
Mars sayyorasi qadim zamonlarda hozirgidan ancha mo‘tadil iqlimga ega bo‘lib, mavsumlarga qarab qor va yomg‘ir yog‘gan. AQSHning Kolorado universiteti olimlari shu haqda yangi tadqiqot natijalarini e’lon qildi.
Mutaxassislar sayyoraning qadimgi iqlimini uning zamonaviy relefini hisobga olgan holda kompyuter yordamida modellashtirdi. Unga ko‘ra, yog‘ingarchiliklar milliardlab yil avval Mars yuzasidagi suv oqimi kanallarini shakllantirishga xizmat qilgan.
Ko‘plab olimlar 4,1-3,7 milliard yil oldin Marsda ma’lum miqdorda suv bo‘lganligiga ishonadi. Ammo uning manbasi hali ham aniq emas. O‘sha vaqtda Quyosh hozirgidan atigi 75 foiz yorqin bo‘lgani sababli, ba’zi olimlar Marsning ekvatori yaqinida joylashgan tog‘li hududlarda muzliklarning vaqti-vaqti bilan erib turganligini taxmin qilishgan.

Mars ekvatori yaqinidagi hududning topografik xaritasi
Foto: NASA
Yangi tadqiqot davomida olimlar ekvator atrofidagi Mars relefiga o‘xshash hududni kompyuter orqali qayta yaratib, bir necha xil ssenariylarni ko‘rib chiqdi. Ba’zi modellarda yog‘ingarchilik yomg‘ir yoki qor shaklida tushgan, boshqalarida esa muzliklarning erishi hisobga olingan. Undan so‘ng, suvning qanday oqishini uzoq vaqt davomida kuzatishgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Marsdagi vodiylar va tepaliklar faqat yog‘ingarchiliklar natijasida shakllangan bo‘lishi mumkin. Chunki mavsumiy muzliklarning erishi bu shakllarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘la olmaydi.

NASAning Perseverance marsoxodidan olingan suratda Jezero krateri tubidagi qum toshi ko‘rsatilgan. Olimlar bu suv tomonidan kraterga olib kelingan mayda tosh zarralari tufayli yuzaga kelgan deb hisoblaydi
Foto: NASA
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu vodiylar turli balandliklarda boshlangan, bu esa faqat muzliklarning erishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin emasligini ko‘rsatadi.
Tadqiqot guruhi kompyuter simulyatsiyasi natijalarini NASAning Mars Global Surveyor va Mars Odyssey missiyalari orqali olingan haqiqiy ma’lumotlar bilan solishtirdi. Yog‘ingarchilikni o‘z ichiga olgan modellashtirish Marsning haqiqiy relefiga ancha yaqin bo‘lib chiqdi.
Ayniqsa, NASAning Perseverance marsoxodi jo‘natgan suratlardan biri, Jezero kraterida suv tomonidan olib kelingan mayda toshlardan hosil bo‘lgan qum toshi mavjudligini ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, olimlar bu natijalar qadimgi Mars iqlimi haqida yakuniy xulosani bermasligini ta’kidlaydi. Chunki Marsda qor yoki yomg‘ir yog‘ishi uchun kerakli bo‘lgan issiqlik darajasining qanday ushlab turilganligi hali ham to‘liq aniq emas. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar