Foto: AP Photo
Isroil “zarurat tugʻilganda” Gʻazo sektorida harbiy harakatlarni davom ettirish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Bu haqda yahudiy davlati bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ma'lum qildi.
Netanyaxuning soʻzlariga koʻra, AQSh Isroilni Gʻazodagi urushni qayta boshlashi uchun toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Tegishli fikr AQShning amaldagi rahbari Jo Bayden va saylangan prezident Donald Tramp tomonidan bildirilgan. Isroil bosh vaziri Gʻazodagi oʻt ochishni toʻxtatish “vaqtinchalik” ekanini aytdi.
U agar ikkinchi bosqich boʻyicha kelishuvga erishilmasa, AQSh Isroilga “harbiy harakatlarga qaytish huquqi”ni berganini ta'kidladi.
“Muzokaralar davomida men bir nechta printsiplarni aniqlashtirib oldim: birinchi printsip — agar kerak boʻlsa, jangovar harakatlarni tiklash imkoniyatini saqlab qolish”, dedi Binyamin Netanyaxu.
U Isroil armiyasi oʻz kontingentini Gʻazo sektori va Misr oʻrtasidagi chegara zonasi — Filadelfiya yoʻlagi hududida saqlab qolmoqchiligini aytdi.
“Filadelfiya yoʻlagidagi kuchlarni qisqartirish u yoqda tursin, hattoki ularni bir oz koʻpaytiramiz ham”, dedi u.
Netanyaxu Isroil “urushning barcha maqsadlarini bajarishga” va “barchani uyiga qaytarishga” erishmoqchiligini ta'kidladi. Uning soʻzlariga koʻra, bugungi kunga qadar 157 nafar garovga olinganlar HAMAS asirligidan qaytarilgan, ulardan 117 nafari tirik. Isroil va Falastin harakati oʻrtasidagi bitimning birinchi bosqichi doirasida yana 33 nafar garovdagi isroillik uyga qaytadi.
Isroil va HAMAS oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish bitimi kuchga kirdi
Bitimning birinchi bosqichida HAMAS Isroil tomoniga 33 nafar garovga olinganlarni topshiradi, ularning aksariyati tirik deb taxmin qilinmoqda. Bular asosan ayollar, bolalar, keksalar, bemorlar va yaradorlardir. Bunga javoban Isroil yuzlab falastinlik mahbuslarni qamoqdan ozod qiladi.
Kelishuv shartlariga koʻra, Isroil armiyasi Gʻazo sektori hududlarining aksariyat qismidan chiqib ketadi, faqatgina Gʻazo sektori va Misr oʻrtasidagi Filadelfiya yoʻlagida, shuningdek, Falastin eksklavi va Isroil chegarasidagi maxsus bufer hududida harbiy mavjudligini saqlab qoladi. Gʻazoning tinch aholisi oʻz uylariga, jumladan, janglar tufayli eng koʻp zarar koʻrgan shimoliy hududlarga ham qaytish imkoniyatiga ega boʻladi.
Oʻn oltinchi kuni bitimning ikkinchi bosqichi boʻyicha muzokaralar boshlanadi. Bu bosqichda Isroilga garovga olingan erkaklar va halok boʻlgan asirlarning qolgan jasadlari topshirilishi mumkin. Baydenning ta'kidlashicha, kelishuvning uchinchi bosqichi Gʻazoning urushdan keyingi tiklanishiga qaratiladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar