date

Pashinyan «Qorabog‘ni oldinroq Ozarboyjonniki deb tan olmay xato qildim»

Pashinyan «Qorabog‘ni oldinroq Ozarboyjonniki deb tan olmay xato qildim»

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 2020-yilda Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida kechgan 44 kunlik qonli to‘qnashuv — Ikkinchi Qorabog‘ urushi haqida ochiq bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urushni oldini olish nazariy jihatdan mumkin bo‘lgan, ammo amalda siyosiy sharoit va ichki qarshiliklar buni imkonsiz qilgan. Bu haqda News.am xabar berdi.

Pashinyan ta’kidlashicha, agar o‘shanda Armaniston hukumati Qorabog‘ni Ozarboyjonning tarkibiy qismi sifatida tan olganida, urush boshlanmasligi ehtimoldan xoli emas edi. «2018–2019-yillarda bu qarorni qabul qilish imkonim bor edi, ammo shunday qilmaganim — xatolik bo‘lgan. Biroq o‘sha paytda bu amalga oshishi juda qiyin edi. Chunki birinchi qadam sifatida Qorabog‘ning Ozarboyjonga tegishli ekanini rasman e’tirof etish kerak edi, bu esa mamlakat ichida katta qarama-qarshilik keltirib chiqarardi», — dedi u.

Pashinyanning bu so‘zlari mamlakatda turli bahslarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik uni halollik bilan xatosini tan olgani uchun qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, boshqalar bu so‘zlarni Armaniston manfaatlariga zid deb baholagan.

Ma’lumot o‘rnida, 44 kunlik Qorabog‘ urushi 2020-yil 27-sentyabrdan 10-noyabrgacha davom etgan. Urush davomida Ozarboyjon armiyasi ilgari yo‘qotgan bir qancha hududlarini qaytarib olgan va tog‘li mintaqa ustida nazoratni tiklagan. Bu mojaro keyinchalik Kaspiy mintaqasidagi siyosiy muvozanatga ham ta’sir ko‘rsatgan.

Ekspertlar ta’kidlashicha, Pashinyanning bu bayonoti Armaniston hukumatining keyingi yillardagi tashqi siyosiy yo‘nalishi bilan hamohang bo‘lib, u mamlakatning yangi geosiyosiy yo‘nalishini — muvozanatli va amaliy diplomatiyani aks ettiradi.

Armaniston jamiyati esa hali ham Qorabog‘ masalasini hal qilinmagan milliy fojia sifatida qabul qilmoqda. Pashinyanning fikricha, tarixdan saboq chiqarish va yangi to‘qnashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik bugungi eng muhim vazifadir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pashinyan «Qorabog‘ni oldinroq Ozarboyjonniki deb tan olmay xato qildim»