
2 aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp 180 ta mamlakatga 10–50 foizli bojlar joriy etdi. 9 apreldan ular rasman kuchga kirdi. Bojlar har bir davlat bilan Amerika savdo balansiga asoslangan holda hisoblangan — bu esa amalda savdo urushi boshlanganini anglatadi.
Natijada dunyo moliya bozorlari “hushini yo‘qotdi”:
📉 dollar pasaydi,
📉 kriptovalyutalar tushdi,
📉 aksiyalar quladi.
Bu faqat xorijga emas, AQSHning o‘zining ham eng badavlat tadbirkorlariga qattiq zarba bo‘ldi. Ular endi Tramp siyosatiga ochiqchasiga tanqid bilan chiqmoqda.
Ilon Mask: “Arzon qismsiz Tesla yig‘ib bo‘lmaydi!”
Ilon Mask oxirgi vaqtlarda Trampning savdo maslahatchisi Piter Navarroga nisbatan X ijtimoiy tarmog‘ida haqoratli postlar yozdi. Navarro Maskni “avtomobil yig‘uvchisi” deb atadi va u “arzon xorijiy ehtiyot qismlarga muhtoj” ekanini aytdi. Mask esa javoban:
“Tesla — AQSHdagi eng katta mahalliy qism ishlatuvchi avtoishlab chiqaruvchi”, — deya ta’kidladi.
Mask bojlar siyosatini yumshatishga harakat qilgan, ammo bu natija bermagan.
Muxlislari ham qo‘llamay qo‘ydi
Trampning ko‘p yillik homiylari ham bojlar siyosatiga qarshi chiqishmoqda:
- Home Depot asoschisi Ken Langoun: “Bu la’nati formulani tushunmayapman. Osiyo uchun bojlar juda yuqori. Bu muzokara uchun foydali emas.”
- Fisher Investments rahbari Ken Fisher: “Bu bojlar — ahmoqona, noto‘g‘ri va johil siyosat. Mavjud bo‘lmagan muammoga, noto‘g‘ri vosita.”
- Skott Bessentning ustozi, milliardli investor Stenli Drakenmiller ham: “Bojlar 10%dan oshmasligi kerak.”
- Trampning sobiq savdo vaziri Uilbur Ross ham shubha bilan qaraydi: “Formulada muammolar bor.”
“Biz obro‘yimizni yo‘qotyapmiz!” — Ekman
Bill Ekman, Trampni qo‘llab-quvvatlagan milliarder, X tarmog‘ida Trampni tanqid qilib, tariflarga 90 kunlik moratoriy e’lon qilishni so‘radi. Uning fikricha:
“Iqtisodiy yadroviy urush boshlasak, biznes to‘xtaydi, iste’molchilar sarflashni bas qiladi, AQSH obro‘si shikastlanadi.”
“Tariflar — katta siyosiy xato”
Citadel xedj-fondi asoschisi, Trampning donori Kennet Griffin:
“Oilasining yillik daromadi 50 ming dollar bo‘lgan amerikalik endi ovqat, changyutgich va mashinani 20–40% qimmatga sotib oladi. Bu Amerikaga ish o‘rinlarini qaytarmaydi — qaytsa ham bu 20 yillik jarayon.”
JPMorgan rahbari Jeymi Daymon esa aksionerlariga xatda yozdi:
“Bojlar inflyatsiya va iqtisodiy sustlashuvga olib keladi. Shuningdek, AQSHning harbiy ittifoqlarini ham xavf ostiga qo‘yadi.”
Blogerlar va kriptoinvestorlar ham zarar ko‘rdi
Kriptovalyuta ham pasaydi. Bloger Edin Ross, Tramp bilan strim qilgan, Tesla Cybertruck sovg‘a qilgan shaxs:
“Bitkoin tushyapti, Ethereum tushyapti. 10 million dollarlik portfelim zarar ko‘rdi. Jin ursin, bro…”
Ammo Portnoy Trampni himoya qilyapti
Sport blogeri va investor Deyv Portnoy 20 million dollar yo‘qotganiga qaramay:
“Men afsuslanyapmanmi? Yo‘q. Kamolaga ovoz bermadim, sho‘rim qursin deb yig‘layapmanmi? Yo‘q.”
Trampning tariflar siyosati endi faqat raqiblarini emas, balki o‘z tarafdorlarini ham alam qilib qo‘ydi. Milliarderlar, sarmoyadorlar, blogerlar — hammasi yo‘qotishda. Savol esa bitta: bu siyosat Amerikaga ish o‘rinlari olib keladimi yoki shunchaki iqtisodiy falokatmi?