AQShning yangi prezidenti deyarli har kuni Rossiya-Ukraina urushini yakunlash rejasi boʻyicha qandaydir yangi gap aytmoqda. Bu holatda uning Moskvaga nisbatan ohangi tobora qat'iylashib bormoqda: jumladan, agar Moskva harbiy harakatlarni bas qilmasa, neft narxlarini qulatishga ham va'da berdi.
Bundan tashqari, mojaroni tinchitish uchun Kit Kellogni maxsus vakil qilib tayinladi. Reuters va The Wall Street nashrlari saylovgacha ham Kellog tinchlikka erishish uchun Trampga ham Kiyevga ham, Moskvaga ham bosim oʻtkazish kerakligini tavsiya qilganini yozib chiqqandi. Bir vaqtning oʻzida Tramp Zelenskiyni 2022 yil boshida muzokaralarni boshlamagani uchun ochiqchasiga tanqid qildi. Trampni lavozimiga kirishishi bilan tabriklar ekan, Putin «Ukraina mojarosi» boʻyicha muloqotga tayyorligini tasdiqladi, keyinroq Amerika prezidenti bilan «ishonchga sazovor munosabatlar»ga ega ekanini qoʻshimcha qildi.
Tinchlik muzokaralari atrofidagi vaziyat borgan sari taranglashib bormoqda. Bu borada Kiyevdagilarning fikri qanday? «Meduza» maxsus muxbiri Liliya Yapparova Volodimir Zelenskiy ofisi rahbarining maslahatchisi Mixaylo Podolyak bilan suhbat oʻtkazdi.
— Soʻnggi bir necha oy davomida hamma tinchlik muzokaralarini muhokama qilmoqda. Sizningcha, u yaqin orada amalga oshadimi?
— Avvalo, tinchlik tushunchasini aniqlashtirib olish kerak. Rossiya uchun bu — okkupatsiya, Ukraina uchun esa hayotini saqlab qolish imkoniyati. Demokratik davlatlar shunga yaqinlashib boryapti, deb ishonaman: bunday urushlar faqat tajovuzkor davlatni majburlash orqali toʻxtatiladi. Ular bilan kelishib boʻlmaydi, ularni faqat majburlash mumkin. Buni AQShning yangi prezidentining Rossiyaga nisbatan oʻzgargan ritorikasida ham koʻryapman. Bu esa muayyan umidlarni paydo qiladi.
— Davos forumida Tramp tahdidlarga ham oʻtdi: u Saudiya Arabistoni va OPEC’ni neft narxlarini tushirib, Rossiyaning daromadlarini qisqartirishga va uning Ukrainadagi harbiy harakatlarini toʻxtatishga majburlashini aytdi. Bu amalga oshishi mumkinmi?
— Bu tahdid emas. Koʻpchilik uchun kutilmagan holat shundaki, Tramp aynan samarali boʻlishi mumkin boʻlgan echimlarni taklif qilmoqda. Ya'ni Rossiya uchun urush bahosini keskin oshirish va uning global bozordagi daromadini kamaytirish. Agar neft narxini 50 dollardan pastga, eng yaxshisi, 40 dollargacha tushira olishsa, Rossiya urushni davom ettirish uchun zarur boʻlgan katta miqdordagi mablagʻlardan ayrilishi tayin.
Tramp shunchaki neft mahsulotlarini iste'mol qiluvchi davlatlar darajasida shartli sanktsiyalar joriy qilishni taklif etayotgani yoʻq. U neft narxini pasaytirish haqidagi qarorni OPEC’ga a'zo davlatlar va AQSh bilan iliq munosabatdagi saudiyaliklar qabul qilishi kerakligini aytmoqda. Bu Rossiyani dunyoni adekvatroq qabul qilishga majburlash uchun puxta oʻylangan va tezkor vositadir.
Putin buni anglay olishi yoki yoʻqligi umuman boshqa masala. Hozircha u buni goʻyoki qandaydir parda ortidagi oʻyinlar sifatida qabul qilmoqda. U goʻyo, «xoʻp, sizlar qandaydir bayonotlar qilib turinglar, buyogʻini parda ortida kelishib olaveramiz», degandek. Menimcha, u katta xatoga yoʻl qoʻyapti.
— Bunday bosim tinchlik muzokaralarini xavf ostida qoldiradigandek tuyulmayaptimi sizga? Axir Putin oʻziga nisbatan bosim oʻtkazilishini yoqtirmasligi hammaga ma'lum.
— Putinda toki manyovr qilish uchun maydon mavjud ekan, unga nimadir yoqishi yoki yoqmasligi mumkin. Hozir u juda kuchli qaramlikka tushib qolgan. Men uning Si Jinping bilan soʻnggi [2025 yil 21 yanvardagi] videokonferentsiya orqali muzokaralarini kuzatdim — Si vazmin, hatto ironiya bilan gaplashmoqda, Putinga yengil istehzo bilan qaradi. Putin esa sertavoze, goʻyo oʻzini yaxshi tomondan koʻrsatishga harakat qilyapti: «Qarang, biz bunaqa qila olamiz, mana bunga ham qodirmiz», deya. U oʻziga ishonchi yoʻq, obroʻsi qizil zonada boʻlgan odamdek koʻrindi. Chunki u rostdan ham bir qator qarorlarni mustaqil qabul qila olmaydi — yirik davlatlarning qoʻllab-quvvatlovi boʻlmasa, u bir qadam ham tashlay olmaydi.
Tramp ham Putinning ruhiy emotsional holatiga e'tibor qaratadi, deb oʻylamayman. Putin unga teng raqib emas.
— Tramp urushni bir sutkada toʻxtatishga va'da bergandi, lekin bunga erisha olmadi va Ukraina hamda Rossiya boʻyicha maxsus vakili Keyt Kellogga mojaroni 100 kun ichida tugatish vazifasini yukladi. Bu muddat realmi?
— Bu Kellog oldida turgan vazifa uchun real muddat. Tramp uni aniq bayon qildi: AQSh va Ukrainani qoniqtiradigan hamda haqiqatan ham urushni tugatishga olib keladigan stsenariy ishlab chiqish kerak. Men esa [AQSh davlat kotibi Marko] Rubioning soʻzlariga alohida e'tibor qaratishni taklif qilgan boʻlardim. U urush shunday echim topishi kerakki, uch-toʻrt yil ichida janglar qayta boshlanmasligi lozim, dedi.
Demak, mojaroni tugatish rejasi Ukraina va umuman Sharqiy Evropaning suverenitet huquqlarini himoya qilishni kafolatlashi, xalqaro huquqni davlatlararo munosabatlar standart sifatida tiklashni ta'minlashi kerak.
— Ukraina Kellog bilan maslahatlashuvlar oʻtkazishga ulgurdimi? U yanvar oyi boshlarida Kiyevga borishni rejalashtirgandi, lekin qandaydir sabab bilan safarini kechiktirdi.
— Yoʻq, hozircha janob Kellog bilan hech qanday muloqot boʻlgani yoʻq. Fikrimcha, u hozir aynan AQShning Rossiyaga nisbatan pozitsiyasini ishlab chiqmoqda. Rossiya esa hozircha adekvat suhbatga tayyor emas.
— Siz Kellogning urushni tugatish boʻyicha pozitsiyasi haqida qanday fikrdasiz? U muzokara jarayonida «qamchi va shirinlik» usulidan foydalanishni yoqlagandi — masalan, Ukrainaga AQSh harbiy yordamini keskin qisqartirish tahdid qilingan edi.
— Bularning barchasi Kellog va Tramp urush muammosiga chuqurroq kirib bormagan paytdagi mulohazalar edi. Lekin Rossiyaga nisbatan qamchisiz hech narsa ish bermaydi. Kellog aynan shu qamchini ishlab chiqish ustida ishlaydi.
Putinga qarshi faqat tahdid va majburlash orqali samarali ish olib borish mumkin. Unga shaxsan oʻzi toʻlaydigan bahosi tushuntirilishi kerak. Kelgusida u nafaqat urushni moliyalashtirish imkoniyatlarini qoʻldan chiqaradi, balki ichki ijtimoiy masalalarni hal qilish imkoniyatlaridan ham ayriladi. Rossiya ichida taranglik ortib boradi, Ukraina esa, umid qilamanki, uzoq masofalarni nishonga oluvchi qurol-yarogʻlar bilan ta'minlanadi. Bu esa Putin eng koʻp qoʻrqadigan narsaga olib keladi: nazoratni yoʻqotishi va lavozimidan chetlatilishi.
— Sizningcha, Putin Trampdan nima kutmoqda? 20 yanvarda Rossiya prezidenti, masalan, «Ukraina mojarosi boʻyicha yangi AQSh ma'muriyati bilan muloqotga tayyor» ekanini va «uzoq muddatli tinchlik»ga erishishni xohlashini aytdi.
— Putin oʻz tashqi siyosatini yolgʻon ustiga qurishni yaxshi koʻradi va oʻzi ham aldanishni kutyapti. U global muhokamalar oʻrniga, pardalar ortida kelishib olishga umid qilyapti. Ya'ni omma oldida tinchlikka chorlovchi bayonotlar beriladi, aslida esa, parda ortida muzokaralar boʻlib oʻtadi va u oʻsha erda aldov va bosim oʻtkazishga harakat qiladi: «Biz sizga manavini berdik, siz esa bizga buni bering» qabilida. Lekin bu kutilmalarda Putin katta xatoga yoʻl qoʻymoqda.
— Trampning bayonotiga koʻra, uning Putin bilan uchrashuviga tayyorgarlik ketmoqda. Bu masalada Ukraina tomoniga murojaat qilindimi?
— Tramp va Putin oʻrtasidagi suhbat AQSh ma'muriyati vakolatiga kiradi. Fikrimcha, Trampga Putin bilan uchrashish haqiqatan ham kerak, shunda uning aqliy tanazzuli nechogʻlik chuqur ekanini anglaydi. Putin oʻzining haqiqiy «men»ini ochadi, Tramp esa uning nechogʻlik noadekvatligini baholab, bu shaxsdan mantiqiy xulosa va ratsional xatti-harakat kutmaslikka qaror qiladi.
Shundan soʻng esa Rossiyaga nisbatan qattiq iqtisodiy bosim oʻtkazish lozim: neft narxini tushirish, Putin atrofidagi shaxslarga yangi sanktsiyalar joriy etish, ularning chet eldagi mulklarini musodara qilish, muzlatilgan aktivlardan foydalanish va sanktsiyalarni chetlab oʻtish yoʻllarini toʻsish.
— 21 yanvarda Zelenskiy AQSh va Ukraina prezidentlarining uchrashuvini tashkil etish ustida ishlayotganini ma'lum qildi. Uchrashuv dasturi boʻyicha tushuncha bormi, qaysi masalalar muhokama qilinadi?
— Bu uchrashuvga tayyorgarlik tashqi ishlar vazirligi va prezident ma'muriyati darajasida olib borilmoqda. Uchrashuv mavzulari esa ochiq va aniq: biz uchun xavfsizlik kafolatlari, chegaralar daxlsizligi, xalqaro xavfsizlik tizimidagi aniq oʻrnimiz, Ukrainani tiklash dasturi, diplomatik, harbiy va moliyaviy koʻmak, sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhim.
— Ukraina, Rossiya va AQSh oʻrtasida uch tomonlama muzokaralar boʻyicha Kiyevda aniqlik bormi? Bu qanday formatda muhokama qilinmoqda?
— Bu ertaga yoki indinga hal boʻladigan masala deb oʻylamayman. Hozircha boshqa uch tomonlama muzokaralarni oʻtkazish zarur — AQSh, Evropa Ittifoqi va Ukraina. Bu urushni yakunlash yoʻlidagi umumiy pozitsiyamiz toʻliq muvofiqlashtirilishi kerak. Shuningdek, AQSh—Xitoy va AQSh—Global Janub davlatlari oʻrtasida alohida muloqotlar boʻlishi mumkin. Faqat shundan soʻng uch tomonlama muzokaralar haqida gapirish mumkin boʻladi.
— Volodimir Zelenskiy 23 yanvarda Rossiya bilan muzokaralar shartlarini ma'lum qildi. Asosiy talab — Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish: Gʻarb davlatlari, jumladan, AQSh Ukrainaga kamida 200 ming tinchlikparvar kuchlar yuborishi kerak, dedi Ukraina prezidenti. Boshqa variant sifatida Ukraina NATOga qabul qilinishi ham taklif etildi. Evropa va AQShdagi sheriklaringiz bu talablarga qanday munosabat bildirmoqda?
— Putin uchun hozir ekspansiya hokimiyatda qolishning yagona usuliga aylangan. Shuning uchun agar biz haqiqatan ham uzoq muddatli tinchlikni ta'minlashni istasak, bir necha yoʻl bor. Birinchisi — Ukrainaning NATOga qoʻshilishi. Ikkinchisi — Isroil—AQSh modeli boʻyicha xavfsizlik kafolatlari, ya'ni Isroil havo hududi Amerika havo hujumidan himoya tizimlari va aviatsiyasi bilan himoya qilinadi. Uchinchisi esa tinchlikparvar kuchlar yuborish; bu taklif hozir Fransiya, Britaniya va Shimoliy Evropa davlatlari bilan muhokama qilinmoqda. Front chizigʻi 1,3 ming km uzunlikda ekanini va bosib olingan hududlarda 600 mingdan ortiq rossiyalik harbiy borligini inobatga olsak, tinchlikparvar kontingent 150–200 ming kishini tashkil etishi kerak.
Ukraina prezidenti: «Mana, variantlar bor, boshqa yoʻl yoʻq», demoqda. Formal ravishda Putinga biz urushni tugatdik, deb e'lon qilish va uning ekspansiya hamda provokatsiyalardan voz kechishini kutish yaramaydi.
— Putin esa Ukrainaning NATOga a'zoligini mutlaqo qabul qilmasligini aytdi. U Rossiya tinchlik muzokaralariga faqat Ukraina oʻz qoʻshinlarini Moskva ilgari anneksiya qilgan toʻrt oblastdan olib chiqib ketgan taqdirdagina tayyorligini bildirdi. Kiyev va Moskva pozitsiyalari bu qadar farq qilar ekan, muzokaralardan natija kutish mumkinmi?
— Albatta, ishonaman. Ammo bunda majburlash usuli kerak, boshqa yoʻl ish bermaydi. Agressor davlatning ezgu niyatlariga ishonib boʻlmaydi. Bizning sheriklarimiz — birinchi navbatda AQSh — Rossiya bilan yumshoq ohangda gaplashish mumkin emasligini anglay boshladi. Uni faqat iqtisodiy va harbiy choralar bilan majburlash mumkin.
— Trampning mojaroni hal etish rejalari hozircha Ukrainaning NATOga qoʻshilishi masalasini oʻz ichiga olmaydi. Siz mamlakatning alyansga a'zo boʻlishini qanday ta'minlamoqchisiz?
— Muhokamalar va ratsional dalillar orqali. Shuningdek, bu gʻoyani qoʻllab-quvvatlaydigan xalqaro siyosatchilardan iborat keng tarmoq yaratish bilan. Masalan, Ukraina Evropaga muhim strategik ustunlik bera oladi: qurolli kuchlarimiz negizida Evropa qoʻshma harbiy guruhini tashkil qilish mumkin. Bu kuchlar AQSh yordamiga muhtoj boʻlmay turib ham xavfsizlikni ta'minlay oladi.
— AQSh prezidentining milliy xavfsizlik boʻyicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton Tramp Ukrainani oʻzi uchun noqulay tinchlik kelishuvini imzolashga majbur qilishga urinadi, degan xavotir bildirdi. Siz bu xavotirga qoʻshilasizmi?
— Yoʻq, xavotirlanmayman. Chunki bu AQShning nufuziga qattiq zarba boʻladi. Bu Rossiyaga oʻz tajovuzkor harakatlarini davom ettirishga imkon berishni anglatadi. Urushni mutlaqo boshqa yoʻl bilan yakunlash imkoniyatlari mavjud. Bu Rossiya keltirayotgan beqarorlikni ham kamaytirishga yordam beradi.
— Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi 22 yanvarda frontda vaziyat ogʻirligicha qolayotganini, rossiyalik harbiylar shaxsiy tarkib va texnikada ustunlikni saqlab qolganini ma'lum qildi. Hozir oldingi saflarda vaziyat qanday?
— Juda ogʻir, ayniqsa, Donesk yoʻnalishida. Rossiyada hozir ancha koʻproq oʻq-dori, zirhli texnika, artilleriya va arzon tirik kuch bor. RF armiyasi front chizigʻi boʻylab kichik guruhlar bilan hujumlar tashkil qilish va kichik plasdarmlarni egallash taktikasidan foydalanmoqda. Ular bu nuqtalarni kengaytirish va ustunlikni oshirishni maqsad qilgan.
Biroq urush davom etmoqda va agar Ukrainaga koʻproq raketa, minomyot va reaktiv snaryadlar etkazib berila boshlansa, vaziyat barqarorlashishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar