G‘analik soxta payg‘ambar insoniyatni qutqarish uchun kemalar qurmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- G‘analik Ebo Noa 25 dekabr kuni boshlanishini iddao qilayotgan uch yillik suv toshqinidan insoniyatni qutqarish uchun yog‘och kemalar qurmoqda.
- O‘zini zamonaviy No‘h deb atayotgan bu shaxs Xudo unga o‘ntagacha kema qurishni buyurganini ta’kidlab, ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriya to‘pladi.
G‘arbiy Afrikada joylashgan G‘ana davlatidan chiqqan, o‘zini payg‘ambar deb e’lon qilgan Ebo Noa 25 dekabrdan boshlanishi kutilayotgan qiyomat suv toshqinidan insoniyatni qutqarish maqsadida ulkan yog‘och kemalar qurmoqda.
Xristian diniga e’tiqod qiluvchilarning aksariyati uchun 25 dekabr quvonch va bayramga boy kun hisoblanadi. Biroq G‘anadan chiqqan o‘zini payg‘ambar deb atayotgan shaxsning ta’kidlashicha, bu sana joriy yilda butun Yer yuzini qamrab oladigan va uch yil davom etadigan ulkan suv toshqinining boshlanishini anglatadi. Uning fikricha, bunday falokatdan omon qolishning yagona yo‘li — Xudoning o‘zi unga qurishni buyurgan yog‘och kemalardan biriga chiqishdir.
Internetda Ebo Iso va Igbo Noa kabi boshqa nomlar bilan ham tanilgan Ebo Noa o‘ziga xos, bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan va shaxsi haqida ko‘p ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan inson hisoblanadi. Uning aytishicha, Xudo unga No‘h payg‘ambarning vazifasini qayta bajarishni, insoniyatni hamda boshqa hayvon turlarini yana bir bor samoviy toshqindan asrab qolishni topshirgan. Ushbu ofat esa aynan Rojdestvo bayrami kuni boshlanishi kerak.
Ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik va sirli shaxs
Zamonaviy No‘h sifatida tanilayotgan bu shaxs haqida aniq ma’lumotlar juda kam. Hatto uning haqiqiy ismi va qayerda istiqomat qilishi kabi eng oddiy ma’lumotlar ham jamoatchilikka ma’lum emas. Shunga qaramay, u ijtimoiy tarmoqlarda anchagina katta auditoriyani to‘plashga ulgurgan.
Oylar davomida uning eskirgan, yirtiq kiyimlarda kitob o‘qiyotgani yoki qurilayotgan yog‘och kemalarni ko‘zdan kechirayotgani aks etgan videolar internetda tarqalib kelmoqda. Rojdestvo bayrami yaqinlashgani sari esa uning faoliyatiga bo‘lgan qiziqish yanada ortib bormoqda.
G‘analik o‘zini payg‘ambar deb atayotgan shaxs avgust oyidan beri yaqinlashib kelayotganini iddao qilayotgan bibliyaviy suv toshqini haqida gapirib keladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xudo unga o‘ntagacha yog‘och kema qurishni buyurgan.
Ayrim manbalarda bu kemalar bir necha ming kishini sig‘dira olishi aytilsa, boshqa ma’lumotlarda ularning sig‘imi 600 million kishigacha yetishi mumkinligi ta’kidlanadi. Biroq bunday ulkan raqamlar haqiqatdan ancha yiroq va bo‘rttirilgan ko‘rinadi.
Masxaralar va internet foydalanuvchilarining hazillari

Kutilganidek, Ebo Noa ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab tanqid va masxaralarga duch kelmoqda. Foydalanuvchilar uning qurilayotgan kemalari haqida turli hazilomuz savollar berishmoqda. Jumladan, kemalarda Wi-Fi bo‘ladimi yoki yo‘lovchilar Cash App xizmatidan foydalana oladimi, degan savollar ham tarqalgan.
Biroq u bunday hazillarga nisbatan xotirjam munosabatda bo‘layotgandek ko‘rinadi. Ebo Noaning ta’kidlashicha, No‘h payg‘ambar ham o‘z davrida odamlar tomonidan masxara qilingan, ammo bu holat uni zimmasidagi vazifani bajarishdan qaytarmagan. Shu sababli u ham atrofdagilarning kulgisi va shubhalariga qaramay, o‘z missiyasini davom ettirayotganini bildirmoqda.
Bir vaqtlar Ebo Noa echkilar va qushlar kabi hayvonlar kemalar qurilayotgan hududga «ilohiy ko‘rsatma asosida» kela boshlaganini ham aytgan. Ammo hozirgacha bu da’volarni tasdiqlovchi ishonchli ma’lumotlar mavjud emas.
Uning qurilish ishlarida foydalanayotgan kemalari esa tashqi ko‘rinishidan oddiy yog‘och qayiqlarga o‘xshaydi. Ular bir necha o‘nlab odamni ham joylashtirishga qiynalishi mumkin bo‘lgan holatda ko‘rinadi. Shuning uchun yuz millionlab insonlar va turli hayvonlarni sig‘dirish haqidagi da’volar ko‘pchilikda jiddiy shubha uyg‘otmoqda.
Ebo Noa haqiqatan ham mavjudmi?
Ebo Noa TikTok va Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda yuz minglab kuzatuvchilarga ega. Biroq uning shaxsi va faoliyati haqidagi savollar hamon ochiq qolmoqda.
Ayrim foydalanuvchilar uning haqiqatan ham mavjud ekaniga shubha bildirishmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘ananing yirik ommaviy axborot vositalari uning shaxsini aniqlash yoki u bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lmagan. Kemalar qurilayotgan joyning aniq manzili ham noma’lumligicha qolmoqda.
Shu sababli ayrimlar Ebo Noa obrazi sun’iy intellekt yordamida yaratilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq uning aks etgan videolari ancha real ko‘rinadi. Hozircha bu taxminlarni tasdiqlaydigan yoki rad etadigan ishonchli dalillar keltirilmagan.
Ebo Noaning shaxsi, va’zlari va yaqinlashib kelayotgani aytilgan suv toshqini haqidagi da’volarni mustaqil ravishda tasdiqlashning imkoni yo‘q. Shuning uchun uning bashoratlari haqiqatga mos kelish-kelmasligi hozircha noma’lum.
Hozircha jamoatchilik uchun qolgan yagona yo‘l — Rojdestvo bayrami kuni yaqinlashishini kutish. Biroq uning da’volari tasdiqlanmaganini unutmaslik va shov-shuvli xabarlarga tanqidiy yondashish muhim.






























Izohlar 0
…