09:37 / 07.10.2017
6 231

Bruneya sultanatining hali ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan sirlari…

Bruneya sultanatining hali ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan sirlari…
Yaqinda Bruneya sultoni Hassanal Bolkiyohning hukumatni boshqara boshlaganiga bag‘ishlangan tantanalar nihoyasiga yetdi. Haqiqatan, 1992 yildan beri davlatni eng uzoq vaqt boshqargan sulton sifatida Hassanal Bolqiyoh nomi e’tirof etiladi. Asosiysi, Bruneya xalqi uni juda sevadi. Sulton ko‘rsatganidek, shariat qonunlarini buzmagan holda, to‘kinlikda umrguzaronlik qiladi. Sultonning o‘zi ham oilasi bilan g‘aznadagi ulushi evaziga hashamatli mashinalar, samolyotlar kolleksiyasini yig‘adi. Haramidagi yosh va navqiron kanizaklardan pulni ayamaydi.

HAYoT NAShIDASI

Sulton Hassanal Bolkiyoh va ukasi Jefrining pullariga dunyodagi barcha xastalar shifo topib, bemorlarni bemorlikdan xalos etish mumkinligini sultanatga yaqin insonlardan biri «Fortune» jurnali muxbiriga aytib bergandi. Ha, monarx va uning qarindoshlariga tegishli boyliklardan dunyo ahli 2011 yili xabar topgan. Xabardan sulton saroyi 1, 7 mingta xonadan, 257 ta vannaxona, 5 ta basseyn, machit, 5 ming kishiga mo‘ljallangan banketlar zali va 110 ta mashina uchun qurilgan garajga ega ekanligi ma’lum bo‘lgandi. Lekin bu hammasi emas. Bruneya sultoni oilasi ixtiyorida «The Dorchester Hotel» otellar jamlanmasi, 17 ta samolyot, 9 mingta avtomobil, 12 ta davlatda 150 ta hashamatli uy ham bor ekan.

NEFT BRUNEYaNING ASOSIY DAROMAD MANBAI

2012 yili «Forbes» jurnali Bruneya neft va gaz zahiralari bo‘yicha dunyoning eng boy 5 ta mamlakati qatoridan joy egallaganini bayon qilgandi. Haqiqatan, Bruneya 1970 yildan beri muvaffaqiyatli tarzda neft eksport qiladi. Davlat xazinasining 90 foiz qismini xuddi shu qora oltin eksportidan kelib tushgan pullar egallaydi. Aynan 1970 yili bu mamlakatga «Shell» kompaniyasi sarmoya kiritgan. Shundan keyin neft va neft mahsulotlari eksporti sezilarli darajada jonlangan.
Davlat boyib boravergan. Lekin sulton va uning oilasi o‘zlarini ham yoddan chiqarishmagan. Neftdan olinadigan ulush hisobiga sultonning oilasi dunyodagi eng badavlat oilalardan biriga aylandi. Oddiy xalq vakillari partiya, muxolifat, saylov, mustaqil matbuot neligini hanuz bilishmaydi. Ular davlatga soliq to‘lashmaydi. Ta’lim, tibbiyot bepul. Uy, mashinani kreditga olishda eng past foizda qo‘shimcha pul to‘lashadi. Pensiyalar keragidan ham yuqori miqdorda to‘lanadi.
Sulton ellik yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z davrida amerikalik marhum xonanda Maykl Jeksonni xizmatga taklif etgan. Xizmati uchun xonandaga 17 million dollar haq to‘lagan. Bir paytlar xuddi shu haqda «The New York Post«gazetasida kattakon maqola e’lon qilingandi.
Aytishlaricha, sulton o‘zining shaxsiy samolyotini ham qasrga aylantirgan. Ichkarisini oltin, qimmatbaho toshlar bilan bezattirgan. Yaqinlari uchun sovg‘a-salomga 17 milliard dollar sarf qilgan. Qizining tug‘ilgan kunida esa 100 million dollarga sotib olingan «Airbus A340»ni hadya qilgan.

SULTON HARAMIDAGI TARTIB-QOIDALAR

Sulton haramida qat’iy tartib-intizom o‘rnatilgan. Birinchidan, haramga olib kelingan yangi kanizakning pasporti tortib olinadi. Ikkinchidan, u belgilangan joydan bir qadam ham nariga o‘tmaydi. Saroydan chiqish ma’n qilinadi. Hamisha kanizaklar kuzatuv ostida bo‘ladi. Uchinchidan, qat’iy parhezga amal qilishadi. Kanizaklarning har biri haftasiga 2 ming va undan ko‘proq miqdorda haq oladi. Dastlab kanizaklarni uch haftalik shartnoma asosida qabul qilishadi. Keyinchalik shartnoma muddati bir necha yilga uzaytirilishi mumkin. Qizlarning ko‘pchiligi maosh ko‘p to‘lanishi tufayli bu yerdan ketishni xohlashmay qo‘yishadi.
Haramdagi kanizaklar asosan Tayland va Filippinlik bo‘lib, ularning yoshi 14 dan oshmasligi talab etiladi. Ular kechalari shahzoda va sulton oilasi tashkil etgan ziyofatlarda raqs ijro etib yig‘ilganlarni xursand etadi. Agar sultonga ularning qaysidir biri yoqib qolsa, tez orada bu kanizak «sultonning eng faol kanizagi» maqomini oladi va qisqa muddatda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan darajadagi boylikka ega bo‘ladi.

SULTON BIZNESNI JUDA ULUG‘LAYDI

Ko‘pchilik yaxshi eslaydi. 2014 yili neft narxi ikki barobarga tushib ketgach, Bruneya iqtisodiy inqiroz yoqasida qoldi. Shunda sulton boshqa ukasi Muhammadga vazir lavozimini berib, mamlakat iqtisodini yangi islohotlar yordamida ko‘tarishni buyurdi. Ukasi esa vazirlikka tayinlangandanoq g‘aznaga ko‘z olaytirdi. Juda qisqa muddat ichida 2 milliard dollar pulni shaxsiy maqsadlariga sarflab yubordi. Bundan xabar topgan sulton ukasini sharmandalarcha haydab soldi va bu islohot bilan ham o‘zi shug‘ullandi…
Bruneya sultoni mamlakat iqtisodini ko‘tara oldi. Shubhasiz, bunga ko‘plab yirik sarmoyadorlar jalb etilishi sababchi bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi. Shuning uchunmi, Bruneya sultoni biznesni juda ulug‘laydi. Lekin shunga qaramay, Bruneyada sayyohlik masalasi juda oqsab qolgan. Sababi, mamlakatda tungi klublar, spirtli ichimliklar taqiqlangan. Shu narsa ham sayyohlarni cho‘chitadi.

BOY MAMLAKATNING ShAFFQATSIZ QONUNLARI

Ha, Bruneya xalqi yuqorida ta’kidlanganidek, puldan, moddiy jihatdan sira qiynalmay yashaydi. Biroq mamlakatdagi qonunlar ham o‘ziga yetguncha shafqatsiz. Masalan, besh vaqt namoz o‘qimaslik, hijobda yurishni xohlamaslik, enagalikka musulmon bo‘lmagan ayolni ishga qabul qilish, spirtli ichimlik sotish va iste’mol qilish, Ramazon oyida jamoat joylarida ovqatlanish, ichimliklar ichish, o‘g‘irlik, xiyonat jarima, turma, qo‘l-oyog‘ini kesish, toshbo‘ron qilish kabilar bilan jazolanadi. Mamlakatning musulmon bo‘lmagan xalqlariga esa «Alloh» so‘zidan foydalanish, din masalasida bahs yuritish qat’iyan taqiqlab qo‘yilgan.
Masalan, 2015 yili sulton farmoniga asosan nasroniylarning Rojdestvo bayrami arafasida fuqarolar Santa Klaus shapkasini kiygan holda ko‘chada yurishi taqiqlab qo‘yildi. Taqiqlovni buzganlar 15 ming dollar miqdoridagi jarimaga tortildi yoki 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi…

Dunyo ekspertlari yaqindagina Bruneya iqtisodini yanada chuqur o‘rganib chiqib, bir to‘xtamga kelishibdi. Bunga ko‘ra, Bruneya neft zahirasi 2035 yilga borib tugashi va sulton inqirozga yuz tutishi mumkinligi aniqlanibdi. Tag‘in kim biladi. Barchasi yolg‘iz Yaratganning o‘ziga ayon-da!

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bruneya sultanatining hali ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan sirlari…