
Shvetsiyada sodir bo‘lgan g‘ayrioddiy va shu bilan birga ko‘pchilikni hayratga solgan voqea dunyo ommaviy axborot vositalari diqqatiga tushdi. Mamlakat sudi farzandlarining tishlariga keraklicha e’tibor bermagan, ularning salomatligiga bee’tibor bo‘lgan ota-onani sakkiz oy muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Bu haqda Aftonbladet portali xabar tarqatgan.
Ushbu voqea Shvetsiyaning g‘arbiy qismida joylashgan Buros shahrida sodir bo‘lgan. Bolalarni oddiy tekshiruv uchun stomatolog qabuliga olib borgan oila bilan bog‘liq holat politsiya diqqatini tortgan. Bolalarda tekshiruv davomida og‘ir darajadagi kariyes mavjudligi aniqlangan. Stomatologning ma’lumotiga ko‘ra, ba’zi tishlarning holati shu darajada yomon bo‘lganki, ularni saqlab qolishning iloji bo‘lmagan va olib tashlashga majbur bo‘lishgan.
Ota-onalar bu holatda o‘zlarini aybdor deb hisoblamagan va sud jarayonida ham ayblarini tan olishmagan. Biroq sud tibbiy ma’lumotlar va ekspert xulosalari asosida ularni farzandlarining salomatligiga jiddiy bee’tiborlikda aybdor deb topgan va har birini 8 oy muddatda qamoq jazosiga hukm qilgan. Sudyalar qarorlarini bolalar salomatligiga jiddiy zarar yetkazilgani va ota-onaning ushbu holatga befarq bo‘lgani bilan izohlashgan.
Bu hodisa mamlakatda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lib, ayrimlar sudning qaroriga qarshi chiqib, uni juda qattiqqo‘l deb baholamoqda. Biroq aksariyat mutaxassislar va ijtimoiy soha vakillari bolalarning salomatligi va xavfsizligi birinchi o‘rinda bo‘lishi lozimligini, bu kabi holatlarga qat’iy chora ko‘rish kerakligini ta’kidlamoqda.
Shvetsiyada tish salomatligi bilan bog‘liq muammolar tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Yaqinda Geteborg universiteti Odontologiya instituti olimlari va Vestergetland muzeyi mutaxassislari vikinglar davrida yashagan 171 nafar kishining qoldiqlari ustida tadqiqot olib borgan. Olimlar umumiy hisobda 3293 ta tishni tekshirib, ularning qariyb yarmida kariyes borligini aniqlagan. Varnhem hududida yashagan katta yoshdagi vikinglarning 13 foizi esa kariyesning og‘ir shaklidan, ya’ni tish tomiri zararlanishidan aziyat chekkan.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘sha davrda ham tish bilan bog‘liq jiddiy muammolar mavjud bo‘lgan. Qoldiqlari o‘rganilgan odamlarning taxminan 6 foizi tishlaridan mahrum bo‘lgan, jumladan, ko‘pchilik "aql tishlari"dan ham ajralgan. Yoshi kattalarda tishsiz qolish holati yuqori bo‘lganligi aniqlangan.
Karolin Bertilsson kabi olimlarning ta’kidlashicha, vikinglar zamonida ham odamlar tish gigiyenasiga alohida e’tibor qaratgan va turli usullardan foydalangan. Ular zamonaviy cho‘tkalar bo‘lmasa-da, o‘zlari yaratgan maxsus vositalar bilan tishlarini tozalashgan. Shuningdek, infeksiya yuqqan tishlarni davolashga harakat qilgan va og‘riqni yengillashtirish uchun hatto tishlarini milklarga qadar egovlagan. Bu esa o‘sha davrda stomatologiya qanchalik og‘riqli va qiyin bo‘lganini anglatadi.
Hozirgi kunda Shvetsiya davlat organlari bolalar salomatligiga jiddiy e’tibor qaratadi. Farzandlarning jismoniy va ruhiy salomatligi bilan bog‘liq har qanday mas’uliyatsizlik og‘ir jinoyat deb hisoblanadi va sud tomonidan qattiq jazolanadi. Bunday yondashuv mamlakatda sog‘lom avlodni tarbiyalashning muhim sharti sifatida qaraladi.
Yuqoridagi holat ham jamiyat uchun jiddiy signal bo‘lib xizmat qiladi va boshqa ota-onalarga farzandlari salomatligiga katta mas’uliyat bilan yondoshish kerakligini yana bir bor eslatadi. Shvetsiya sudining bunday qat’iy qarori bolalarning sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash yo‘lida muhim bir qadamdir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing