raketa bilan zarba beradi.
2022 yil Haaga okrug sudi samolyotni urib tushirishda Donesk xalq respublikasi ayirmachilar qoʻmondoni boʻlgan Igor Girkinni aybdor deb topadi.
Sovetlar urib tushirgan yoʻlovchi samolyotlari
SSSR harbiylari tomonidan ham bir qancha yoʻlovchi samolyotlari urib tushirilgan. Ular orasida hatto sovetlarning oʻz samolyoti ham bor.
1962 yilda Krasnoyarsk oʻlkasida qulab tushgan Tu-104 samolyotini avvaliga noqulay ob-havo yoki uchuvchilar xatosi tufayli halokatga uchragan deb topishadi.
Biroq xuddi Oqtovda qulab tushgan samolyotda boʻlgani kabi Tu-104 fyuzelajida teshik topilgach, uni harbiylar urib tushirgani oydinlashadi.
Quyida sovetlar tomonidan urib tushirilgan yoʻlovchi samolyotlari haqida soʻz yuritamiz.
Bolgariyada urib tushirilgan Isroil samolyoti
1955 yilda urib tushirilgan Lockheed L-049 Constellation shu koʻrinishda boʻlgan
Sovet harbiylari tomonidan yoʻlovchi samolyotining urib tushirilishi hodisasi ilk bor oʻtgan asrning 50-yillarida sodir boʻladi.
1955 yil 27 iyul kuni Isroilning El Al aviakompaniyasiga qarashli Lockheed L-049 Constellation samolyoti London – Vena – Istanbul – Tel-Aviv yoʻnalishida uchayotganda Bolgariya osmonida urib tushiriladi.
Samolyotni Bolgariyada joylashgan SSSR harbiy havo kuchlari bazasida xizmat qilgan sovetlarning MiG-15 qiruvchi samolyoti urib tushirgandi. Oqibatda samolyot bortida boʻlgan 51 nafar yoʻlovchi va 7 nafar ekipaj a'zolari halok boʻladi.
Keyinchalik oʻtkazilgan surishtiruvlarda samolyot yoʻldan adashib, Bolgariya havo hududiga ruxsatsiz kirib ketgani ma'lum boʻladi. Oʻshanda SSSR oʻz aybini tan olmaydi.
Bir necha yil davom etgan sud jarayonlaridan keyin, 1959 yilda Xalqaro sud hukmi bilan halok boʻlganlarning oila a'zolariga tovon pulini Bolgariya toʻlab beradi.
Oʻz samolyotini urib tushirgan SSSR
Tu-104
1962 yil 30 iyunda Aeroflot aviakompaniyasiga qarashli Tu-104 samolyoti Xabarovsk – Irkutsk – Omsk – Moskva yoʻnalishi boʻyicha uchayotganda Krosnoyarsk oʻlkasi hududida qulab tushadi. Oqibatda samolyot bortida boʻlgan 76 nafar yoʻlovchi va 8 nafar ekipaj a'zolari vafot etadi.
Hodisa yuzasidan surishtiruv olib borgan komissiya halokatga samolyotning bulutlar orasiga tushib qolishi yoki uning salonida sodir boʻlgan ish sabab boʻlgan degan xulosaga keladi.
Ammo samolyot boʻlaklarining biridan diametri 20 santimetr boʻlgan teshik topiladi. Teshikning atrofi kuygan edi. Tu-104 oʻsha hududda joylashgan havo hujumidan mudofaa boʻlimidan mashgʻulot paytida uchirilgan zenit raketasi bilan urib tushirilgandi.
Aksariyat voqea va hodisalarni ommadan yashirgan sovetlar Tu-104 samolyoti harbiylar tomonidan urib tushirilganini ham odamlardan yashiradi. Hodisa tafsilotlari SSSR parchalanib ketgandan soʻng ommaga oshkor boʻladi.
Saxalinda urib tushirilgan Koreya samolyoti
1983 yil 1 sentyabr kuni SSSRning Su-15 qiruvchi samolyoti Janubiy Koreyaning Korean Air Lines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 747 samolyotini urib tushiradi. Oqibatda samolyot bortida boʻlgan 269 kishining barchasi halok boʻladi.
Avvaliga SSSR samolyotni urib tushirganini tan olmaydi. Biroq koʻp oʻtmay Boeing 747 urib tushirilgani aniq dalillar bilan isbotlanadi. Shunda sovetlar Boeing 747 chegarani kesib, SSSR hududiga oʻtgani va uni harbiy samolyot deb gumon qilib, urib tushirilganini aytishadi.
Oʻshanda xalqaro hamjamiyat SSSR harbiylari samolyotning fuqaro aviatsiyasiga tegishli ekanini bila turib urib tushirgan, degan xulosaga keladi. Shundan soʻng Gʻarb davlatlarining SSSR bilan munosabatlari battar sovuqlashadi: Afgʻon urushi tufayli e'lon qilingan sanktsiyalar yanada kuchaytiriladi.
Murmanskda majburan qoʻndirilgan samolyot
1978 yil 20 aprelda Janubiy Koreyaning Korean Air Lines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 707 samolyoti Parijdan Seulga parvoz qilayotganda adashib, SSSR hududiga oʻtib ketadi. Oʻshanda samolyot bortida 97 yoʻlovchi va 12 nafar ekipaj a'zolari boʻlgan.
Shundan soʻng darhol havoga harbiy samolyotlar chiqariladi va ular Boeing 707ʼga raketa bilan zarba berishadi. Samolyot jiddiy shikastlanadi va qulab tushmaslik uchun Kareliyadagi muzlagan koʻlga favqulodda qoʻnishga majbur boʻladi.
Boeing 707 darhol sovet harbiylari tomonidan oʻrab olinadi. Tunda yoʻlovchilar pastga tushiriladi. Raketa zarbasi tufayli bir yoʻlovchi halok boʻlgani, oʻndan ortiq odam jarohatlangani oydinlashadi.
21 aprel kuni ertalab Boeing 707 yoʻlovchilari va ekipaj a'zolarini vertolyotlar yordamida avval harbiy bazaga, keyin samolyot bilan Murmansk shahriga olib borishadi. Soʻng ular Xelsinkiga joʻnatiladi.
Yoʻlovchilar va ekipaj a'zolari Xelsinkidan AQShga qarashli Boeing 727 samolyoti bilan Janubiy Koreyaga uchirib yuboriladi.
Samolyotning ikki nafar uchuvchisi – ekipaj komandiri va shturman olib qolinadi. Ular SSSR havo hududini buzib kirishda ayblanadi va KGB tomonidan tergov qilinadi. Soʻng SSSRdan chiqarib yuboriladi. Boeing 707 SSSRda qoladi.
Gʻayrat Yoʻldosh tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Britaniya 3 mingga yaqin oʻzbekistonlikni ish bilan ta'minlaydi
Tramp Putin u bilan uchrashmoqchi ekanini aytdi (video)
Zelenskiy ikkinchi muddatga prezidentlikka saylanishga qaror qildi
Dunyodagi eng qashshoq prezident saratondan davolanishga qarshi chiqdi
Ilon Mask Britaniya bosh vazirini lavozimidan qanday chetlatishni oʻrganmoqda
Salome Zurabishvili haliyam oʻzini Gurjiston prezidenti deb atamoqda
Tramp Ukrainaning NATOga qoʻshilish masalasini "yopiq" dedi
Britaniyaliklar Afgʻonistonda jangga layoqatli erkaklarni qasddan oʻldirgani aniqlandi