AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Nobel qo‘mitasiga nisbatan keskin tanqid bilan chiqdi. Bu safar Tramp jamoasi qo‘mitani “tinchlik emas, siyosatni tanladi” deb aybladi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nobel tinchlik mukofotining venesuelalik muxolifatchi Mariya Korina Machadoga berilishi Tramp ma’muriyatida katta norozilikka sabab bo‘lgan. Prezidentning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Stiven Chung bayonot berib, Tramp xalqaro tinchlikni ta’minlash va urushlarni to‘xtatish yo‘lidagi harakatlarini davom ettirishini bildirdi. Shu bilan birga, rasmiy bayonotda Nobel g‘olibi va AQSHning ehtimoliy javobi haqida so‘z yuritilmagan.
The Washington Post yozishicha, Donald Tramp so‘nggi yillarda Nobel tinchlik mukofotiga oshkora intilib kelgan, o‘zini tinchlik tashabbuskori sifatida ko‘rsatishga urinib, agar mukofotni olmasa, “bu mamlakat uchun haqorat bo‘ladi”, deb aytgan.
Ayniqsa, 9-oktyabr kuni Isroil va HAMAS o‘rtasida otishmani to‘xtatish bo‘yicha dastlabki kelishuv e’lon qilingani — Trampning bevosita chaqiriqlaridan keyin sodir bo‘lgani ham bahs-munozaralarni yanada kuchaytirgan.
Norvegiya ommaviy axborot vositalari esa mukofotning e’lon qilinishi va uning ehtimoliy oqibatlarini asosiy mavzu sifatida yoritmoqda. NRK milliy teleradiokompaniyasi “AQSH Norvegiyani jazolaydimi?” degan savolni muhokama qilgan bo‘lsa, TV2 telekanali mukofotning boshqa shaxsga berilishini “Trampga nisbatan haqorat” deb atadi.
Oslo universiteti siyosatshunoslik professori Benedikt Bull ta’kidlashicha, bu yil Norvegiyada “qo‘rquv kayfiyati” sezilayotgani sir emas — chunki mukofot boshqa nomzodga berilishi AQSH prezidenti tomonidan iqtisodiy yoki siyosiy bosimga sabab bo‘lishi mumkin.
Mukofot e’lon qilinishi oldidan ham ayrim norvegiyalik siyosatchilar xavotir bildirgan. Sotsialistik so‘l partiya yetakchisi Kristi Bergstyo Tramp Nobel qo‘mitasining mustaqil ekanini “har doim to‘g‘ri qabul qilmasligi”ni aytdi. Sobiq tashqi ishlar vaziri Yan Petersen esa Norvegiya hukumati ehtimoliy AQSH reaksiyasiga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Tarixda Norvegiya bunday vaziyatga avval ham duch kelgan. 2010-yilda xitoylik dissident Lyu Syaoboga mukofot berilganidan so‘ng, Xitoy bu qarorga javob tariqasida diplomatik munosabatlarni bir necha yilga uzgan edi.
Norvegiya rasmiylari bu safar ham Nobel qo‘mitasi qarorlarini mustaqil qabul qilishini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, mahalliy OAVlar laureat G‘azoda otishmani to‘xtatish haqidagi e’londan ancha oldin tanlanganini xabar qilmoqda.
Shu tariqa, Nobel mukofoti atrofidagi bahslar yana bir bor tinchlik va siyosat o‘rtasidagi nozik chegarani ochiq namoyon etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!