00:04 / 08.10.2018
7 191

Imomning maniken qizi (7-qism)

Imomning maniken qizi (7-qism)
Yomondan doʻst chiqmaydi!...

Fotima otasi uning ish joyini va qanday ish qilayotganini bilgach, boradigan joyi yolgʻiz Betush xolasiniki edi. Lekin bitta mahallada yashaganlari uchun bora olmaganidan, telefon qildi xolos.

Betush xola telefonga javob berar edi:

– Yaxshi qilibsan. Qaysi zamonda yashayapmiz oʻzi? Bu zamonda imomning qizi boʻlish osonmi? Qoʻyaver, kuningni koʻrib ketasan. Qizlarimning oldiga bor. Ularga telefon qilib qoʻydim, yaxshilab kutib olishadi.
Fotima aytilgan manzilga yetib bordi.

Uyda bir ayoldan boshqa hech kim yoʻq edi. Ayol uni ochiq yuz bilan kutib oldi:

– Marhamat qizim, bu yerni uyingday koʻraver. Kelaqol, qani avval tanishib olaylik-chi? Kimsan, qayerdan kelding?

Fotima Chechak ismidan otasining xabari borligini eslab, yana yangi ism qylab topdi:

– Ismim Demet. Siznikichi?

– Meniki Rayhon, qizim sen ham manikenmisan?

– Ha, manikenman.

– Yaxshi, yaxshi, Alloh xohlasa doim manikenligingcha qolasan. Bu yerga kelganlarning baʼzilari maniken boʻldi-yu, lekin baʼzilari boshqa narsa boʻlib ketishdi.

– Alloh asrasin, men boshqa narsa boʻlmayman.

Rayhon ancha tajribali ayol edi:

– Insha Alloh boʻlmaysan-ku, lekin oʻzingga ehtiyot boʻlishing kerak. Ular oʻz yoʻrigʻiga sekin-asta solishadi. Hali or-nomusini yoʻqotmagan qizga oʻxshaysan. Oʻzingga ehtiyot boʻl, xoʻpmi? Kim qayerga taklif qilsa ketaverma. Yotogʻiga chorlay olmaganlar, avval ovqatlanishga taklif qilishadi. Oʻsha taklifning oxiri baxayr emas, bolam. Yaxshilik qilmoqchi boʻlsa, ana borsin, koʻchada qanchadan-qancha qiynalgan bolalar bor, kambagʻallar bor, oʻshalarni taklif qilsin. Yomon yoʻlga yurishni istamasang, hech kimning taklifini qabul qilma. Diskotekalarga borma. Darrov bu mavzuni ochganimning sababi, boshqalarning yoʻgʻida avval insoniylik vazifamni bajarib qolay dedim. Aroqni esa umuman ogʻzingga olakoʻrma. Ishdan uyga, uydan ishga bor.

Diniy taʼlim olmagan Rayhon xola oʻzicha fatvo ham berar edi:

– Hali yoshsan, vaqti chogʻlik qilmoqchi boʻlsang, kazinoga oʻxshagan odam gavjum joylarga bor. Mening ham senday qizim bor. Yomon yoʻlga kirishini istamayman...

Fotima Rayhon xolaning gaplarini diqqat bilan tingladi. Koʻp oʻtmay ikkita maniken qiz kelib Fotima bilan tanisha boshladi:

– Men Figoman, bu dugonam Barno.

– Men esa Demet.

– Necha yildan beri manikenlik qilyapsiz? – soʻradi Figo.

Fotima sal hijolat tortib:

– Bu ishni yaqinda boshladim, – deya javob berdi.

Figo tinmay savol berar edi:

– Uchrashib turadiganing bormi?

– Yoʻq!

– Unda oʻzim senga topib beraman.

Barnoning jahli chiqib ketdi:

– Nimaga sen topib berar ekansan? Kerak boʻlsa oʻzi topadi. Sen nima haliginaqamisan?

– Haliginaqa boʻlsam nima qipti?

Barno bu qizning gaplariga chiday olmas edi:

– Necha oydan beri mengayam shu gapni uqtirmoqchi boʻlyapsan. Endi qoʻlingdan hech narsa kelmaganidan, bu qizga yopishyapsan.

Figo bilan Barno gap talashib qolishdi. Fotima ham qayerga kelib qoldim, deya ularga tikilardi. Soʻngra Figo magnitofonni qoʻyib, raqsga tusha boshladi. Fotima esa ularga angrayib qarab qolgan edi.

Kech boʻlib qolgan, Fotimaning qochoqdagi ilk tuni edi-yu, ammo bularning hech qaysisi unga yoqmayotgan edi. Yotogʻiga yotgach, oʻylay boshladi: “Endi ozod, baxtli boʻla olarmikanman? Istaganimday yashasam, nimalarga erisha olaman? ” Bularni oʻylab birdan Fotimaning tuklari tikan-tikan boʻlib ketdi. Ammo u hammasiga qoʻl siltab yashashni maʼqul koʻrdi.

Pul-muli ham yoʻq edi-yu, yana yordamga Betush xolasi yetishdi. Ancha muncha pul berib, topganingda toʻlarsan, deya tilxat ham yozdirib oldi.

Fotima ertasiga borib oʻziga yangi kiyim-kechak sotib oldi. Yangi ish joyida boshqalardan kam boʻlmasligi kerak edi-da. Kech boʻlgach, turgan uyiga yana ikkita maniken qiz kelib joylashdi. Ular Figoning dugonalari edi. Barno esa ularni umuman yoqtirmas, ularga nafrat koʻzi bilan qarab, Fotimaning qulogʻiga shivirladi:

– Odam qayerda boʻlgan taqdirida ham odamgarchiligini yoʻqotmasligi kerak. Bular manikenmi, suyuqoyogʻmi bilib boʻlmaydi. Bizga oʻxshagan manikenlarning yomon otliq boʻlishiga sabab boʻlishadi.

Fotima eng nomusli maniken ham oyogʻini ochishi kerakligini oʻylab, mingʻirlab dedi:

– Toʻgʻri aytasan, men ilgari ishlagan joyimda ham shunaqasi bor edi.

– Manikenlar zamonning pul mashinasi boʻlib qolgan. Hamma ulardan foydalanib pul ishlab olsam, deydi. Baʼzi joylarga boshlashadi-ku, aqli boʻlganlari bormaydi. Men ham manikenman, lekin meni hech kim yoʻldan ura olmadi, unashtirilgan yigitimdan tashqari... Uning yoʻrigʻi boshqa.

Figo qizlarga:

– Qani qizlar boʻlaqolinglar, bugun kazinoga boramiz. Pop ilohini tinglaymiz, qani turinglar! – deya kutilmaganda murojaat qildi.

Barno koʻnmadi:

– Men bormayman, yigitim olib boradi.

– Turaqol, bu ahmoqqa ishonma, deb Fotimani majbur oʻrnidan turgʻazishdi.

Kazinoga yetib borishganida Fotima tinmay oʻng-chapiga qarar edi. Uni birortasi koʻrib qolsa nima boʻladi? Ular joylashib boʻlishgach, Pop qiroli sahnaga chiqdi. Qizlar oʻtirgan joylaridan raqsga tushishar, musiqa tempiga mos harakat qilishar edi. Avvaliga Fotima uyalib oʻtirdi, vaqt oʻta boshlagach, u ham musiqa tempiga moslasha boshladi. Uydan qochganining ikkinchi kuni u oʻzini juda oʻzgacha muhitda koʻrdi. Bir tarafdan xafa boʻlsa, boshqa tarafdan esa oʻsha muhitga moslashishga intilar edi.

Ertasiga Fotima juda xorgʻin holda uygʻondi. Qizlar uygʻonib, nonushta tayyorlash bilan ovora edilar. Figo Fotimaga oʻgirilib, unga xushxabar aytdi:

– Mana ishing ham hal boʻldi. Endi Damla moda uyida Gungoʻr beyning oldida ishlaysan. Ehtiyot boʻl, sal xotinbozroq. Oʻz manikenlarining birovniki boʻlishini xohlamaydi.

Fotima bunday gaplarga hali odatlanmaganidan:

– Nima men sotiladigan molmanmi? – dedi.

Figoga bu gap tegib ketdi:

– Nima biz sotiladigan molmizmi?

– Sizni bilmayman-u, lekin men unaqalardanmasman.

– Agar bu fikrlaringni oʻzgartirmasang, hech narsaga erisha olmaysan.

Bu gal Barno gapga aralashdi:

– Bu nima deganing, men-chi? Men nimaga erishgan boʻlsam, bilagimning kuchi bilan erishdim.

Yana gap talashib qolishdi. Barno mavzuni boshqa yoqqa burishga intilsa ham, Figo yana shu mavzuga olib kelar edi.

Ertasiga Fotima moda uyiga yetib bordi. Gungoʻr bey unga boshdan oyoq razm solgach:

– Mana buni kiyib menga kichkinagina moda namoyishi qiling-chi, sizni koʻrib olay, – dedi.

Fotima kiyinib chiqqach, Gungoʻr bey qarorini qabul qildi:

– Hmm... qomating ham qadam tashlashing ham juda chiroyli ekan. Ishga olaman.

Fotima ishni boshlaganiga oradan besh kun ham oʻtmagan edi hamki Gungoʻr bey unga taklif kirita boshladi:

– Demet xonim, tanishganimizni yuvib, birga tushlik qilmaymizmi?

Fotima oʻylab ham oʻtirmay, javob berdi:

– Tashakkur, lekin men hech kim bilan ovqatlangani bormayman.

Gungoʻr bey kreslosidan turib, Fotimaning oldiga keldi:

– Men hech kimmanmi? Sening boshligʻingman. Otang qatori boʻlsam.

– Katta rahmat, lekin mening qarorim qatʼiy.

– Tushunmayapman, nima sababdan axir. Biror konservator oiladanmisan deyman? Eʼtiqoding yoʻl qoʻymaydimi? Yoki yigiting bormi?

– Eʼtiqodliman, albatta.

Gungoʻr bey juda nosamimiy tarzda qahqaha urib dedi:

– Oldimda mini yubka kiyasanku, ovqatlangani bormaysanmi? Safsatangni bas qil.

Fotima shundoq ham necha kunlardan beri toʻlib yurgan edi. Oʻsha daqiqalarda birinchi marta dinga ehtiyoj sezdi. Ilgarilari foydalanmagan bilimlari hozir asqotishini his qildi.

– Nega safsata boʻlar ekan? Odamlar bir gunohni qilishayotgan boʻlsa, ketidan barcha gunohlarni qilishi kerakmi?

– Qizim, ovqatlanish qanaqasiga gunoh boʻlsin? Boʻldi qil endi savob–gunohlarni. Qaysi davrda yashayapmiz oʻzi?

– Buning zamon bilan aloqasi yoʻq. Din dindir, dinsizlik esa dinsizlik. Dinsizlik Islom dinidan foydaliroqmidiki, uni zamonamizga ep koʻryapsiz?

Gungoʻr bey hayratlanib dedi:

– Haqiqatdan ham chiroyli gap gapirding. Bu gapingni yozib, devorga osib qoʻyaman.

– Katta rahmat.

– Rahmat aytishni yigʻishtirib, qachon restoranga borishimizni aytgin.

Fotima asabiylashayotgan boʻlsa ham, bilintirmaslikka urinar edi:

– Bormaymiz, bu gapni sizga oldin ham aytganman.

– Xato qilyapsan. Men bilan yaxshi chiqishsang, oʻzingga yaxshi boʻladi. Seni butun davlatga mashhur qilib yuboraman. Qoʻl ostimda qanchadan-qancha muxbirlar ishlaydi. Xohlasang kiygan ichki kiyiminggacha mashhur qildiraman.

– Men mashhur boʻlgim kelyapti, demadim-ku.

Gungoʻr bey asabiylashib qoʻli bilan ishora qilib:

– Boʻpti, boʻpti, ketishing mumkin. Ertaga Hiltonda moda namoyishi bor. Bugun yaxshilab dam olinglar. Ertaga koʻrinishingiz joyida boʻlishi kerak. Vaqtida yetib boringlar. Namoyishdan oldin tayyorgarlik koʻrib olamiz.

Fotima ertasiga ertalabdan Hilton mehmonxonasining saloniga tusha boshladi. Bir qancha qizlarning podiumda allambalo kiyimlarni kiyib olganlarini koʻrdi. Koʻp oʻtmay ularning qatoriga oʻzi ham qoʻshildi.

Gungoʻr bey Fotimaning qoʻliga bir kiyim berib tushuntira boshladi:

– Bu kiyimni ich kiyimsiz kiyib chiqasan, juda jozibali koʻrinishing kerak.

Fotima bunday gapni birinchi marta eshitar edi. Uyalib ketgan, asabiylashib titrar edi:

– Men bunaqa kiyina olmayman.

Gungoʻr beyning jahli chiqib ketdi:

– Bu nima deganing? Sen bu yerni monastir deb oʻylayapsanmi? Manikenlikni oʻrganayotganingda bularni tushuntirishmaganmi? Bizga zamonaviy manikenlar kerak.

Fotima otasining haq ekanligini ancha oldin tan bergan edi. Zamonaviylik deganda gunoh qilishning chek-chegarasi yoʻq edi. Yoʻq qila olmagan iymoni gʻalayon qilar, juda asabiylashgan edi.

– Zamonaviy boʻlamiz deb, hamma yogʻimizni koʻrsatib yurishimiz kerakmi?

Gungoʻr bey tishlarini gʻijirlatgancha javob berdi:

– Ha, jonginam, kerak boʻlsa shunday qilishga majbursiz. Shu badaningiz boʻlmasa nima qiymatingiz bor? Jozibadorlik muhim boʻlmaganda edi, kartonlardan maniken yasab namoyish oʻtkazaverar edik.

Birozdan soʻng u yana taklifini qaytardi:

– Boʻlaqol, bizga domlalik qilmasdan borib kiyinib chiq.

Fotima nima boʻlganda ham ilmli qiz edi va qalbidagi har nechuk boʻlsa-da iymon edi. U qatʼiy qaror qildi:

– Yoʻq, bu kiyimni siz aytganday qilib oʻlsam ham kiymayman. Xaridor bizga baho beradimi yoki kiyimlargami?

Bu gal Gungoʻr bey judayam jigʻibiyron boʻla boshladi:

– Bizga maʼruza oʻqimay koʻzimdan yoʻqol. Ikkinchi qorangni koʻrsatma!

Fotima ham oʻshqirib berdi:

– Aytmasangiz ham ketaman. Sizning bozoringiz yurishsin deb oʻzimni sotishim qolgan edi.

Gungoʻr bey sal oʻziga kelib:

– Mini yubkani kiyvolib oʻzingni kim deb oʻylayapsan, tovuqmiya. Sal zamonaviyroq boʻl, zamonaviyroq.

Fotima zinalardan yuqoriga koʻtarilar ekan, oʻz-oʻziga mingʻirlab dedi:

– Endi tushundim zamonaviylikning sirini. Hatto mini yubka ham zamonaviy boʻlishga yetmas ekan.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (7-qism)