2023-yil 6-fevral tongida janubi-sharqiy Turkiya dahshatli zilzilaga duch keldi. Kuchli tebranishlar natijasida 55 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi, 100 mingdan ziyodi tan jarohati oldi. Ular orasida uxlayotgan, ogohlantirishga ulgurmagan fuqarolar ko‘pchilikni tashkil etdi. Bu fojia texnologiyalarga bo‘lgan ishonch borasida ham muhim savollarni keltirib chiqardi.
Zilzila yuz bergan vaqtda Google’ning Android Earthquake Alerts (AEA) tizimi faol bo‘lgan, ammo uni ishga tushiruvchi algoritmlar kuchli silkinishni yetarlicha aniqlay olmagan. Natijada, taxminan 10 million foydalanuvchi ogohlantirilishi kerak bo‘lgan holatda, atigi 469 nafariga eng yuqori darajadagi "Tezda choralar ko‘rish" ogohlantirishi yuborilgan. Yarim million odam esa yengil tebranishlarga oid, kamroq sezilarli “Be Aware” xabarnomasini olgan, xolos.
Google keyinchalik bu xatolikni tan olib, tizim algoritmlarini yangilaganini, simulyatsiya orqali endi 10 million odamga kerakli darajadagi ogohlantirish yuborilgan bo‘lardi, deya bayonot berdi. Shunga qaramay, muammo shundaki — bu o‘zgarishlar fojia sodir bo‘lganidan keyin ikki yildan so‘ng e’lon qilindi.
Google o‘zining bu tizimi milliy ogohlantirish tizimlarining o‘rnini bosmasligini, balki ularni to‘ldiruvchi qo‘shimcha mexanizm ekanini ta’kidlamoqda. Biroq, ayrim olimlar ayrim davlatlar bu kabi texnologiyalarga haddan ortiq ishonib, o‘zining mustaqil seysmologik infratuzilmasiga kam e’tibor qaratayotganidan xavotir bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!