
Rossiya prezidenti Vladimir Putin yoshlar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Davlat rahbari 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarni yozgi ta’til paytida ishga jalb qilishni rasman ma’qulladi. Ushbu qonun rasmiy ravishda e’lon qilindi va 2025 yil 1 sentyabrdan kuchga kiradi.
Endi o‘smirlar yozda vaqtini zoye qilmay, mehnat qilib tajriba to‘plashlari va o‘z ehtiyojlari uchun pul topishlari mumkin. Ammo bu ham o‘ylab qilingan — har qanday ishda emas, faqat davlat ro‘yxatidagi yoshlar uyushmalari yoki bandlik xizmatlari orqali bo‘ladi.
Shuningdek, 15 yoshdan yuqori bolalardan shaxsan o‘zlarining yozma roziligi talab qilinadi. Agar 14 yoshda bo‘lsa, albatta ota-onadan biri ham ruxsat berishi lozim. Yetim bolalar esa maxsus hujjatlar orqali ishga joylashishlari mumkin.
Bolalar qancha ishlaydi?
Bu qonunga ko‘ra, o‘smirlar uchun ish vaqti ham belgilangan. Masalan:
- 14–15 yoshdagilar kuniga 4 soatdan ko‘p ishlamaydi;
- 15–16 yoshdagilar uchun 5 soat;
- 16–18 yoshdagilar uchun esa maksimal ish vaqti 7 soat etib belgilangan.
Buning oldingi qoidalarga qaraganda katta farqi shundaki, avval faqat san’at sohasida (masalan, teatr yoki filmlarda) faoliyat yuritishga ruxsat bor edi. Endi esa ko‘proq sohalarda ishlash imkoni paydo bo‘ldi.
Rossiyada o‘smirlar mehnatiga qiziqish ortmoqda
Oxirgi yillarda Rossiyada mehnatga layoqatli aholi soni kamayib boryapti. Shu bois ham ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj ortmoqda. 2023 yil ma’lumotlariga ko‘ra, 15-17 yosh orasidagi 86,7 ming o‘smir ishlagan. Ularning aksariyati qishloq va o‘rmon xo‘jaligida (30,1 ming), past malakali ishlarda (26,3 ming) va xizmat ko‘rsatish-savdo sohalarida (17,3 ming) faoliyat yuritgan.
Umumiy hisobda Rossiyada 15-17 yoshli 6 milliondan ziyod o‘smir bor. Shularning faqat 1 foizi rasman mehnatga jalb etilgan. Solishtirish uchun, AQSHda 16-19 yoshli o‘smirlarning qariyb 37 foizi ishlaydi yoki ish izlaydi.
Yo‘lga qo‘yilayotgan yangi tartib bir tomondan o‘smirlarga yozgi ta’til paytida ma’naviy va moddiy jihatdan mustaqillikka qadam tashlash imkonini beradi. Ikkinchi tomondan esa mamlakat iqtisodiyotidagi bo‘shliqni yopishga ko‘maklashadi.
Ko‘pchilik buni ijobiy qadam sifatida baholamoqda. Endi eng muhimi — bolalarning huquqlari va sog‘lig‘ini to‘liq ta’minlab, ular uchun qulay va xavfsiz mehnat muhitini yaratish.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar