Putinning qizi Zelenskiydan farzandli bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘ldi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning kenja qizi Katerina Tixonova o‘g‘il farzandli bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Chaqaloqqa Adrian ismi berilgan. U Rossiya rahbarining to‘rtinchi nabirasi bo‘lishi mumkin. Bu haqda FHDYO ma’lumotlarining sizib chiqqan yozuvlariga tayanib, «Agentstvo» nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bolakay 2025 yil 15 avgust kuni Moskva shahrida dunyoga kelgan. Uning ehtimoliy otasi Bavariya davlat baletining sobiq rahbari Igor Zelenskiy hisoblanadi. Chaqaloqqa otasining emas, onasining familiyasi, ya’ni Tixonov familiyasi berilgan.
Sizib chiqqan hujjatlarda qayd etilishicha, Adrian Igorevich Tixonov Rossiya Prezidenti ishlar boshqarmasining Markaziy klinik shifoxonasida tug‘ilgan. Uning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi esa joriy yilning 10 iyul kuni rasmiylashtirilgan.
«Agentstvo» nashrining taxminiga ko‘ra, hujjatning bola tug‘ilganidan deyarli bir yil o‘tib rasmiylashtirilishi Putin oilasining chaqaloq dunyoga kelgani haqidagi ma’lumotni ommadan yashirish istagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Katerina Tixonova tug‘ruqdan oldingi davrda ommaviy tadbirlarda asosan masofadan turib ishtirok etgan. Jumladan, farzandi tug‘ilishidan bir necha oy avval Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida videoaloqa orqali nutq so‘zlagan.
Tixonova va Zelenskiy munosabatlari haqida nimalar ma’lum?
«The Moscow Times» nashri yozishicha, Katerina Tixonova 2017 yildan buyon Igor Zelenskiy bilan munosabatda bo‘lib keladi. O‘sha vaqtda Zelenskiy Myunxen shahridagi Bavariya davlat baletiga rahbarlik qilgan.
«Vajnie istorii» nashri o‘tkazgan surishtiruvga ko‘ra, ikki yil davomida Tixonova Myunxenga 50 martadan ortiq parvoz qilgan. Shuningdek, u Zelenskiy bilan birgalikda turli safarlarda ham bo‘lgan.
2017 yil dekabr oyida Katerina Tixonovaning Elza ismli qizi tug‘ilgan. «Proyekt» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, qizaloq tug‘ilganida otasining familiyasini olgan bo‘lsa-da, xorijga safar qilish uchun onasining familiyasi ko‘rsatilgan pasportdan foydalangan.
Bunga qadar Putinning kenja qizi «Ozero» kooperatividagi hamkori va uning eski do‘sti Nikolay Shamalovning o‘g‘li, tadbirkor Kirill Shamalov bilan turmush qurgan edi.
Putinning boshqa nabiralari haqida ham ma’lumotlar tarqalgan
Vladimir Putin avvalroq ham nabiralari haqida ayrim ma’lumotlarni oshkor qilgan. Xususan, 2017 yil iyun oyida u ikkinchi nabirasi dunyoga kelganini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uning to‘ng‘ich qizi Mariya Voronsovaning ikki nafar o‘g‘li bor. Roman 2012 yil avgust oyida niderlandiyalik tadbirkor Yorrit Faassendan, Andrey esa 2017 yil aprel oyida «Novatek» kompaniyasi menejeri Yevgeniy Nagorniydan tug‘ilgan.
2025 yil iyun oyida Rossiya Prezidenti ilk bor Pekindan kelgan tarbiyachisi bor nabira qizi haqida ham gapirgan. Turli taxminlarga ko‘ra, Putin aynan Katerina Tixonovaning qizi Elzani nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, Putinning sobiq gimnastikachi Alina Kabayeva bilan bo‘lgan farzandlari ham boshqa familiyalar ostida yashashi haqida ma’lumotlar bor.
«Dose» markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning Ivan va Vladimir ismli ikki nafar o‘g‘li 2015 va 2019 yillarda tug‘ilgan. Bolalarga Spiridonov familiyasi berilgan. Taxminlarga ko‘ra, bu familiya Rossiya Prezidentining bobosi Spiridon Putin ismidan olingan.
Shuningdek, Putinning Svetlana Krivonogixdan bo‘lgan ehtimoliy nikohsiz qizi Yelizaveta ham Rudnova familiyasini olgan. U ijtimoiy tarmoqlarda esa Luiza Rozova taxallusi bilan tanilgan.
Eslatma: maqolada keltirilgan shaxsiy hayotga oid ayrim ma’lumotlar OAV surishtiruvlari va sizib chiqqan hujjatlarga asoslangan bo‘lib, ularning barchasi mustaqil ravishda tasdiqlangani haqida ma’lumot yo‘q.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…