04:45 / 04.06.2018
7 511

Global muammo: dunyo bolalarining hayoti qanday?

Global muammo: dunyo bolalarining hayoti qanday?
Hayotimizning gullari bo‘lmish farzandlarimiz ona sayyoramizning kelajagi hisoblanadi. Biroq, globallashuv jarayoni kuzatilayotgan 21-asrda ham jahonning bir qator mamlakatlarida bolalar na o‘qish, na yozishni biladi, to‘yib ovqat yemaslik oqibatida hayotdan erta ko‘z yummoqda.

BMTning Ta’lim, Fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YuNESKO ma’lumotlariga qaraganda, bugungi kunda jahonda o‘n millionlab bolalar ta’lim olishdan mahrumligicha qolmoqda. Birgina Afrika qit’asida o‘qish va yozishni bilmaydigan odamlar soni Braziliya aholisi sonidan ko‘p ekanligi ta’kidlanadi. YuNESKO ma’lumotlariga qaraganda, bugungi kunda umumiy hisobda 85 millionga yaqin bola mutlaqo o‘qish va yozishni bilmas ekan.

Savodsizlik, o‘z navbatida, bolalarning kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki ma’lumot darajasi kishilar moddiy farovonligining muhim ko‘rsatkichidir. Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda jahonda har sakkiz nafar o‘smirdan bittasi ishsiz ekan. Tasodif tufayli ish topish baxtiga muyassar bo‘lganlar ham og‘ir sharoitlarda mehnat qilishga majbur bo‘lmoqda.

1924 yil Jenevada Millatlar Ligasining Beshinchi Assambleyasida qabul qilingan “Bolalar huquqi to‘g‘risidagi Deklaratsiya”da “bolalarga jismoniy va ma’naviy rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilishi”, “och qolgan bolaga ovqat berilishi”, “bemor bolaga tibbiy yordam ko‘rsatilishi”, “gunoh qilgan bola to‘g‘ri yo‘lga solinishi”, “yetim va uysiz bolalarga og‘ir damlarda yordam ko‘rsatilishi va boshpana berilishi”, “bola mehr ko‘rib voyaga yetishi va ekspluatatsiyaning har qanday ko‘rinishlaridan himoya qilinishi” ta’kidlanadi.

Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda bolalar muammosi o‘ziga to‘q Yevropa va Amerikada ham, Afrikada ham birdek dolzarbligicha qolmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda bolalar televizor va kompyuter qarshisiga “mixlanib” qolib, ota-onalar uchun muammo tug‘dirayotgan bo‘lsa, Afrikada bolalar ochlik, OITS, savodsizlik, ayrim hollarda qurolli to‘qnashuvlar vaqtida o‘lim bilan to‘qnash kelmoqda. Afrikada o‘lim darajasi rivojlangan davlatlarga qaraganda ikki barobar ko‘p ekan.

Shuni ta’kidlash kerakki, katta yoshdagilarning bolalarga bo‘lgan munosabatidan jamiyatning bugungi holati va darajasini bilish mumkin. BMTning Bola huquqi to‘g‘risidagi Konvensiyasida ham bolalarni himoya qilishning maxsus mexanizmlari ishlab chiqilgan. Biroq ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay ayrim davlatlarda bolalarning, shu jumladan, nogiron bolalarning konstitutsiyaviy huquqlari poymol qilinmoqda. Shu o‘rinda o‘tgan asrning 70-yillarida Kampuchiya (hozirgi Kambodja)da Pol Pot hukmronligi davrida bolalar “eskilik sarqitlarini eltuvchi” sifatida ko‘rilgan ota-onalarini bambuk daraxtining shoxlari bilan kaltaklashga majbur etilganligini qayd qilish kerak. Argentinada ham bir vaqtlar hukmron rejimga qarshi chiqqan oilalarning bolalari o‘g‘irlangan. Shotlandiyada esa semiz bolalar ota-onalaridan kuch ishlatish orqali tortib olingan.

Tahlilchilarning fikricha, yil sayin g‘arb mamlakatlarida kuch bilan ota-onalaridan tortib olinayotgan bolalar soni ortib bormoqda. Ota-onasidan xafa bo‘lgan bola ijtimoiy xizmat bo‘limiga telefonda qo‘ng‘iroq qilsa bo‘lgani, bir zumda u oiladan tortib olinadi va bolalar uylariga topshiriladi. Britaniya va Amerikalik tadqiqotchilarning so‘zlariga qaraganda, boqib olingan bolalar o‘z uylariga qaraganda ko‘proq yangi xonadonda zo‘ravonlik qurboniga aylanar ekan. Shu sababli ham savol tug‘iladi, kambag‘al oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash o‘rniga, arzimagan sabablar bilan nima uchun ularning bolalari tortib olinmoqda? Ammo bu savolga javob hozircha yo‘q. Bolalar bo‘yicha AQSh Milliy komissiyasi tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, ko‘p holatlarda bolalar arzimagan narsalar uchun va zarurat bo‘lmasa ham oilalaridan tortib olinar ekan.

Yevropada tug‘ilish eng kam deb aytilayotgan Germaniyada yuz berayotgan jinoyatlarning teng yarmi balog‘atga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgani aytiladi. Bolalarning giyohvand moddalar savdosi bilan

shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruhlar safiga kirib qolayotgani, yoki odam organlari bilan savdo qilayotganlar qo‘liga tushib qolayotgani ham ayanchlidir. Bir qator mamlakatlarda balog‘atga yetmagan bolalar jangarilar safida qo‘liga qurol olib jang qilayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, har yili 11 millionga yaqin bola besh yoshga yetmay halok bo‘lmoqda. 10 millionga yaqin bola esa jismoniy va ruhiy bemor sifatida tabiiy rivojlanishdan to‘xtamoqda. Afrikaning bir qator mamlakatlarida bolalar to‘yib ovqat yemayapti, “qora qit’a”da ochlikdan o‘layotgan millionlab bolalar ham global davrning global muammosiga aylangan. Sharqiy Afrika mamlakatlarida 12 million kishi ochlikka giriftor bo‘lgani, ularning bir millioni bolalar ekani aytiladi. Masalan, 1984 yildan beri Nigeriyada oziq-ovqat inqirozi davom etmoqda. Bu mamlakatda odamlar, shu jumladan, bolalar ham daraxt barglari va maysa-o‘tlarni yeb kun kechirishga majbur bo‘lmoqda. YuNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Afg‘onistonda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 18 foizi (bu taxminan 1 millionga yaqin bola demakdir) to‘yib ovqat yemaydi. Xalqaro tashkilot vakillari bir kunda Afg‘oniston hududlarida o‘rta hisobda 275 nafar bola vafot etayotganini ta’kidlashadi.

Voyaga yetmagan bolalarning jangovar harakatlarda ishtirok etayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Markaziy va G‘arbiy Afrikadagi mamlakatlarda istiqomat qiluvchi har o‘n boladan bittasi qandaydir qurolli guruhning kallakesari ekani aytiladi. Zamonaviy “polk o‘g‘illari” Afrikadagi bir qator mamlakatlarning “bedavo kasali” sifatida ko‘riladi. Masalan, 2008 yilda Kongo Demokratik Respublikasida harbiy bo‘linmalarning teng yarmi bolalardan tashkil etilgani aytilgan edi. Ugandada jangarilarning 70 foizini bolalar va o‘smirlar tashkil qiladi. Bu mamlakatda jangarilar tomonidan o‘g‘irlangan bolalar askarga, qizlar esa “xotinlikka” aylantiriladi. Afrika mamlakatlarida jangarilar qishloqlarga hujum qilar ekan, birinchi navbatda bolalarni o‘g‘irlab, ulardan hukumatga qarshi urushda foydalanadilar. Qochishga uringan bolalar esa o‘sha yerning o‘zida otib tashlanadi. Ayrim hollarda, o‘z xavfsizligini ta’minlash maqsadida ota-onalarning o‘zlari qo‘sh-qo‘llab farzandlarini jangarilarga topshirish holatlari ham bor.

1949 yilning noyabr oyida Xalqaro Xotin-qizlar Demokratik Federatsiyasi Kongressining qaroriga binoan ta’sis etilgan “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” (ingl. “International Children’s Day”) – 1950 yildan beri har yili 1 iyunda nishonlanadi. Bundan tashqari bolalarga bag‘ishlangan – Jahon Bolalar kuni (20 noyabrda), Afrika Bolalarini himoya qilish kuni deb nomlangan tadbirlar ham bor. BMT qaroriga binoan, 2012 yildan beri 11 oktyabrda Xalqaro Qizlar kuni nishonlanmoqda. Bolalarni himoya qilish iborasi – bolalar va voyaga yetmaganlarni muhofaza qilish hamda oila institutini mustahkamlashda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni anglatadi.

Yurtimizda bolalarni himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bolalarni har tomonlama sog‘lom, baxtiyor o‘sib ulg‘ayishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, mustaqillikning ilk kunlaridanoq Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar huquqlarini himoya qilish, barcha bolalarning tengligi va ularga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini yo‘q qilish, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini kompleks amalga oshirish bo‘yicha davlatning aniq majburiyatlari belgilab berilgan “Bolalar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Xalqaro normativ hujjat ratifikatsiya qilinar ekan, “Bolalar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaning barcha qoidalariga rioya qilish majburiyatini oldi. Undan tashqari, mamlakatimizda 2008 yil 7 yanvarda “Bolalar huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Bu hujjat milliy qonunchilikda bola huquqlarini himoya qilish sohasida muhim omil bo‘lib, mazkur qonun orqali BMT Konvensiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bola huquqlarining asosiy va qo‘shimcha kafolatlari mustahkamlandi.

Sharofiddin To‘laganov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Global muammo: dunyo bolalarining hayoti qanday?