date

Sunʼiy intellekt talabalar hayotida ustun, qoidalar ortda qolmoqda

Sunʼiy intellekt talabalar hayotida ustun, qoidalar ortda qolmoqda

Dunyoda taʼlim tizimi keskin oʻzgarishlar ostonasida turibdi. Lumina Foundation hamda Gallup tomonidan oʻtkazilgan “State of Higher Education Study 2026” tadqiqoti shuni koʻrsatdiki, sunʼiy intellekt allaqachon koʻpchilik amerikalik talabalar hayotining ajralmas qismiga aylangan. Biroq bu tezkor rivojlanish universitetlardagi mavjud qoidalar bilan mutlaqo mos kelmayapti.

Tadqiqot natijalariga koʻra, talabalarning 57 foizi sunʼiy intellekt vositalaridan har hafta yoki undan ham tez-tez foydalanadi. Ulardan 20 foizi esa bu texnologiyani har kuni ishlatadi. Yaʼni, AI talabalar uchun Google yoki kalkulyator kabi oddiy instrumentga aylanib ulgurgan.

Foydalanish maqsadlari ham juda keng. Masalan, talabalarning 64 foizi topshiriqni tushunmaganda sunʼiy intellektga murojaat qiladi. 60 foizi esa uy vazifalarini tekshirishda undan foydalanadi. Shu bilan birga, 54 foiz talabalar matnlarni tahrir qilish va sifatini oshirish uchun AI’ni ishlatsa, 49 foiz kurs ishlari va insholar uchun gʻoyalar yaratishda unga tayanadi.

Qizigʻi shundaki, gender farqi ham sezilarli: erkaklar sunʼiy intellektdan ayollarga qaraganda faolroq foydalanadi. Masalan, har kuni ishlatuvchilar orasida erkaklar 27 foizni tashkil etsa, ayollarda bu koʻrsatkich 17 foizni tashkil qiladi. Ayniqsa, biznes, IT va muhandislik sohalarida tahsil olayotgan talabalar orasida AI juda ommalashgan.

Biroq asosiy muammo — qoidalarning ortda qolayotganida. Talabalarning 53 foizi universitetlarda sunʼiy intellekt yo taqiqlangan, yoki umuman tavsiya etilmasligini aytadi. Faqat 7 foiz talabalargina universitetlar bu texnologiyadan foydalanishni qoʻllab-quvvatlashini bildirgan. Eng qizigʻi, talabalarning yarmidan koʻpi taʼlim jarayonida AI boʻyicha aniq qoidalar umuman mavjud emasligini tan olgan.

Bu holat faqat AQSH bilan cheklanib qolmayapti. Stanford HAI tomonidan tayyorlangan “AI Index 2026” hisobotiga koʻra, AQShda talabalarning 80 foizdan ortigʻi, Buyuk Britaniyada esa 95 foizi baholash ishlarida sunʼiy intellektdan faol foydalanmoqda.

Mutaxassislar esa vaziyatga ikki xil qaramoqda. Bir tomondan, AI vaqtni tejaydi va oʻquv jarayonini osonlashtiradi. Boshqa tomondan, “soxta kompetensiya” xavfi paydo boʻlmoqda — yaʼni talabalar haqiqiy bilim emas, balki vositaga bogʻliq koʻnikmalarni oʻzlashtirmoqda. Agar AI boʻlmasa, ular mustaqil ishlashda qiynalishi mumkin.

Tadqiqot mualliflari juda aniq xulosa chiqaradi: talabalar allaqachon sunʼiy intellekt dunyosida yashayapti, universitetlar esa hali ham eski tizimda qolib ketmoqda.

Shu bois mutaxassislar taʼlim muassasalarini keskin taqiqlardan voz kechib, sunʼiy intellektni toʻgʻri va ongli tarzda integratsiya qilishga chaqirmoqda. Yaʼni talabalarga AI bilan ishlash madaniyatini, etik chegaralarni va tanqidiy fikrlashni oʻrgatish — bugungi kunning eng dolzarb vazifasiga aylanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Sunʼiy intellekt talabalar hayotida ustun, qoidalar ortda qolmoqda