Tinchlik kengashi atrofida geosiyosiy manfaatlar to‘qnashdi...

AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan ilgari surilgan Tinchlik kengashiga hozirgacha 19 davlat rasman qo‘shildi. E’tiborli jihati shundaki, ularning 12 tasida aholining asosiy qismini musulmonlar tashkil qiladi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, bu holat tasodif emas: mazkur mamlakatlar kengashni Yaqin Sharqda qariyb 80-yildan beri davom etayotgan ziddiyatga yechim sifatida ko‘ryapti.
Mutaxassis fikricha, musulmon davlatlari bu format orqali Isroilning Falastin va boshqa hududlardagi harakatlarini cheklash, o‘z pozitsiyasini AQSH rahbariyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazish va kengash ichida turib ta’sir o‘tkazishni maqsad qilgan. Ya’ni, gap shunchaki yangi tuzilmaga qo‘shilishda emas, balki undan siyosiy instrument sifatida foydalanishda ketyapti.
Ayni paytda Shveysariyaning Davos shahrida navbatdagi Jahon iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Bu gal forumning asosiy intrigasi aynan Trampning ishtiroki va uning chiqishi bo‘ldi. Chunki u nutqida Grenlandiya, Rossiya–Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi keskinlik kabi global masalalarga to‘xtalishi kutilgan edi. Biroq Davosdagi eng katta syurpriz forumdan keyin sodir bo‘ldi — Tramp “Tinchlik kengashi” Nizomini imzolash marosimini boshlab yubordi.
Qizig‘i, ushbu marosim oldindan keng jamoatchilikka e’lon qilinmagan. Taklif etilgan davlatlar ham bu haqda bir necha kun oldin xabardor qilingani aytilmoqda. Dastlab, “Tinchlik kengashi” 2025 yilda G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish va hududni tiklashga qaratilgan vaqtinchalik loyiha sifatida taqdim etilgan, hatto BMT ham uni shu shaklda qo‘llab-quvvatlagan edi.
Biroq keyingi oylarda vaziyat o‘zgardi. OAVga sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp tomonidan ishlab chiqilgan yangi Nizom bu kengashni faqat G‘azo yoki Yaqin Sharq bilan cheklamaydi. Aksincha, u butun dunyoda muddatsiz faoliyat olib borishni ko‘zlamoqda. Ayrim tahlilchilar bundan “de-fakto BMTga alternativa yaratish” urinishini ham ko‘ryapti.
Nizomda Tinchlik kengashi dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, qonuniy boshqaruvni tiklash, mojaroli mintaqalarda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishni maqsad qilishi qayd etilgan. Kengashning doimiy raisi sifatida esa Trampning o‘zi belgilangan. U prezidentlik vakolati tugaganidan keyin ham ushbu lavozimda qolish niyatida ekani aytilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Kengash ijroiya organida hozircha to‘rt nafar shaxs bor: AQSH davlat kotibi Marko Rubio, Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakil Stiv Uitkoff, Jared Kushner va Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bleyr. Nizomga ko‘ra, kamida uchta davlat tasdig‘i bilan Kengash rasman tuzilgan hisoblanadi, Tramp esa 49 davlatga taklif yuborgan. Davosdagi marosimda esa 19 davlat rahbarlari yoki oliy darajali vakillari ishtirok etdi.
Bu 19 davlat tarkibi ham qiziq manzarani ko‘rsatadi. Postsovet hududidan Ozarboyjon, Armaniston, O‘zbekiston va Qozog‘iston qatnashdi. Yevropadan Vengriya, Bolgariya va Kosovo, Lotin Amerikasidan Argentina va Paragvay bor. Eng katta guruh esa musulmon davlatlari bo‘ldi: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarboyjon bilan birga Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, BAA, Bahrayn, Iordaniya, Pokiston, Indoneziya va Mag‘rib.
Shu sababli bo‘lsa kerak, “G‘azoda tinchlik” shiori bilan yuzaga kelgan ushbu kengashni imzolash marosimida Isroil vakillari ishtirok etmadi. Isroil OAVlari esa Trampning bu tashabbusini, ayniqsa Turkiya va Qatarning taklif etilganini ochiq tanqid qilmoqda.
Albatta, Tinchlik kengashi qanchalik samarali bo‘ladi, uzoq yashay oladimi — bu hali ochiq savol. Ehtimol, u Trampning shaxsiy siyosiy manfaatlari bilan bog‘liq loyiha sifatida qisqa umr ko‘rar. Biroq unga qo‘shilgan davlatlarni bir xil motiv bilan harakat qilyapti, deb bo‘lmaydi.
Masalan, musulmon davlatlari bu platformani Isroilga ta’sir qilish va Falastin masalasini kuchaytirish vositasi sifatida ko‘ryapti. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjon kabi davlatlar esa o‘zlarining ko‘p vektorli, muvozanatli tashqi siyosatini saqlab qolishni ustuvor deb biladi. Ular na Rossiyaga qarshi chiqyapti, na Xitoy bilan aloqalarni susaytiryapti — aksincha, barcha tomonlar bilan ijobiy munosabatni ushlashga harakat qilyapti.
Dunyoda noaniqlik kuchaygan, turbulentlik avjiga chiqqan bir paytda davlatlar yangi muvozanat nuqtalarini izlayapti. O‘zbekiston ham o‘z manfaatlari va qarashlarini ilgari surish uchun Trampning Tinchlik kengashini yana bir maydon sifatida ko‘ryapti. Asosiy maqsad esa — Yaqin Sharqda yillar davomida yechim topmay kelayotgan mojaroga ta’sir qilish va o‘z so‘zini aytish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!