date

Tolibon burqasiz ayollarga shifoxonaga borishni man qildi

Tolibon burqasiz ayollarga shifoxonaga borishni man qildi

Afg‘onistonning g‘arbiy qismida joylashgan Hirot viloyatida Tolibon ayollarga burqasiz shifoxonalarga yoki boshqa davlat muassasalariga kirishni qat’iyan taqiqladi. Bu haqda Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish boshqarmasining yangi buyrug‘ida aytilgan.

Avval ayollar tibbiy muassasalarga hijob, niqob yoki chador bilan kirishlari mumkin edi. Ammo yangi tartibda faqat burqa — tanani va yuzni to‘liq yopuvchi, ko‘zlari ham to‘r bilan qoplangan kiyim — ruxsat etilgan shakl sifatida belgilandi.

Endilikda Hirotda nafaqat shifoxonaga kelayotgan bemor ayollar, balki ayol shifokorlar va hamshiralar ham majburiy ravishda burqa kiyishlari kerak bo‘ladi.

Tolo News manbasining ma’lum qilishicha, Haj va diniy ishlar vazirligi avvalroq taksi haydovchilarini ham burqa kiymagan ayollarni tashimaslikka chaqirgan edi. Ko‘plab haydovchilar bu buyruqqa bo‘ysunishga majbur bo‘lmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa burqa kiygan tibbiyot xodimlarining yosh bemorlarga emlash o‘tkazayotgan suratlari keng muhokama qilinmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu cheklov ayollarning sog‘liqni saqlash tizimiga kirish imkoniyatini yanada toraytiradi va tibbiy xizmatlardan foydalanishni qiyinlashtiradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tolibon burqasiz ayollarga shifoxonaga borishni man qildi