Fil-u laqabli mushuk besh oyda 250 kilometr yo‘l bosib uyiga qaytdi

Fil-u laqabli mushuk besh oyda 250 kilometr yo‘l bosib uyiga qaytdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Fil-u laqabli mushuk Ispaniyadan Fransiyadagi Olonzak kommunasida joylashgan uyiga 250 kilometr yo‘l bosib, besh oy o‘tib qaytdi.
  • U Evelin va Patrik Sir oilasi bilan safar paytida mashinadan tushib qolgan, biroq oila buni ancha keyin payqagan.
  • 9 dekabr kuni Elen uni hovlisidan topib, parvarish qilgan va veterinariya tekshiruvida chip aniqlangach, egalarini topishga muvaffaq bo‘lgan.
  • Fil-u 250 kilometr masofani qanday bosib o‘tgani esa hozircha noma'lum.

Ispaniyadan Fransiyagacha bo‘lgan uzun masofa — odam uchun ham og‘ir, mushuk uchun esa haqiqiy mo‘jiza. Ammo Fil-u laqabli mushuk aynan shunday ishni amalga oshirdi: u 250 kilometrga yaqin yo‘lni bosib o‘tib, o‘z uyi joylashgan Fransiyaga qaytib kelgan. Bu haqda France Info xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Filuning egalari Evelin va Patrik Sir yozda farzandlari bilan Ispaniyaga dam olish uchun borgan. Ta’til yakunlangach, oila o‘tgan yil avgustida o‘zlari yashaydigan Olonzak kommunasiga qaytish uchun yo‘lga chiqqan.

Yo‘lda ular benzin quyish uchun bir shoxobchaga to‘xtagan. Shu paytda Fil-u qandaydir vaziyatda mashinadan tushib qolgan. Eng alamlisi — oila bu holatni darhol payqamagan. Faqat keyinroq, yo‘lda ancha uzoqlab ketgach, mushuk yo‘qligini bilib qolishgan.

Shoshilinch ravishda orqaga — to‘xtagan benzin quyish shoxobchasiga qaytishgan. Ammo o‘sha yerda ham Filudan darak bo‘lmagan. Qidiruvlar natija bermagan va oila mushuk yo‘qolib qolgan, degan og‘ir fikr bilan uyiga qaytgan.

Oradan butun besh oy vaqt o‘tdi. Hech qanday yangilik bo‘lmadi. Ammo kutilmaganda, Olonzak kommunasida yashaydigan Elen ismli ayol oilaga qo‘ng‘iroq qildi.

Ayolning aytishicha, u 9 dekabr kuni Filuni o‘z hovlisida ko‘rib qolgan va rahmi kelib, uni uyiga olib kirib parvarish qila boshlagan. Mushuk shu yerda oziqlanib, panoh topgan.

Bir kuni Elen Fil-u yo‘talayotganini payqab qoladi va uni veterinarga olib boradi. Tekshiruv paytida mutaxassislar mushukda maxsus chip borligini aniqlashgan. Chipdagi ma’lumotlar orqali egalarining kontakti chiqib, Elen Evelin va Patrik bilan bog‘langan.

Shu tariqa, yo‘qolgan deb o‘ylangan Fil-u o‘z uyiga qaytdi.

Eng qiziq jihati — mushuk 250 kilometr masofani qanday qilib bosib o‘tgani haligacha sirligicha qolmoqda. U yo‘lni yakka o‘zi topganmi, biror transportga “ilinib” o‘tganmi yoki odamlar yordam berganmi — bu haqda aniq ma’lumot yo‘q.

Bir narsa aniq: Fil-u o‘z uyiga qaytishda iroda va “uy hissi”ning nimaligini butun dunyoga yana bir bor isbotlab qo‘ydi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar